Press ESC to close

Taqdimotni muvaffaqiyatli o‘tkazishning 10 qoidasi

Har qanday g‘oya, loyiha, startapning porloq kelajagiga dastlabki qadam nimaga bogʻliq? Mablagʻga, deysizmi, aslo unday emas. Fikrlaringizni dastlab qanday taqdim etishingizga bogʻliq. Bu gʻoyangizga ishonch, investorlarni jalb qilish va zarur resurslarni olishingizga yordam beradi.

Bugun har qanday biznesmen, loyiha egalari, boʻlajak startapchilarga taqdimot davomida asqatadigan 10 ta maslahat haqida gaplashamiz.

1. Maqsadlaringizni aniqlang

Koʻpchilik taqdimot egalari qiladigan eng asosiy xato maqsadlarini qatʼiy aniqlab olmaslik. Gʻoyangiz bilan nimaga erishmoqchisiz va buni qanday amalga oshirasiz? Dastlab shu savollarga oʻzingiz javob topib oling. Soʻngra, shu maqsadga olib boradigan yoʻl, yaʼni rejangizni aniqlang, aytaylik bu sizning biznes strategiyangiz boʻladi. Ishoning, aniq maqsad, unga olib boradigan yoʻl va uzoqni koʻzlagan strategiyaga asoslangan taqdimot hammaga yoqishi aniq.

2. Oʻz hikoyangizni yarating

Taqdimotning muvaffaqiyatli oʻtishi nafaqat maqsadning kattaligi, shu bilan birga investorning hissiy holatlariga ham bogʻliq. Bu vaziyatni esa siz yarating. Oʻz innovatsion gʻoyangizning yaralishi, maqsadi haqida qiziqarli, hayotiy hikoyalar qoʻshing. Aytaylik, bolalar uchun moʻljallangan startap loyihani taqdim eta turib, oʻz farzandingiz bilan yoki bolalar bilan bogʻliq holatlarni eslash, uni aytib berish ham yaxshi usul.

Ahamiyat bering, hikoyangiz investorning qiziqishi, startap loyihangiz maqsadi doirasida boʻlishi shart. Aks holda, qovun tushirib qo‘yishingiz mumkin.

3. Investorlar guruhini tahlil qiling

Taqdimotingizni tinglaydiganlar guruhini yaxshilab oʻrganing. Investorlar, ularning kompaniyalari va maqsadlari haqida maʼlumotlarni tahlil qiling. Ularning yoshi, qiziqishi, lavozimi va ayniqsa, “tana tili” yaʼni jestlarini bilish ham foydali.

Bu ularning startapdan nimani izlayotgani haqida tasavvur beradi va yanada samarali taqdimot yaratishga imkon tugʻdiradi.

Agar siz boshlangʻich sarmoyadorlar bilan gaplashayotgan boʻlsangiz, taqdimotingizni shunga moslashtiring. Agar tinglovchilar orasida tajribali investorlar boʻlsa, maqsadingizni batafsilroq tushuntiring.

4. Vizuallikka ahamiyat bering

Slaydlaringiz vizual jihatdan jozibali va tartibli boʻlsin. Kontentingizni koʻrsatishda grafika va diagramma kabi vizual jihatdan jozibali multimedia vositalaridan foydalaning. Bu taklifingizni yanada esda qolarli qiladi, tinglovchilar tushunishini osonlashtiradi.

Maqsadingizga olib boradigan yoʻllarni aniq bandlarda koʻrsating.

Eng muhimi, taqdimotingizni oldindan mashq qiling va vaqt masalasida tartibli boʻling.

5. Tushunarli va sodda gapiring

Sizning taqdimotingiz oson tushunilishi uchun vizual vositalar tushunarli nutq bilan hamohang boʻlishi shart. Sodda gaplar, tushunarli misollardan foydalaning. Faktlar va raqamlarni keltirishda qisqalikni unutmang, juda koʻp tafsilotlar tinglovchini chalgʻitishi mumkin. Qisqa qilib aytganda “o‘tlab ketmang”. Shu sababli doim eng muhim maʼlumotlarni ajratib olib, nutqingizni shunga moslashtiring.

6. Jamoa tajribasini koʻrsating

Jamoangiz “kuchini” koʻrsatishni hech qachon unutmang. Boʻlajak sarmoyador sizning kompaniyangiz jamoasi tajribali va o‘z ishining haqiqiy ustalari ekanini koʻrishi kerak.

Har bir jamoa aʼzosining shaxsiy tajribasi va hissasini tavsiflang. Bunga taʼlim, ish tajribasi yoki tegishli kompaniyalar yoki loyihalarda bilan ishlagani misol qilib keltirilishi mumkin.

Jamoangiz mahorati siz taqdim etayotgan mahsulot yoki xizmatga qanday bogʻliqligini batafsilroq tushuntiring. Har bir jamoa aʼzosi qanday qilib noyob gʻoyalarni taklif qilishi mumkinligini koʻrsatish startap “jozibasi”ni ochib berishga yordam beradi.

7. Savollar javobsiz qolmasin

Avvalo, sohangiz bilan bogʻliq aniq muammolar va imkoniyatlarni yaxshi tushunishingizni koʻrsating. Ushbu muammolar bilan bogʻliq har qanday dolzarb savollarga, albatta, javob bering. Javoblar esa aniq va loʻnda boʻlishiga ishonch hosil qiling. Taqdimotdan oldin berilishi mumkin boʻlgan savollar roʻyxatini tuzing. Ularga javoblaringizni oldindan tayyorlab oling.

Taqdimot paytida javobingiz boʻlmagan savollar boʻlsa, ularga keyinroq albatta, toʻxtalishingizni aytib, imkon qadar taqdimot davomida fikringizni jamlab javob berishni unutmang.

8. Muzokaralarga tayyor turing

Muzokaralar startap taqdimoti jarayonining asosiy qismidir. Shuning uchun nimaga rozi boʻlishingiz va har qanday bitimdan nima olishni xohlashingizni oldindan aniq belgilab oling. Muzokaralarni boshlashdan oldin, yakuniy kelishuv borasida siz uchun eng muhimi nima ekanligini oʻylab koʻring.

9. Taqdimotdan soʻng tahlil qiling

Koʻpchilik startapchilar qiladigan xatoni takrorlamang, yaʼni, taqdimotdan soʻng oʻzingizni xuddi ish tugagandek his qilmang. Aksincha koʻproq ishlang yaʼni taqdimotdan soʻng investorlarning savollari va fikr-mulohazalarini, albatta, koʻrib chiqing. Ulardan kelib chiqib, oʻzingiz uchun kelajakda ahamiyat berishingiz shart boʻlgan narsalar boʻyicha eslatmalar yozib boring.

10. Qayta aloqaga chiqing

Taqdimotdan keyin ishni davom ettirish startapning omadli boʻlishi uchun juda muhim. Taqdimotdan soʻng, loyihani taqdim etgan odamlar bilan bogʻlanish va ularga vaqt va eʼtibor uchun minnatdorlik bildirishni unutmang.

Soʻngra fikr-mulohazalarini soʻrang, sizni ularning koʻproq tanqidiy fikrlari qiziqtirishini gap orasida bildirib keting. Kamchiliklaringizni qanday yaxshilash, maqsadga yetish borasida maslahatlarini ham soʻrang. Bu sizning konstruktiv tanqidga ochiq ekanligingizni va startapingizni toʻgʻri yoʻnalishda rivojlantirishni davom ettirishni xohlayotganingizni koʻrsatadi.

Eng muhim qoida esa, oʻzingizga doim ishoning. Ishonch bilan boshlangan harakat, aytilgan soʻz, qilingan taqdimot, boshqalarga ham ishonch beradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan