
Silikon vodiysida kelajak shunchaki tasavvur qilinmayapti – uni dunyodagi eng qudratli texnologik milliarderlar faol shakllantirmoqda. Sem Altman, Ilon Mask va Jeff Bezos kabi tadbirkorlar nafaqat innovatsiyalarning navbatdagi to‘lqinini yaratmoqda, balki insoniyatni tub texnologik o‘zgarishlar sari yo‘naltirishmoqda. Biroq, ilmiy yozuvchi va astrofizik Adam Bekkerning fikricha, bu shuhratparastlik bilan to‘la reja juda katta xavf tug‘diradi.
O‘zining “More Everything Forever: AI Overlords, Space Empires, and Silicon Valley’s Crusade to Control the Fate of Humanity” nomli yangi kitobida Bekker shunday deydi: bu texnologik gigantlar “texnologik najot” deb ataluvchi mafkurani ilgari surmoqda – ya’ni texnologiya har qanday muammoni, jumladan o‘limni ham hal qila oladi degan qat’iy ishonchga asoslangan dunyoqarash.
Bu tasavvurlar global inqirozlarni hal etish uchun sun’iy superintellektni yaratish, inson ongini mashinalar bilan uyg‘unlashtirish, Marsni o‘zlashtirish va sivilizatsiyani koinot bo‘ylab yoyishni o‘z ichiga oladi. Bu g‘oyalar ilmiy fantastikaga o‘xshasa-da, Bekkerning ta’kidlashicha, ular amalda real dunyodagi qarorlarni boshqarib, potentsial xavfli oqibatlarga olib kelmoqda.
“Yaltiroq so‘zlar ortida, – deb yozadi Bekker, – ko‘pincha chuqurroq maqsadlar – foyda, hokimiyat va jamiyat oldidagi mas’uliyatdan qochish yotadi.”
U bu dunyoqarashni o‘zaro bog‘liq mafkuralar majmuasiga bog‘laydi: transgumanizm, uzoq muddatli fikrlash, samarali altruizm, tezlashtirishga intilish va futurist Rey Kurzweil tomonidan ommalashtirilgan Yagonalik tushunchasi. Garchi ohang jihatidan farqli bo‘lsa-da, ularning asosiy g‘oyalari bir xil: jismoniy cheklovlardan xalos bo‘lish, texnologiyalarning tez sur’atda rivojlanishi va kelajak imkoniyatlarini bugungi voqelikdan ustun qo‘yishning axloqiy zaruriyati.
Bekker ta’kidlashicha, bu g‘oyalarning ko‘pchiligi muammoli tarixga ega. Transgumanizmni dastlab mashhur yevgenist Yulian Xaksli ommalashtirgandi. Mark Andreessen singari ayrim texnologiya yetakchilari avtoritarizm va fashizm bilan aloqador XX asr boshlaridagi futuristik bayonotlarga murojaat qilishgan. Bekker shunday yozadi: “Boylik va hokimiyat bir joyda to‘planganda, ko‘pincha qarshilik kam bo‘ladi va yomon g‘oyalar to‘siqsiz rivojlanib ketishi mumkin.”
U, ayniqsa, Rey Kurzweilning “Tezlashuvchi qaytimlar qonuni” deb ataluvchi g‘oyasini tanqid qiladi. Bu nazariyaga ko‘ra, texnologiyalar vaqt o‘tishi bilan nafaqat rivojlanadi, balki borgan sari tezlashib boradi. Har bir yutuq yangi, yanada tez rivojlanishni boshlatadi. Ushbu qarash Silikon vodiysida keng tarqalgan bo‘lib, tez orada superintellekt yuzaga keladi degan taxminlarga asos bo‘lmoqda.
Biroq, Bekkerning fikricha, bu qarash noto‘g‘ri. U bu qarash Mur qonuni kabi tarixiy tendensiyalarni noto‘g‘ri talqin qilishini ta’kidlaydi. Mur qonuni – Intel asoschisi Gordon Mur tomonidan 1965-yilda kuzatilgan hodisa bo‘lib, unga ko‘ra kompyuter chipidagi tranzistorlar soni har ikki yilda taxminan ikki baravar ko‘payib, kompyuterlarni tezroq va arzonroq qiladi. Bu tendensiya o‘nlab yillar davomida kuzatilgan bo‘lsa-da, Bekker uning tabiat qonuni emas, balki ongli qarorlar va texnologiya sanoatining ulkan sarmoyalari natijasi ekanligini ta’kidlaydi. Hozirgi kunda esa hatto Mur qonuni ham sekinlashmoqda.
Bekker qisqacha shunday xulosa qiladi: cheksiz eksponensial taraqqiyotga ishonish – haqiqatdan ko‘ra xayolparastlikka yaqin. “Bu jozibali hikoya”, – deydi u, “ammo u haqiqatga asoslanmagan”.
Bekkerning fikricha, xavf nafaqat bu milliarderlarning manmanligida, balki jamoatchilik passivligida ham yotadi. Bu ertaklar o‘zining o‘lmaslik, tartib va kelajakni bilish haqidagi va’dalari bilan xaotik dunyoda keng tarqalgan tashvishlarga murojaat qiladi. “Ular nazoratni yoki hech bo‘lmaganda uning illyuziyasini taklif qiladi,” deydi u.
Biroq, bu texnokratik qarash ko‘pincha bugungi kunning dolzarb muammolarini e’tibordan chetda qoldiradi: atrof-muhitning yemirilishi, ijtimoiy tengsizlik va demokratiyaning orqaga ketishi. Bekkerning ta’kidlashicha, uzoq, taxminiy kelajakka e’tibor qaratish orqali texnologiya sohasidagi elita resurslar va e’tiborni hozir biz duch kelayotgan haqiqiy, hal qilinishi mumkin bo‘lgan inqirozlardan chalg‘itish xavfini tug‘diradi.
Bekker buning yechimi sifatida tanqidiy fikrlash va fuqarolik mas’uliyatini ilgari suradi: “Silikon vodiysi o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida deyarli hech qanday javobgarliksiz faoliyat yuritdi. Bu davr tugamoqda. Biz ularning g‘oyalarini shubha ostiga olishimiz va innovatsiyalar faqat milliarderlarning xayoliy orzulariga emas, balki jamoatchilik manfaatlariga xizmat qilishini talab qilishimiz kerak.”
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish