
Tojikiston sanoat va innovatsiyalar vaziri Sherali Kabirning soʻzlariga koʻra, mamlakat sunʼiy intellekt (AI) va mikrochip texnologiyalarini rivojlantirishda jahon yetakchilaridan biriga aylanishni rejalashtirmoqda. “Beshinchi sanoat inqilobi aynan Tojikistonda boshlanadi. Mamlakatimiz nafaqat tabiiy resurslarga, balki sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha strategik qarashga ham ega”, – dedi u yaqinda jurnalistlarga bergan intervyusida.
Vazir bu prognozini Tojikistonning IT sanoati uchun zarur boʻlgan elementlar, nodir yer metallar va minerallarga boyligi bilan asoslagan. U shuningdek, Nvidia va OpenAI kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar mamlakat bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirayotganini taʼkidlagan.
Biroq mutaxassislar bunday bayonotlarni real voqelik bilan mos kelishiga shubha bilan qaramoqda. Tojikiston hozirda rivojlangan IT infratuzilmasiga ega emas, shuningdek, innovatsion rivojlanish borasida tajriba toʻplagan mamlakatlar qatoriga kirmaydi.
Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan chop etilgan World Intellectual Property Indicators 2024-hisobotiga koʻra, 2023-yilda Tojikistonda birorta ham patent arizasi topshirilmagan.
Shuningdek, mamlakatda taʼlim tizimi ham jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Jahon banki tomonidan tayyorlangan soʻnggi hisobotga koʻra, “Tojikistondagi koʻplab korxonalar malakali kadrlarning yetishmovchiligi tufayli mahalliy va mintaqaviy bozor talablarini qondirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu, asosan, universitetlardagi eskirgan oʻquv dasturlari, professor-oʻqituvchilarning malaka darajasi, jihozlar va texnologiyalarning zamonaviy talablar darajasida emasligi bilan bogʻliq”, – deyiladi tahlilda.
Jahon bankining boshqa bir tadqiqotiga koʻra, Tojikistonda ikkinchi sinf oʻquvchilarining atigi 55 foizi va toʻrtinchi sinf oʻquvchilarining 41 foizi minimal oʻqish standartlariga javob bera oladi xolos.
Mazkur maʼlumotlar mamlakatning texnologik rivojlanishi va sunʼiy intellekt sohasida global yetakchiga aylanish istiqbollari borasida qator savollarni yuzaga keltirib chiqarmoqda.
Zuhraxon Mansurova
Fikr bildirish