Press ESC to close

WeChat va Alipay O‘zbekiston to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilinmoqda

O‘zbekiston Markaziy banki Xitoyning mashhur WeChat va Alipay to‘lov tizimlarini mahalliy to‘lov infratuzilmasi bilan integratsiya qilish bo‘yicha ish olib bormoqda. Bu haqda Markaziy bank To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov 11-aprel kuni o‘tkazilgan media-muloqotda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot.

Mirhayotovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu integratsiya xorijiy sayyohlarga O‘zbekistonga kelgach, milliy kartalar orqali qulay va tezkor to‘lovlar amalga oshirish imkonini yaratishga qaratilgan. Ayni paytda texnik hujjatlar ishlab chiqilmoqda va WeChat hamda Alipay bilan muzokaralar boshlangan.

  • “Birinchi bosqichda biz xorijiy sayyohlarga O‘zbekistonda to‘lovlarni amalga oshirish imkonini yaratish ustida ishlayapmiz. Keyingi bosqichda esa o‘zbekistonliklarning Xitoyda Uzcard va Humo orqali to‘lovlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoit yaratish ko‘zda tutilgan”, — dedi Mirhayotov.

Shuningdek, u Prezident farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan superapp g‘oyasi faqat xorijiy sayyohlar ehtiyojlari uchun mo‘ljallangani, mamlakat ichida esa bunday dastur sog‘lom raqobat shakllangan fintex bozorining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.

Shu sababli Markaziy bank mahalliy to‘lov tizimlarini kuchaytirish va ularni xalqaro tizimlarga integratsiya qilishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan. Uzcard va Humo’ni WeChat, Alipay, Apple Pay, Google Pay, PayPal, UniPay kabi xalqaro xizmatlar bilan bog‘lash bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga mazkur xalqaro to‘lov tizimlarini O‘zbekiston infratuzilmasiga ulash bo‘yicha vazifalar yuklagan edi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan