
Tesla yangi turdagi inqirozga duch kela boshladi, bu safar muammo dasturiy ta’minot yangilanishlari yoki yetkazib berishdagi kechikishlarda emas. Wall Street’ning taniqli tahlilchisi Den Ayvsning fikricha, kompaniyaning so‘nggi sotuvlaridagi pasayish ishlab chiqarishdagi uzilishlar bilan emas, balki bosh direktor Ilon Maskning bahsli siyosiy roli bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ilon Mask va DOGE mojarosi
Ilon Mask hozirda dunyo yetakchi tadbirkorlaridan biri bo‘lsa-da, uning Davlat samaradorligini oshirish departamenti (DOGE) bilan bog‘liq faoliyati jiddiy tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Ilgari texnologiya va innovatsiyalar sohasida hurmatga sazovor shaxs sifatida ko‘rilgan Mask bugungi kunda tobora siyosiy qarashlari bilan e’tiborni tortmoqda. Shuningdek, u bilan yaqin aloqador bo‘lgan Tesla ham bu bosimni his qilmoqda.
Wedbush Securities tahlilchisi Den Ayvsning ta’kidlashicha, 2025-yilning birinchi choragida Teslaning yetkazib berish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan taxminan 7% ga kamayishi mumkin. Unga ko‘ra, bu pasayishning sababi faqat bozordagi raqobat emas, balki Maskning siyosiy faolligi hamdir. “Ilon hozirda bahslar markazida turibdi,” — deydi Ayvs. “Tesla endi oddiy avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyadan siyosiy ramzga aylanib bormoqda, bu esa ayrim xaridorlarni uzoqlashtirmoqda.”

Sevimli elektromobil brendidan ommaviy tanqidlar markazigacha
Ilon Maskning qarashlaridagi o‘zgarishlar endi faqat nazariy darajada emas — buni ko‘chalarda ham kuzatish mumkin. AQSh va Yevropaning ayrim hududlarida norozilik bildirganlar Tesla salonlari oldida to‘planib, Maskni o‘z ta’siridan siyosiy maqsadlar yo‘lida foydalanayotganlikda ayblamoqda. Ayrim Tesla avtomobillari vandalizmga uchragan: mashinalar bo‘yalgan yoki ularning g‘ildiraklari teshib ketilgan. Bu holat jamiyatda salbiy taassurot uyg‘otish bilan birga, statistik ma’lumotlar bilan tasdiqlanmoqda.
Yevropada, xususan Fransiya va Shvetsiyada Teslaga bo‘lgan talab keskin kamaygani aytilmoqda. AQSh va Xitoy kabi eng yirik bozorlarda esa Tesla sust o‘sish sur’atlari bilan harakat qilmoqda – bu ikki bozorda xaridorlar soni sezilarli darajada pasaygan.
Tesla inqirozi
Dan Ayvs bu vaziyatni Teslaning eng jiddiy muammolaridan biri sifatida baholaydi. Uning fikricha, kompaniya hozir muhim qaror oldida turibdi: u Maskning shaxsiy brendi bilan chambarchas bog‘liq holda davom etadimi yoki mustaqil imidjga ega bo‘lib, o‘z yo‘lini tanlaydimi? “Ilon hozirgi holatda kompaniyaning obro‘siga soya solmoqda. Agar u o‘zini shovqin- suronlardan ajrata olmasa, bu Teslaning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi,”- deydi Ayvs. “Aks holda, kompaniya mustahkam brend sifatida rivojlanishda davom etadi va qisqa muddatli salbiy ko‘rsatkichlarni yengib o‘tishga qodir bo‘ladi”.
Ushbu inqiroz ayniqsa 2025-yilning notekis boshlanishi fonida xavfli tus olmoqda. Kompaniya Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining kuchayib borayotgan raqobati, tartibga soluvchilarning nazorati va elektr avtomobillariga nisbatan iste’molchilarning qiziqishi pasaygani (xarajatlar va foiz stavkalari oshishi) kabi muammolarga duch kelmoqda.

Keyingi qadam
Yillar davomida Tesla faqat innovatsiyalar bilan emas, balki Ilon Maskning shaxsiy xarizmasi bilan ham kuch olib kelgan. Endi esa aynan shu shaxsiy brend kompaniyani pastga tortayotgandek tuyulmoqda. Investorlar ishonchi susaygan, xaridorlar esa bo‘linib ketgan bir paytda, kompaniya har bir qadamini ehtiyotkorlik bilan bosishi kerak. Tesla elektr avtomobillar bozorida yetakchilikni saqlab qola oladimi yoki Maskning siyosiy ambitsiyalari uning sur’atini izdan chiqara oladimi — buni vaqt ko‘rsatadi.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish