
TikTok Yevropa Ittifoqida navbatdagi yirik xavfsizlik mojarosining markaziga aylandi.
Irlandiya ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi kompaniyani Yevropa foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini Xitoyga noqonuniy ravishda uzatgani va shaffoflik siyosatini buzgani uchun 530 million yevro miqdorida jarimaga tortdi. Bu raqam regulyator tomonidan berilgan eng yirik uchta jarimadan biri hisoblanadi.
Nega TikTok jazolandi?
Irlandiya regulyatori TikTok’ning 2020–2022-yillar oralig‘idagi faoliyatini o‘rgangan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra:
- Kompaniya yevropalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini Xitoyga o‘tkazgan, biroq bu haqda foydalanuvchilarni xabardor qilmagan;
- Xitoydagi qonunchilik sababli ushbu ma’lumotlar ustidan nazorat va xavfsizlik ta’minlanmagani aniqlangan;
- 485 mln yevro ma’lumotlarni ruxsatsiz uzatish,
- 45 mln yevro esa shaffoflik yetishmasligi uchun belgilangan.
TikTokning javobi
TikTok komissiya qaroriga nisbatan qat’iy norozilik bildirdi va to‘liq hajmda apellyatsiya berishini ma’lum qildi. Kompaniya, o‘z bayonotida, foydalanuvchilarning maxfiyligi ustuvor ekanini ta’kidlagan bo‘lsa-da, regulyator buni yetarli deb topmadi.
Global kontekst: texnogigantlar va ma’lumot suvereniteti
Bu jarima Yevropaning texnologik kompaniyalarga nisbatan kuchayib borayotgan talabchan pozitsiyasini ko‘rsatadi. Avvalroq:
- Meta – 1,2 mlrd yevro,
- Amazon – 746 mln yevro miqdorida jazolangan edi.
Ayni paytda Apple va Meta kompaniyalari ham antimonopoliya tergovlari doirasida jarimaga tortilishi mumkin.
Pivot uchun izoh
TikTok holati Yevropa Ittifoqining axborot suvereniteti, foydalanuvchi ma’lumotlari xavfsizligi va texnologik mustaqillik borasidagi strategik yondashuvini yana bir bor tasdiqlaydi. Raqamli xizmat ko‘rsatuvchilar endilikda nafaqat texnologiya, balki siyosiy va huquqiy majburiyatlarni ham e’tiborga olishlari kerak bo‘ladi. TikTok’ning apellyatsiya jarayoni esa Yevropaning texnologik regulyatsiyasi uchun muhim sinovga aylanishi mumkin.
Fikr bildirish