Press ESC to close

Tarmoqda virusdek tarqalayotgan Studio Ghibli uslubidagi suratlar yangi bahslarni keltirib chiqardi

2025-yil mart oyida OpenAI ChatGPT’ga yangi tasvir yaratish funksiyasini qo‘shdi. Endi foydalanuvchilar maxsus matnli so‘rovlar orqali sun’iy intellekt yordamida rasm yaratishlari mumkin. Bir lahzada internetni Ghibli uslubidagi sahnalar to‘ldirdi: sehrli o‘rmonlar oralab yurayotgan Ilon Mask yoki suzuvchi bulutlar ostida sayr qilayotgan Frodo Bagins, bular go‘yoki animatsion filmdan olingandek.

Ushbu trend tezda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashdi, minglab foydalanuvchilar Ghibli uslubidagi rasmlar yaratishni sinab ko‘rdi. OpenAI bosh direktori Sem Altman ham bu oqimga qo‘shilib, profil rasmini aynan Ghibli estetikasi asosida AI orqali yaratilgan tasvirga almashtirgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ammo ushbu yoqimli suratlar ortida sun’iy intellekt davrida san’at, mulk huquqi va mualliflik bilan bog‘liq keskin va tobora murakkablashayotgan bahslar yotibdi.

Uslub mualliflik huquqi bilan himoyalanmagan – uning ortidagi ma’lumot-chi?

Tortishuv markazida huquqiy noaniqlik mavjud. AI san’atkor yoki studiyaning uslubini takrorlaganda, bu mualliflik huquqini buzmaydimi?

Hozirgi qonunchilikka ko‘ra, aksariyat davlatlarda san’atkorning uslubi masalan, “Studio Ghibli uslubi” yoki “Van Gogh uslubi” mualliflik huquqi bilan himoyalanmaydi. Ya’ni, odamlar bevosita biror asarni ko‘chirmasa, shunga o‘xshash uslubda erkin rasm chizishi mumkin.

Ammo sun’iy intellektga kelganda, muammo faqat natijada emas. Muammo uning o‘rgatilgan ma’lumotlarida.

OpenAI’ning tasvir generatori kabi modellar millionlab rasm va matnlardan iborat ulkan ma’lumotlar to‘plamida mashq qiladi. Bu ma’lumotlarning aksariyati internetdan olingan va ichida mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallar, jumladan, Ghibli filmlarining kadrlari ham bo‘lishi mumkin. Agar bu suratlar ruxsatsiz modelni o‘rgatishda ishlatilgan bo‘lsa, demak, sun’iy intellekt himoyalangan ishlar asosida Ghibli uslubini “o‘rganib” olgan bo‘lishi mumkin.

Neal & McDevitt yuristlik firmasi mutaxassisi Evan Braunning aytishicha, uslubning o‘zi mualliflik bilan himoyalanmasa-da, mashq qilish jarayoni mualliflik huquqini buzgan deb baholanishi mumkin, ya’ni u litsenziyasiz ma’lumotlarga asoslangan bo‘lsa. Ayniqsa, sun’iy intellektning natijalari originalga juda o‘xshab ketsa, bu muammo jiddiy huquqiy oqibatlarga olib keladi.

Ijodkorlar qarshi

Ijodiy soha vakillari AI platformalarining mualliflik bilan himoyalangan asarlarni ruxsatsiz va haq to‘lamasdan ishlatishiga qarshi qat’iy norozilik bildirmoqda. Yaqinda 400 dan ortiq rassom, yozuvchi va kinorejissyor AQSh qonunchilariga murojaat qilib, sun’iy intellekt kompaniyalarini o‘z modellari mashq qilayotgan asarlar uchun litsenziya olishga majbur qilishni so‘radi.

Gollivud aktyorlari, musiqachilar va yirik nashriyotlar ham bu kurashga qo‘shilgan. Yil boshida The New York Times OpenAI va Microsoft’ga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi, ularning kontenti ChatGPT’ni mashq qilishda ruxsatsiz ishlatilganini ta’kidlandi.

Tasviriy san’at ustalari uchun bu juda muhim masala. Agar AI sizning uslubingizga o‘xshash, hattoki sizning ishlaringiz asosida o‘rgangan asarlarni yaratadigan bo‘lsa, qanday qilib o‘z brendingiz, uslub va ijodiy faoliyatingizni himoya qilasiz?

Studio Ghibli bu virusli trend haqida hozircha izoh bermagan, ammo o‘xshash studiyalar ilgari o‘z uslublarining va obrazlarining AI loyihalarida ruxsatsiz ishlatilishini tanqid qilgandi.

Sun’iy intellekt asrida san’at taqdiri nima bo‘ladi?

Ghibli uslubidagi tasvirlar internetda ko‘tarilgan oddiy to‘lqin emas, bu bizni kutayotgan katta tendensiyalarning boshlanishi. AI vositalari endi nafaqat fakt va tasvirlarga, balki haqiqiy rassomlarning ijodiy yo‘nalishlariga ham taqlid qila boshladi. Endi foydalanuvchilar atigi bir nechta so‘z orqali mashhur ijodkorlarning ishlariga o‘xshash vizuallarni yaratishi mumkin, buning uchun dizayner yollash, litsenziya sotib olish yoki asl muallifni tilga olish shart emas.

Bunday texnologiyani qo‘llab-quvvatlovchilar bu vositalar ijodkorlikni demokratlashtirayotganini aytadi, ya’ni hech qanday san’at bilimisiz ham orzularingizni jonlantira olasiz. Ammo tanqidchilar fikricha, bu holat haqiqiy rassomlar mehnatini qadrsizlantiradi, ularning asarlari hech qanday ruxsatsiz algoritmlar tomonidan taqlid qilinadi.

Bu esa xavotirli savolni yuzaga keltiradi: agar AI sevimli rassomingiz ishiga juda o‘xshash tasvirni bir necha soniyada yaratib bera olsa, asl rassomning o‘zi qanday ahvolda qoladi?

Endi nima bo‘ladi?

Qonunchilik hali bu texnologiyalarga to‘liq moslashganicha yo‘q. Ammo jarayon tez sur’atda ketmoqda. Hozirda bir nechta sud jarayonlari olib borilmoqda: AI modellarini mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallar asosida ruxsatsiz o‘qitish “adolatli foydalanish” hisoblanadimi yoki huquqbuzarlikmi?

Shu orada OpenAI kabi kompaniyalar tobora kuchayib borayotgan bosim ostida qolmoqda: ular modellariga qanday ma’lumotlar yuklanayotganini oshkor qilishlari va AI san’atni ekspluatatsiya qilmasdan, balki uni himoya qiluvchi vosita bo‘lishini ta’minlashlari kerak.

Rassomlar, kinostudiyalar va qonunchilar esa yaxshiroq litsenziyalash tizimlarini, aniqroq mualliflik ko‘rsatmalarini va AI o‘qitish ma’lumotlar bazalaridan o‘z ishlarini chiqarib tashlash huquqini talab qilishmoqda.

Xulosa

“Studio Ghibli” uslubidagi mashhur trend AI texnologiyalarining sevimli uslublarni mukammal darajada taqlid qila olish salohiyatini ko‘rsatib berdi. Ammo bu hodisa raqamli davrda innovatsiya va mulkchilik o‘rtasidagi chuqur ziddiyatni ham fosh etdi.

AI orqali yaratilgan kontent tobora murakkab va keng tarqalib borar ekan, jamiyat bitta asosiy savolga javob topishi kerak bo‘ladi: ilhom va taqlid o‘rtasidagi chegara qayerda va uni kim belgilaydi?

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan