Press ESC to close

Har qanday saytga API kuchini beruvchi startap: Deck 12 mln dollar investitsiya oldi

Bank ilovalaridagi “Plaid” sizga tanishmi? Endi tasavvur qiling: shunga o‘xshash texnologiya, lekin butun internet uchun. Yangi startap — Deck aynan shuni yaratmoqda.

Kanadalik startap Deck, 2024-yil iyunida ishga tushganiga hali bir yil bo‘lmasidan, 12 mln dollar miqdorida Series A investitsiya oldi. Shu bilan kompaniyaning umumiy jalb qilgan sarmoyasi 16,5 mln dollarga yetdi.

Maqsad: Har qanday akkauntni ulab, strukturalangan ma’lumotga aylantirish

Deck foydalanuvchidan ruxsat olib, har qanday veb-saytdan kerakli ma’lumotni avtomatik tarzda yig‘adi. Fikr oddiy: sizda mavjud bo‘lgan, ammo saytlarda “qamalib qolgan” ma’lumotlar sizning qo‘lingizda bo‘lishi kerak.

Bosh direktor Yves-Gabriel Leboeuf ta’kidlaydi:

“Plaid qanday qilib bank ilovalari uchun qulay APIlar yaratgan bo‘lsa, biz ham e-commerce, kommunal xizmatlar, HR platformalar va hatto hukumat saytlariga shunday imkoniyat bermoqchimiz.”

AI agentlar — siz o‘rniga login qiladi

Deck AI yordamida foydalanuvchi akkauntiga kiradi, kerakli sahifalarga o‘tadi va ma’lumotni oladi — inson kabi, faqat tezroq va ishonchliroq. So‘ng esa bu jarayon avtomatlashtiriladi va keyingi safar uchun script yaratib qo‘yiladi.

Bu texnologiya orqali kompaniyalar API bo‘lmagan joylarda ham avtomatlashtirilgan ma’lumot yig‘ish imkoniga ega bo‘ladi.

“Plaid for Canada” asoschilaridan yangi loyiha

Deck asoschilari ilgari “Flinks” degan startapni yaratgan — bu kompaniya 2021-yilda Kanadaning National Bank’i tomonidan $140 mln evaziga sotib olingan.

Shundan so‘ng, ular turli sohalardagi tadbirkorlar bilan suhbatlashib, bitta muammoni qayta-qayta eshitishdi:

“Ma’lumotlarimiz bor, ammo ularga kira olmayapmiz.”

Shu muammo sabab Deck paydo bo‘ldi.

Global miqyosda o‘sish

Deck allaqachon 40 dan ortiq mamlakatdagi 100 mingdan ortiq kommunal xizmat provayderlariga ulanmoqda. Mijozlari orasida — EnergyCAP, Greenly, Quadient va boshqalar. Shu bilan birga, musiqiy royalti, savdo zanjiri, taom tarqatish kabi noan’anaviy sohalardagi kompaniyalar bilan ham ishlashni boshlagan.

Texnologiya va etik yondashuv

Deck faqat foydalanuvchining aniq roziligi bilan ishlaydi. Ular aytishicha, bu yondashuv ochiq ma’lumot siyosati va dunyo bo‘ylab rivojlanayotgan “open data” qonunchiliklariga mos keladi.

Kompaniya ma’lumotlarni model o‘rgatishda ishlatmaydi — hozircha e’tibor faqat to‘plash jarayonining o‘ziga qaratilgan.

Deck endi 30 nafar xodimga ega va tez orada yangi data vertical creator xizmatini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu har qanday sohadagi dasturchilar uchun tezda o‘ziga mos data yig‘ish vositasini yaratishga yordam beradi.

Investorlar fikri

Infinity Ventures asoschisi Jeremy Jonker:

“Deck ochiq banking qanday moliyaviy axborotga inqilob kiritgan bo‘lsa, xuddi shunday yondashuvni boshqa sohalarga olib kiryapti.”

Yangi raundda Intact Ventures, Better Tomorrow Ventures, Golden Ventures va Luge Capital ham ishtirok etdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan