
Qozog‘istonlik Arsen Qilishbek va hindistonlik Sanskar Jeti tomonidan 2024-yil sentabr oyida asos solingan The Personal AI Company startapi Amurex.ai sun’iy intellektli shaxsiy yordamchini ishlab chiqmoqda. Ushbu AI-assistent foydalanuvchilarning ish yoki shaxsiy masalalarini hal qilishda ko‘maklashadi. Hozirda startap allaqachon videomuloqot uchun AI-yordamchini ishga tushirgan bo‘lib, u mahsuldorlikni oshirish va onlayn muloqotni soddalashtirishga xizmat qiladi.
Yaqinda Amurex.ai Londonning Entrepreneur First venchur fondidan $250 ming investitsiya jalb qildi.
– Biz ushbu startapni Entrepreneur First dasturi doirasida boshladik. Yanvar oyida investorlar oldida pitçh qildik va ular juda tez qaror qabul qilishdi. Oradan uch kun o‘tib bitim tasdiqlandi, bir hafta ichida esa shartnoma imzolanib, mablag‘ o‘tkazildi. Bu investitsiya texnologiyani takomillashtirish hamda foydalanuvchilar auditoriyasini kengaytirishga yo‘naltiriladi, – deydi startapning texnik direktori (CTO) Arsen Qilishbek.
Arsenning ta’kidlashicha, Amurex.ai – ochiq kodli (open source) yechim hisoblanadi.
– Bizning GitHub repozitoriyimizda 1900 dan ortiq yulduz mavjud. Ma’lumki, Y Combinator akseleratoridan o‘tgan ko‘plab startaplar dastur yakuniga yetganda ham 1000 yulduzga yetmaydi. Biz esa bu natijaga atigi uch oy ichida erishdik, – deydi Arsen.
Hozirda Amurex.ai jamoasi San-Fransiskoga ko‘chib o‘tgan. Aprel oyida startap Silicon Valley’ning eng nufuzli venchur investor va tadbirkorlari ishtirok etadigan Demo Day tadbirida qatnashadi. Shu bilan birga, jamoa navbatdagi investitsiya raundiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
– Hozircha aniq qancha mablag‘ jalb qilishni rejalashtirayotganimizni ayta olmayman. Ammo Entrepreneur First dasturidan o‘tgan kompaniyalar odatda $2-3 million investitsiya oladi. Masalan, yaqinda Ozarbayjonlik tadbirkor ayol $6.9 million investitsiya jalb qildi, – deydi Arsen.
Fikr bildirish