Press ESC to close

Uolt Disney: oddiy karikaturachidan mo‘jizaviy imperiyagacha

Bir zamonlar noodatiy tasavvurga ega oddiy bir yigit yashagan. Uning ismi Valter Elias Disney edi. Bugun esa butun dunyoga sehrli va sevimli multfilmlar va afsonaviy Disneyland imperiyasining asoschisi sifatida tanilgan Uolt Disneydir.

Missuri shtatida oddiy fermer oilasida voyaga yetgan bu yigit 20-asrning eng muvaffaqiyatli tadbirkori va innovatorlardan biriga aylanishi haqida ilhomlantiruvchi hikoyasiga ega.

Uning hayoti mehnatsevarlik, cheksiz ijodkorlik va orzular yo‘lidagi qat’iy ishonch timsolidir.

Birinchi qadamlar: fermadan orzular sari

Uolt Disneyning hayot yo‘li oson kechmadi. U 1901-yil 5-dekabrda Missuri shtatining Marselin shaharchasidagi kichik bir fermada dunyoga kelgan. Bolaligida maktabga borishdan avval sigir sog‘ish va dala ishlarida ota-onasiga ko‘maklashardi.

Oilada moddiy sharoit og‘ir bo‘lsa-da, Uoltning tasavvuri nihoyatda boy edi. Doimiy ravishda multfilm qahramonlarini chizishga urinar, ukalari va singillariga qiziqarli va fantaziyalarga boy sehrli hikoyalar aytib berardi.

1911-yilda Disneylar oilasi Kanzas-Sitiga ko‘chib o‘tdi. Yosh Uolt Benton boshlang‘ich maktabida tahsil oldi, kechki paytlari esa san’atga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli Kanzas-Siti san’at institutida darslarga qatnab, ijodiy mahoratini shakllantirishda davom etdi. Shu bilan birga, u mahalliy gazeta uchun rassom sifatida ishlay boshladi.

1917-yilda AQSh Birinchi jahon urushiga qo‘shilgach, 16 yoshli Uolt o‘qishni tashlab, Qizil Xoch tashkilotida tez yordam mashinasi haydovchisi sifatida xizmat qilishga qaror qildi. Yoshligi sabab Yevropaga yuborilmagan bo‘lsa-da, bu tajriba unda vatanparvarlik va jamiyatga xizmat qilish mas’uliyatini yanada kuchaytirdi.

Urush tugaganidan so‘ng, Uoltning san’atga bo‘lgan ishtiyoqi qayta alanga oldi. U tijoriy san’at bilan shug‘ullanib, ilk animatsiya texnikalari ustida tajriba o‘tkaza boshlaydi.

Mikki Mausning tug‘ilishi

1923-yilda Uolt Disney cho‘ntagida atigi 40 dollar va cheksiz orzular bilan Gollivud sari yo‘l oldi. U kichik bir studiyada komik filmlar rassomi sifatida ish boshladi, “Alisaning mo‘jizaviy olami” nomli qisqa animatsion film ustida ish olib bordi. Topgan daromadi evaziga akasi Roy bilan birgalikda “Disney brothers studio”ga asos soldi. Bu esa uning buyuk g‘oyalari yo‘lidagi ilk muhim qadam edi

Biroq dastlabki yillar Uolt uchun oson kechmadi. Moliyaviy qiyinchiliklar sabab ko‘plab animatorlarini yo‘qotdi, ya’ni ularning maoshini to‘lash uchun mablag‘i yetmasdi. Shunga qaramay, taslim bo‘lmadi. Nihoyat, 1928-yilda esa uning hayotini butunlay o‘zgartirgan qahramon dunyoga keldi – Mikki Maus.

Mikki Maus ilk bor “Bug‘li kemachada” (“Steamboat Willie”) nomli qisqa metrajli animatsion filmda paydo bo‘ldi. Bu film kino tarixidagi ilk sinxron ovozli animatsiya bo‘lib, butun dunyoda katta muvaffaqiyat va e’tibor qozondi.

Mikki Mausning muvaffaqiyatidan ilhomlangan Uolt 1937-yilda animatsiya tarixidagi ilk to‘liq metrajli “Oqshomgul va yetti mitti” filmini suratga oldi. Bu loyiha moliyaviy jihatdan katta tavakkal edi. Uolt film ishlab chiqarish uchun zarur mablag‘ni topish uchun hatto o‘zining hayot sug‘urtasini garovga qo‘ydi. Ammo uning o‘ziga ishonchi va mehnati samarasini berdi: film 8 million dollardan ortiq daromad keltirib, Disneyning eng katta yutuqlaridan biriga aylandi.

Disney imperiyasining barpo etilishi

“Oqshomgul va yetti mitti” kartinasining mislsiz muvaffaqiyatidan so‘ng Walt Disney Productions qisqa fursat ichida dunyodagi ko‘p tarmoqli ommaviy madaniyat imperiyasiga aylandi. 1940-yillarda kompaniya “Pinokkio”, “Fantaziya”, “Dambo” va “Bambi” kabi animatsion filmlarni yaratib, san’at olamida yangi davrni boshlab berdi.

1955-yilda esa Kaliforniyaning Anaheim shahrida ilk mavzuli istirohat bog‘i – Disneyland ochildi, bu loyiha nafaqat ko‘ngilochar sohada burilish yasadi, balki butun dunyo bolalarining orzulari ushaladigan mo‘jizaviy joyga aylandi.

Shu bilan birga, Disney televizion sohada ham yetakchilikni qo‘lga oldi – Walt Disney Television dunyodagi ilk yirik televizion ishlab chiqaruvchilardan biri sifatida maydonga chiqdi.

Uolt Disney animatsiya sohasiga ko‘plab innovatsiyalar olib kirdi. Xususan, chuqurlik va harakat illyuziyasini yaratuvchi multiplan kamera texnologiyasi badiiy ifoda imkoniyatlarini kengaytirdi.

1960-yillarga kelib, Disney nomi global miqyosda tanilgan brendga, kompaniya esa dunyo miqyosidagi ko‘ngilochar sanoat gigantiga aylandi. Uolt esa uning g‘oyaviy yetakchisi va ilhom manbai sifatida doimo oldinda edi.

Sehr ortidagi innovatsiyalar

Disneyning global miqyosdagi yuksalishida kompaniyaning innovatsiyaga ochiqlik va ijodkorlik madaniyati hal qiluvchi rol o‘ynadi.

Walt Disney o‘z davridan ancha ilg‘or tafakkur egasi edi: u ishlab chiqarish jarayonlarida yuqori sifat va badiiy mukammallikni doimo birinchi o‘ringa qo‘ygan.

Animatsiya sanoatida soddalik va tejamkorlik maqsadida studiyalar ko‘pincha bir xil fon va obrazlarni qayta ishlatgan. Biroq, Disney har bir sahnani noldan yaratishni talab qilgan. Garchi bu ko‘proq xarajatni talab qilsa-da, mahsulot sifatini mislsiz darajada oshirgan.

Uning yetakchiligida bir qator inqilobiy texnologiyalar ishlab chiqildi:

· Multiplan kamera – animatsiyalarda chuqurlik va vizual dinamika yaratishga xizmat qildi;

· Xerografiya texnologiyasi – chizmalarni siyohlash jarayonini soddalashtirdi va tezlashtirdi;

· Ovoz yozuvi va montajdagi yutuqlar – animatsion filmlarni tom ma’noda “jonlantirdi”.

Disney nafaqat san’atkor va innovator, balki o‘tkir marketing strategiyasiga ega bo‘lgan yetakchi ham edi. U o‘z qahramonlarini filmlar, mahsulotlar, televizion shoular va tematik bog‘lar orqali bir vaqtda ommaga taqdim etib, kuchli brend sinergiyasini yaratdi.

Shuningdek, u tematik bog‘lar konsepsiyasini tubdan o‘zgartirdi – har bir detal, texnologik yechim va hikoya elementlari orqali mehmonlarga chinakam immersiv tajriba taqdim etildi.

Disney mafkurasi

Uolt Disney’ning buyuk muvaffaqiyati bir nechta asosiy tamoyillarga tayangan bo‘lib, bu qadriyatlar bugungi kunga qadar kompaniyaning yuragi bo‘lib qolmoqda:

· Optimizm va orzularga sadoqat. Qanchalik oddiy hayotdan boshlamasin, Uolt doimo katta orzu qilgan va ularni amalga oshirishga qat’iy ishongan.

· Oilaviy qadriyatlar. Disney asarlari doimo samimiylik, mehr, muhabbat va baxtli yakunlar orqali oilaviy qadriyatlarni ulug‘lagan. Disneyland esa aynan oilaviy hordiq chiqarish uchun mo‘ljallangan edi.

· Kelajakni oldindan ko‘ra bilish. Uolt har doim texnologik yangiliklar, shaharsozlik va inson hayot tarzini yaxshilashga qaratilgan futuristik yondashuvlar orqali olg‘a intilgan. “EPCOT” – kelajak prototipi shahrining konsepsiyasi buning yaqqol namunasi.

· Ulkan maqsadlar va jasoratli orzular. Uoltning har bir tashabbusi animatsiyadan tashqariga chiqib, yangi olamlar yaratish niyatida bo‘lgan – tematik bog‘lar, shahar loyihalari, transport tizimlari va undan ortig‘ini o‘z ichiga olgan.

· Sinergik yondashuv. Disney har bir yaratilgan kontentni ko‘p platformalarda qayta ishlash orqali kuchli brend uyg‘unligini yaratdi. Ya’ni filmlar, o‘yinchoqlar, TV shoular va bog‘lar orasidagi 360 darajali bog‘liqlikdir.

Uolt Disney 1966-yilda, 65 yoshida vafot etdi. Ammo bugungi kunda ham uning ijodkorlik, innovatsiya va umidga asoslangan ruhiy merosi The Walt Disney Company faoliyatida hayotiyligicha davom etmoqda.

Uolt Disneydan asosiy saboqlar

Disney faoliyatining ilk bosqichida ko‘plab sinovlarga duch keldi. U ijodiy fikrlash qobiliyati yetarli emasligi bahonasida gazeta ishidan bo‘shatilgan, birinchi studiyasi – Laugh-O-Gram bankrot uchragan, moliyaviy inqiroz tufayli jamoasini yo‘qotgan.

Ammo u hech qachon taslim bo‘lmadi, sobitqadamligi natijasida bugun butun dunyoda tan olingan Mikki Maus dunyoga keldi.

“Hayotimdagi har bir qiyinchilik, har bir to‘siq meni kuchliroq qildi”, – deydi u.

Saboq: orzularingizga qat’iy ishonch va aniq tasavvur bo‘lsa, yo‘ldagi har qanday muvaffaqiyatsizlikni yengib o‘tish mumkin.

Saboq: orzularingizga qat’iy ishonch va aniq tasavvur bo‘lsa, yo‘ldagi har qanday muvaffaqiyatsizlikni yengib o‘tish mumkin.

Disney oilaviy mehr, begunohlik va ijobiy yakunlarga asoslangan hikoyalar orqali avlodlar tasavvurini shakllantirdi, nafaqat filmlar, balki kitoblar, televideniye va parklar orqali buni uddaladi. “Men odamlar zavqlanib, nimanidir o‘rganishini afzal bilaman. O‘qitib, ularni zeriktirishni emas”, – deydi u.

Saboq: kuchli hikoya – inson qalbi va ongiga eng chuqur ta’sir o‘tkazadigan quroldir. Bu orqali abadiy qadriyat va barqaror brend yaratish mumkin.

Uolt Disney kontent, obrazlar, mahsulotlar va tajribalarning o‘zaro uyg‘un tizimini shakllantirdi. U bir hikoyani turli platformalarda: film, mahsulot, televizion dastur yoki park orqali takror-takror jonlantirib, brendni mustahkamlab bordi.

Saboq: brendni bir butun ekotizim sifatida shakllantirish – yuqori sifat, uyg‘unlik va hissiy aloqa orqali uzoq muddatli muvaffaqiyatni ta’minlaydi.

Uolt Disneyning hayoti ya’ni fermadagi oddiy boladan global ko‘ngilochar imperiya asoschisigacha bo‘lgan tarixiy yo‘l – Amerika orzusi timsolidir. Uning har bir tashabbusi orzularning haqiqatga aylanishi mumkinligini isbotlaydi.

“Hammasi bitta sichqoncha bilan boshlandi,” – Uolt Disney!

Tayyorladi: Zuhraxon Mansurova

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan