Press ESC to close

Tayler Denk o‘zining AI klonini yaratdi — endi obunachilar u bilan  suhbatlasha oladi

Tez sur’atda o‘sib borayotgan Beehiiv yangiliklar platformasi asoschisi Tayler Denk yaqinda o‘z auditoriyasi uchun noodatiy yechimni taqdim etdi: u sun’iy intellekt asosida yaratilgan o‘zining raqamli kloni – DenkBotni ishga tushirdi. Delphi nomli AI startapi tomonidan yaratilgan ushbu klon Taylerning ovozi, uslubi, fikrlash tarzini o‘zida aks ettirib, haqiqiy odam kabi muloqot qila oladi.

Bu shunchaki qiziqish uchun qilinmagan, balki biznes olamida kengayib borayotgan bir trendning ifodasi.

DenkBot nima?

DenkBot — bu Tayler Denk yaratgan deyarli barcha kontentlari, jumladan maqolalari, podkastlari, ijtimoiy tarmoq postlari, hatto Beehiiv’ning texnik yordam hujjatlari asosida o‘qitilgan sun’iy intellekt botidir. Endilikda  Taylerning shaxsiy axborot byulleteni Big Desk Energy (BDE) obunachilari DenkBot orqali eski materiallarni varaqlamasdan maslahatlar, tahlillar va javoblarni bevosita olishlari mumkin.  

G‘oya oddiy, ammo kuchli: bilimga kirishni soddalashtirish, shaxsiy aloqani chuqurlashtirish va vaqt resurslarini samarali boshqarish.  

Delphi – texnologiyaning asosiy ijodkori

DenkBot’ning texnologik asosi — Delphi nomli sun’iy intellekt startapi bo‘lib u shaxsiy AI klonlar yaratishga ixtisoslashgan. U odamlarning matn, ovoz, video va boshqa materiallari asosida ularning raqamli versiyasini ishlab chiqadi. Bu klon nafaqat muloqot qila oladi, balki foydalanuvchining o‘rniga savollarga javob beradi va yordamchi sifatida faoliyat yuritadi.

Delphi bosh direktori Dara Ladjevardian aytishicha, bu texnologiyadan ayniqsa biznes yetakchilari foyda ko‘radi. Ular o‘z nutqlari, hujjatlari va trening materiallarini yuklaydi – natijada klon yangi xodimlarga yo‘l ko‘rsatadi yoki mijozlar savollariga javob beradi. Dara ham o‘zining AI klonidan yordamchi sifatida foydalanadi. Kimdir klon bilan suhbatlashib, o‘zini masalan, AI muhandisi, startap asoschisi yoki murabbiy sifatida tanishtirsa — Ladjevardian bu haqda darhol xabarnoma oladi. Bu usul orqali u suhbatda bevosita ishtirok etmagan bo‘lsa-da, kelajakdagi mijozlar, hamkorlar va ishchilarni kuzatib boradi.

Faqat taqlid emas — balki nazorat ham

Odamning shaxsiy ovozi va tafakkurini ko‘chirish oson emas. Shu bois Delphi o‘z klonlarining haqiqatdan chetga chiqmasligi uchun kuchli nazorat mexanizmlarini – “hallucination guardrails” (fantaziyaga berilishni cheklovchi mexanizmlar) ishlab chiqqan. Foydalanuvchi hatto klonning “ijodiy darajasi”ni ham belgilashi mumkin.

  • Past ijodiylik darajasi: bot faqat asl materialga qat’iy amal qiladi.
  • Yuqori daraja: bot odam ohangida erkinroq javoblar beradi, lekin xatolik xavfi ortadi.

Har ikkala holatda ham, real shaxs xatoni tuzatish yoki klonni qo‘shimcha o‘qitish huquqiga ega.

Asoschilardan mashhurlargacha

Sun’iy intellekt yordamida inson klonlarni yaratish tendensiyasi tobora ommalashmoqda. 2024-yilda MasterClass platformasi foydalanuvchilarga Mark Cuban va Gordon Ramsay kabi mashhurlar bilan AI orqali muloqot qilish imkoniyatini taqdim etdi. Hatto Le Pain Quotidien qahvaxonalar tarmog‘i ham asoschisi Alen Kumonning sun’iy intellektli versiyasini yaratdi.

Bu esa qiziqarli savollarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, Google yaqinda bu haqida ilmiy maqola chop etdi: agar AI klon o‘z inson yaratuvchisidan uzoq umr ko‘rsa, nima bo‘ladi? Olimlar bunday raqamli mavjudotlarni “generativ ruhlar” (generative ghosts) deb atashmoqda.

Kontent kelajagi — Bu suhbatdir

Tayler Denk uchun bu faqat texnologik o‘zgarish emas – bu kontent tarqatishning butunlay yangi bosqichi. Uning fikricha, blog postlarini varaqlab yoki eski xatlarni izlab o‘tirish davri yakuniga yetdi. Delphi kabi vositalar orqali kontent mualliflari o‘z ovozlarini interaktiv, doimiy faol va foydalanuvchiga mos shaklda taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Garchi Beehiiv va Delphi o‘rtasida hali rasmiy hamkorlik e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, bu texnologiyadan foydalanish yo‘nalishi aniq: shaxsiy AI klonlar – bu kontent yaratuvchilar, asoschilar va o‘z auditoriyasi bilan yaqin aloqada bo‘lishni istagan mutaxassislar uchun brendining yangi bosqichi bo‘lishi mumkin. Doim mavjud, doim tayyor va doim muloqotda.

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan