Press ESC to close

Universal asosiy daromad nima?

Sun’iy idrokning rivojlanish tendensiyasidan bir narsa borgan sari aniqlashib bormoqda – kelajakda deyarli barcha ishlar sun’iy idrok yoki robotlar vositasida bajarilishi mumkin. Bir qarashda bu juda zo’r, hamma ishni robotlar qiladi, odamlar hech narsa qilishi shart emas. “Osh bo’lsayu, ish bo’lmasa” degan davr keladigandek.

Lekin 2 ta savol tug’iladi:

  1. Hamma ishni robotlar qilsa, odamlar qanday daromad ko’radi?
  2. Hamma ishni robot qilsa, odamlar nima bilan band bo’ladi?

Bu savollar 2000 yillar boshida juda sekin va kam yangragan bo’lsa, Sun’iy Idrokning jadal rivojlanishi bilan bu savol borgan sari ko’p insonlar va tashkilotlarni o’ylantirmoqda.

Hozirda bu savolning oson javobi sifatida “Universal Asosiy Daromad” (UBI, Universal Basic Income) taklif qilinadi. Xo’sh, Universal Asosiy Daromad (UAD) nima degani?

UAD – bu har bir fuqaro davlatdan doimiy, kafolatlangan pul oladigan tizim. Qanchalik boy yoki kambag‘al bo‘lishingizdan qat’i nazar, sizga bu pul ajratiladi. Masalan, har oyda 200 dollar. Yoki 500, yoki 1000. Mamlakat iqtisodiy holatiga qarab o‘zgaradi. Muhimi – bu pul sizga har doim, shunchaki yashayotganingiz uchun beriladi.

Universal Asosiy Daromad (UAD) – bu qiymatlarning katta qismi Sun’iy Idrok va robotlar tomonidan yaratiladigan muhitda davlat tomonidan odamlar uchun hech qanday shartlarsiz va bir xil miqdorda davriy to’lab turiladigan oylik maosh. Ya’ni uni insonlar ish qilish yoki qilmasligidan qat’iy nazar har oy kafolatlangan miqdorda olib boradi.

Bu davlat tomonidan odamlarning xarid qobiliyatlarini ushlab turish, insonlarning muhtoj bo’lmasdan yashashlarini ta’minlash uchun tashkil qilinadi. Aksariyat nazariy manbalarda to’lovchi davlat deyiladi, lekin uning o’rniga xususiy jamg’armalar yoki hatto korporatsiyalar ham bo’lishlari mumkin.

UAD ning bir qator afzallik va kamchiliklari bor.

Afzalliklari:

  • Kambag’allikni kamaytirish – ishlar robotlar tomonidan qilinganda insoniyatning katta qatlami ishsiz va daromadsiz qoladi. UAD shunday insonlarga yordam beradi;
  • Ijtimoiy tenglik – hozirgi murakkab va tabaqalashgan ijtimoiy himoya tizimiga qaraganda yaxshi va oson – hamma bir xil yordam oladi;

Kamchilik va xatarlari:

  • Motivatsiyaning so’nishi – insonlar ishlariga mos ravishda rag’bat olmagandan keyin, ularda yangilik yaratish, biror ish qilishga motivatsiya bo’lmaydi.
  • Ijtimoiy adolatsizlik – jamiyatga foyda keltirgan yaxshi inson ham, bekorchi yoki jinoyatchi ham bir xil daromad oladi
  • Tajribaning qimmatga tushishi – bunday tuzum inson yaratilgandan beri bo’lmagan va uni joriy qilish juda qiyin kechadi, xatolarning narxi baland bo’ladi.

UAD termini haqida birinchi marta 2017 yilda Ilon Muskning World Government Summitdagi Muhammad al-Gergavi bilan suhbatida to’qnash kelgandim, Ilon Musk “men UADni yoqlayman demayman, lekin bu aniq bizni kutayotgan kelajak” deb ta’rif bergan edi.

Open AI asoschisi Sam Altman ham o’zining 2014 yilda yozgan “Texnologik va Boylik notengligi” nomli maqolasida UAD haqida yozadi. Keyinchalik Sam Altman Y Combinator doirasida OpenResearch tashkilotini shaxsiy va boshqa jamg’armalaridan moliyalashtirib, “Unconditional Cash Study” tajribasini o’tkazgan, 3 yil davomida 1000 ta kam daromadli odamga hech qanday shartsiz $1000 dan, va 2000 ta odamga $50 dan berib borgan va natijalarini kuzatib borishgan.

Bu xususiy bir sinov deyishingiz mumkin. Lekin UAD – jiddiy masala va bu bilan jiddiy shug’ullanishmoqda. Masalan, Stenford Universitetida “Basic Income Lab” maxsus laboratoriyasi UAD masalalari bo’yicha tadqiqot qiluvchi olimlarni yig’ib, tajribalar o’tkazib kelishmoqda.

Ushbu Laboratoriya Pensilvaniya Universitetidagi Kafolatlangan Daromad Tadqiqoti Markazi (CGIR, Center for Guaranteed Income Research) va Kafolatlangan Daromad Tarafdorlari Tarmog’i (MGI, Mayors for Guaranteed Income) tashkilotlari bilan hamkorlikda AQSh tarixida misli ko’rilmagan tajriba dasturini o’tkazmoqda. Ushbu dastur “Guaranteed Income Pilots” deb nomlanadi va uning doirasida 30 dan ortiq joyda minglab insonlarga tajriba tariqasida turli mablag’lar oylik daromad sifatida to’lab kelinmoqda, ularning xarajatlari va harakatlari tahlil qilinib, tegishli iqtisodiy-siyosiy xulosalar olinmoqda.

Xullas, Universal Asosiy Daromad – “ertak” emas, bu real iqtisodiy-siyosiy konsepsiya. Bu g’oya ideal degani emas. Lekin UAD hozirgacha insonlarning ongiga kelayotgan yagona yechim sifatida yangramoqda.

Tolibjon Mirzaqulov,
Sun’iy Idrok sohasida ekspert,
Fikrofon” blogi muallifi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan