Press ESC to close

Xodimlar salomatligi – kelajak biznes strategiyasi

Zamonaviy ofislar endi bepul sneklar bilan raqobat qila olmaydi. Bugungi kunda malakali va iqtidorli xodimlar jismoniy hamda ruhiy farovonlikka katta ahamiyat berishmoqda. Bu esa kompaniyalarni sog‘liqni saqlash texnologiyalariga sarmoya kiritishga majbur bo‘lgani va natijada, yangi va yirik texnologik bozor shakllanib borayotganini ko‘rsatadi.

Sog‘liqni saqlash innovatsiyalari bo‘yicha ekspert Lucien Engelenning fikricha tibbiyot “kasallikni davolash”dan “kasallikni oldini olish”ga qarab o‘zgarib bormoqda. Uning ta’kidlashicha, bu jarayonda ish beruvchilar muhim rol o‘ynaydi.

Yangi talab – yangi texnologiyalar

Engelen so‘nggi 30 yil davomida kasalxonalar, tez yordam xizmati va tibbiy texnologiyalar sohasida ishlagan. Hozirda u Transform Health kompaniyasini boshqarib, Vodafone, Deloitte kabi yirik kompaniyalarga sog‘liq strategiyalarini ishlab chiqishga ko‘mak bermoqda.

Uning asosiy g‘oyasi shuki: xodimlar salomatligiga investitsiya kiritish nafaqat insonparvarlik, balki aqlli biznes qaroridir.

“Biror xodim shifokorga har 8 haftada borsa, bu 8 hafta davomida unumdorlik pasayadi. Agar u ketib qolsa, o‘rniga yangi odamni topish va o‘rgatish taxminan 40 ming yevroga tushadi,” deydi Engelen.

Texnologiyalar – yangi imkoniyatlar kaliti

Aynan shu ehtiyojlar yangi bozorni shakllantirmoqda. Hozirgi kunda kompaniyalar jismoniy faollik ilovalari, online terapiya, stressni kamaytiruvchi platformalar, moliyaviy rejalashtirish ilovalari kabi vositalarni sotib olishga tayyor.

“Yaqin yillarda yirik texnologik kompaniyalar yirik korporatsiyalar bilan shartnomalar tuzadi. Bundan tashqari, ular sog‘liq texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi startaplar bilan hamkorlik qiladi,” deydi Engelen. “Bu texnologiyalarni tezda ommalashtirish va pullik xizmatlarga aylantirish biznes uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi”.

Kompleks yondashuv va rivojlanib borayotgan bozor

Bugungi sog‘lom hayot tushunchasi faqat jismoniy salomatlik bilan cheklanmaydi. Endi kompaniyalar ruhiy, ijtimoiy va moliyaviy salomatlikni ham qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda.

Bu ayniqsa Gen Z avlodi uchun muhim. PwC tadqiqotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyadagi Gen Z vakillarining 40 foizi ruhiy salomatlik muammolari sababli ishdan ketishni o‘ylab ko‘rgan.

Biroq bu avlod shaxsiy hayot maxfiyligini ham qadrlaydi. Shu sababli kompaniyalar endi xodimlarga maxfiy va mustaqil ilovalar orqali xizmat ko‘rsatishga harakat qilmoqda – masalan, terapevt xizmatlari yoki kompaniyadan mustaqil sport zallari bilan bog‘langan fitnes ilovalari.

Yevropada regulyatsiya va texnologik integratsiya

Yevropa Ittifoqi yaqinda “European Health Data Space” qonunini qabul qildi. Bu hujjat fuqarolarga o‘z tibbiy ma’lumotlarini mobil ilovalar orqali olish imkonini beradi. Bu esa sog‘liq texnologiyalari uchun yangi eshik ochadi – ilovalar o‘zaro bog‘lanadi, ma’lumotlar tezroq almashinadi.

Profilaktika – xarajat emas, sarmoya

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, xodimlar farovonligiga kiritilgan har $1 dollar, $6 dollarlik foyda keltiradi. Kompaniyalar ham buni tushunib yetmoqda, kasallikni kutish o‘rniga, uni oldini olish arzonroq, samaraliroq va eng muhimi, iqtidorli xodimlarni jalb qilishda yordam beradi.

Engelen buni shunday izohlaydi: “Salomatlikka kiritilgan investitsiya – bu nafaqat insonlar uchun, balki biznes uchun ham foydali qarordir.”

Va texnologik kompaniyalar uchun bu — juda katta imkoniyat. Yangi bozor shakllanmoqda. Raqamli, global kompaniyalar yildan-yilga kengayib boryapti. Ish joyi endi faqat ishlash uchun joy emas. Bu — sog‘liqni saqlash innovatsiyalari uchun muhim platformaga hisoblanadi.  

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan