
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamlashtirish jarayoni jadal rivojlanmoqda. Yirik korxonalar qatori, kichik va o‘rta biznes vakillari ham raqamli yechimlarsiz raqobatbardosh bo‘la olmaydi. Ana shunday sharoitda bozorda o‘ziga xos, samarali va qulay yechim taklif qilgan startaplardan biri — Alipos.
2023-yilda ish faoliyatini boshlagan bu startap qisqa vaqt ichida O‘zbekistonning umumiy ovqatlanish sohasi uchun muhim texnologik yechimga aylanishga ulgurdi.
G‘oya qanday tug‘ilgan?
Alipos startapi uch nafar samarqandlik mutaxassis — Muhammad Ali Akbarov, Komil Hamidov va Jonibek Miralimov tomonidan ishlab chiqilgan. Ular o‘z sohasidagi chuqur tajriba va bilimlarni birlashtirgan holda mahalliy bozorga moslashtirilgan, samarali POS (Point of Sale) tizimini yaratdilar.

- Muhammad Ali Akbarov — 8 yillik IT tajribasiga ega, backend (Python), frontend (React) va mobil ishlab chiqish (React Native) bo‘yicha yuqori malakali dasturchi.
- Komil Hamidov — NET (C#) texnologiyasi bo‘yicha tajribali dasturchi. U “Agromir” va “UZBAT” kabi yirik korxonalar uchun avtomatlashtirish loyihalarida ishtirok etgan.
- Jonibek Miralimov — 7 yillik menejment va startap boshqaruvi tajribasiga ega, kompaniyaning direktoridir. U savdo, marketing va umumiy strategiya uchun mas’ul.
Dastlab autsorsing loyihasi sifatida boshlangan Alipos tez orada o‘zining katta salohiyatga ega ekanini ko‘rsatdi. Bu holat asoschilarni mustaqil mahsulot ishlab chiqish va uni bozorda joriy etish qaroriga olib keldi.
“Alipos” nomi Muhammad Ali Akbarovning ismiga va POS (Point of Sale) so‘zining qisqartmasiga asoslangan. Bu mahsulotning kim tomonidan va nima maqsadda yaratilganini aniq ifodalaydi.
Dastlabki qiyinchiliklar
Mahsulotni ishlab chiqish jarayonida jamoa bir necha bor texnik muammolar va noto‘g‘ri arxitektura sababli tizimni boshidan yaratishga majbur bo‘ldi. Biroq, aynan shu sinovlar jamoaning tajribasini yanada oshirdi. Moliyalashtirish bosqichida hech qanday tashqi sarmoya jalb qilinmagan — startap to‘liq asoschilarning shaxsiy mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi. Autsorsing orqali yaratilgan MVP (Minimal Viable Product) esa ishni tezlashtirdi va startapga muhim tayanch vazifasini bajardi.
Alipos – zamonaviy POS tizimi
Alipos — bu POS tizimi ko‘rinishidagi SaaS (Software as a Service) mahsuloti. Restoranlar, kafelar va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun bir nechta alohida dastur o‘rniga yagona, integratsiyalashgan platforma taklif etadi.
Asosiy funksiyalar:
- Hisob va kassa nazorati
- Ombor boshqaruvi
- Foydalanuvchi statistikasi va LTV
- Moliyaviy tahlil va hisobotlar
- Oflayn rejimda ishlash imkoniyati
- 24/7 texnik yordam
- O‘rnatish va o‘rgatishda maksimal moslashuvchanlik

Mijozlar eng ko‘p duch keladigan muammo bu – yuqori daromadga qaramay past foyda. Nazorat yetishmasligi, samarasiz jarayonlar va xatoliklar buning natijasidir. Alipos bu muammoni avtomatlashtirish, markazlashtirish va tahliliy vositalar orqali hal etadi.
Bozor, monetizatsiya va raqobat
Alipos hozirda Growth Stage bosqichida. Kompaniya har bir mijozdan $200 miqdoridagi bir martalik joriy etish to‘lovini oladi, so‘ngra esa abonent to‘lovlari asosida ishlaydi. Tarif rejalar xizmat hajmiga qarab belgilanadi.
Alipos’ning qanday afzalliklari bor?
· Mijoz korxonasida tizimni tez va soddalik bilan o‘rnatadi;
· Har bir mijozning ehtiyojiga mos xodimlarni individual tarzda o‘qitadi;
· Bu jarayon moslashuvchan, ya’ni mijozga qulay va tezkor bo‘lishi ta’minlanadi.
Kelgusi rejalar
Alipos yaqin yillarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya bozorlariga chiqishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, Yevropa va AQSh bozorlarida ham faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda.
Bu esa interfeysni ko‘p tillarga tarjima qilish, mahsulotni mahalliy qonunchilik va soliq tizimlariga moslashtirish, hamda madaniy farqlarni hisobga olishni talab qiladi. Yaqin vaqt ichida ovqat yetkazib berish logistikasida innovatsion yechim bozorga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Alipos hech qanday inkubatsiya yoki akselerator dasturlarida ishtirok etmagan, va shunga qaramay, mustaqil holda o‘z yo‘lini topgan. Bugungi kunga kelib, Alipos — mustahkam jamoa, shakllangan mahsulot va doimiy o‘sishga intilayotgan kompaniya. Uchinchi taraf buyurtmasidan boshlangan loyiha endi xalqaro kengayishga tayyor.
Asoschilarning fikricha, agar hammasini boshidan boshlash imkoniyati bo‘lganida, marketingga ko‘proq e’tibor qaratishgan bo‘lardi. Hozirda Alipos O‘zbekistonda ishlab chiqilgan eng yirik POS tizimlaridan biri bo‘lsa-da, brend tan olinishi jihatidan ortda qolmoqda.
Xulosa
Alipos — bu yagona POS tizimi emas, balki umumiy ovqatlanish korxonalari uchun to‘liq raqamli ekotizim.
Asoschilarning qat’iyati, jamoaning tajribasi va foydalanuvchilarning ehtiyojlariga mos ravishda takomillashayotgan mahsulot tufayli, Alipos O‘zbekistonda boshlangan, ammo mintaqaviy va global bozorlarni nishonga olayotgan kuchli startapga aylandi.
“Biznesingizni avtomatlashtiring — bu sizga tahlil asosida qaror qabul qilish imkonini beradi. Shu orqali kompaniyangizni tezroq o‘sish sari yo‘naltirishingiz mumkin,” — deydi Alipos jamoasi.
Tayyorladi: Gulnoza Mixailovna
Fikr bildirish