
Prezident Donald Tramp bir necha bor Apple kompaniyasini iPhone’larini AQShda ishlab chiqarishga da’vat etib, chet elda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga 25% gacha boj solish bilan tahdid qilgan. Biroq sanoat ekspertlari va Apple’ni yaqindan kuzatib boruvchilari bu fikrni haqiqatdan yiroq, deya baholaydi. Sababi esa oddiy: bu Apple istagiga bog‘liq emas – bu ishni Amerika uddalay olmaydi.
Financial Times jurnalisti Patrick McGee, yangi chiqargan “Apple In China: The Capture of the World’s Greatest Company” nomli kitobida Apple qanday qilib Xitoyning mehnat bozori, infratuzilmasi va ta’minot zanjiri bilan chuqur bog‘lanib qolganini batafsil ochib beradi. Yillar davomida Apple’ni yoritib kelgan McGee shunday xulosa qiladi: Xitoydagi ekotizim Apple uchun nafaqat foydali, balki tubdan o‘zgartiruvchi bo‘lgan. Bu o‘zgarish faqat Apple uchun emas, Xitoy uchun ham, chunki u AQShning ilg‘or ishlab chiqarish tajribalariga misli ko‘rilmagan darajada kirib kelishga muvaffaq bo‘ldi.
McGee izohiga ko‘ra, iPhone ishlab chiqarish murakkab mehnat va logistika tizimini talab qiladi. Xitoyning Zhengzhou yoki Shenzhen kabi shaharlarida bir necha hafta ichida yuz minglab iPhone qurilmalari yig‘ilishi mumkin. Foxconn va boshqa pudratchi ishlab chiqaruvchilar mavsumiy iPhone ishlab chiqarish davrida moslashuvchan ishchi kuchini jalb qiladi va bu ishchilar keyinchalik boshqa loyihalarga yo‘naltiriladi. Bu model Apple uchun xarajatlarni kamaytiradi va samaradorlikni oshiradi. Bunday tizimni AQShda qayta yaratish — butun shaharlarni qisqa muddatli ishchi kuchiga aylantirishga ko‘ndirishni anglatadi, biroq bu yerda Xitoydagidek moslashuvchan mehnat bozori mavjud emas.
Bu ishlab chiqarish quvvatini AQShda yo‘lga qo‘yish ko‘plab muammolarga duch keladi. Tahlilchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, iPhone qurilmasining AQShda ishlab chiqarilishi uning narxini hozirgi $799–$1,200 oralig‘idan taxminan $3,500 gacha oshirishi mumkin. Bu keskin narx o‘sishi yuqori ishchi kuchi xarajatlari, yangi infratuzilma qurish zarurati va elektronika sohasida tajribali malakali ishchilar tanqisligi bilan izohlanadi.
Bu faqat mehnat kuchi bilan bog‘liq emas. Xitoyda Apple ehtiyojlariga maxsus moslashtirilgan, bir-biri bilan chuqur bog‘langan zavodlar, pudratchilar va logistika markazlaridan iborat tengsiz ishlab chiqarish infratuzilmasi mavjud. AQSh yangi zavod qurish uchun ekologik ruxsat olguncha, Xitoydagi zavod allaqachon ishlab chiqarishni boshlaydi. Apple Xitoyda faqat telefon yig‘mayapti — u ishlab chiqarish sohasidagi superdavlat imkoniyatlaridan foydalanmoqda.
Geosiyosiy ziddiyatlar va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish maqsadida Apple asta-sekin iPhone ishlab chiqarishni Hindistonda ko‘paytirib bormoqda. 2025-yil boshiga kelib, Hindiston global iPhone ishlab chiqarishining taxminan 17–20 foizini tashkil etdi. Prognozlarga ko‘ra, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 60–65 foizgacha oshishi mumkin. Apple’ning asosiy ishlab chiqarish hamkori Foxconn bu kengayishni qo‘llab-quvvatlash uchun Tamil Naduda yangi zavod qurilishiga 1,5 milliard dollar sarmoya kiritdi.
Apple tomonidan e’lon qilingan bayonot — ya’ni ko‘pchilik AQShdagi iPhone’lar endi Hindistonda ishlab chiqarilishi — strategik burilishdek ko‘rinishi mumkin. Biroq McGee buni chalg‘ituvchi harakat deb ataydi. Agar iPhone yaratishning 1000 bosqichidan 999 tasi Xitoyda bajarilsa, va faqat oxirgi bosqich — masalan, qutiga joylash — Hindistonda amalga oshirilsa, bu baribir nomidan boshqa hamma jihati bilan Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotdir. Uni “Hindistonda ishlab chiqarilgan” deb belgilash boj to‘lovlaridan qochishga yordam beradi, biroq Apple’ning Xitoyga bo‘lgan real qaramligini kamaytirmaydi.
Yangi bojlar har chorakda Apple’ga taxminan 900 million dollarga tushishi mumkin. Ammo yillik 100 milliard dollardan ortiq foyda ko‘radigan kompaniya bu xarajatlarni o‘z zimmasiga olishi yoki mijozlarga yuklashi mumkin. iPhone’ning ba’zi yakuniy yig‘ish bosqichlarini Hindistonga o‘tkazish — bu xarajatlardan qochish strategiyasi, ammo Xitoydan chinakam ajralish emas.
Ammo McGee ogohlantiradi: asl muammo shundaki, Apple’ning Xitoydagi faoliyati katta va uzluksiz texnologik bilimlar oqimini yuzaga keltirdi. Yuqori texnologiyali mahsulotlarni AQShda loyihalab, ularni Xitoyda ishlab chiqargan holda, Apple Xitoy muhandislari va ishlab chiqaruvchilariga ilg‘or ishlab chiqarish jarayonlarini chuqur tushunish imkonini berdi. Bu esa, ayniqsa Xitoy o‘zini AQShning asosiy geosiyosiy raqibi sifatida ko‘rsatayotgan bir paytda, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq savollarni tug‘diradi.
Apple Xitoyni tark etmoqchi bo‘lsa ham, bu ehtimol allaqachon juda kech bo‘lgan. Yetkazib berish zanjiri haddan tashqari chuqur ildiz otgan, hamkorlik aloqalari juda mustahkam, muqobil variantlar esa yetarli emas. Vyetnam yoki Hindiston kabi davlatlar kelajakda Apple ishlab chiqarishining katta qismini o‘z zimmasiga olishi mumkin, biroq bu mamlakatlar Xitoy darajasidagi imkoniyatlarni taqdim eta olishiga hali yillar kerak bo‘ladi.
Tramp ilgari surgan boj tariflari mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilga bo‘lsa-da, ularni amalga oshirish huquqiy jihatdan murakkab. Bunday bojlarni joriy etishda Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun (IEEPA)dan foydalanish qonuniy jihatdan muammolarga duch kelishi mumkin, va bu yondashuv AQShga ishlab chiqarish ish o‘rinlarini qaytarishda qanchalik samarali bo‘lishi — bahsli masala.
Shunday ekan, hozircha AQSh faqat tahdid qiladi, yoki rag‘batlaydi. Ammo haqiqat o‘zgarmaydi: iPhone – bu Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulot. Va bu holat, Amerika sanoat tizimini tubdan qayta yaratmaguncha, o‘zgarishi qiyin.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish