
Yandex Uzbekistan 7-aprel kuni o‘zining yangi Market platformasini ishga tushirdi. Bu yangi marketpleys allaqachon Yandex Go ilovasida faoliyat yuritmoqda va foydalanuvchilarga Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining ayrim hududlarida xizmat ko‘rsatmoqda.
Nimalarni taklif qiladi?
Yangi platformada foydalanuvchilar turli toifadagi mahsulotlarni topishlari mumkin:
- elektronika va maishiy texnika,
- uy-ro‘zg‘or va ta’mirlash anjomlari,
- kiyim-kechak va poyabzallar,
- go‘zallik va parvarish vositalari,
- shuningdek, Yandex Factory tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar.
Market foydalanuvchilarga tovarlarni narx va xususiyatlarga ko‘ra taqqoslash, shaxsiy ehtiyojlarga mos mahsulotlar to‘plamini shakllantirish imkonini ham taqdim etadi.

Yandex Factory – o‘z brendlari bilan
Marketda Yandex’ning o‘z brendlari ostidagi yetti turdagi mahsulotlar ham mavjud:
- Lunnen – kompyuter texnikasi,
- Commo – elektronika aksessuarlari,
- Tuvio – uy jihozlari,
- Pragma – kundalik ro‘zg‘or buyumlari,
- Junion – bolalar uchun mahsulotlar,
- Cubits – masofadan boshqariladigan o‘yinchoqlar,
- Nocord – elektr asbob-uskunalari.
Yetkazib berish: “bir bosishda” va kurer orqali
Yangi “bir bosishda” yetkazib berish modeli orqali buyurtmalar Lavka xizmatining eng yaqin mini-omboriga yetkaziladi. Xaridorga buyurtma tayyorligi haqida bildirishnoma yuboriladi va u 15 daqiqa ichida mahsulotni olib ketishi mumkin. Bundan tashqari, Lavkadan boshqa tovarlarni ham Market buyurtmasiga qo‘shish imkoni mavjud.
Yetkazib berishning yana bir shakli — buyurtma tarqatish punktlari orqali xizmat ko‘rsatishdir. Hozirda Toshkentda 60 ta punkt faoliyat yuritmoqda, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich butun mamlakat bo‘ylab 250 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Buyurtma punktlari va “bir bosishda” yetkazib berish bepul, kurerlik yetkazib berish esa 1 million so‘mdan ortiq buyurtmalar uchun bepul bo‘ladi.
To‘lov va muddatli to‘lov imkoniyati
Xaridlar uchun to‘lovni quyidagicha amalga oshirish mumkin:
- ilova yoki sayt orqali karta bilan,
- naqd pul orqali,
- buyurtma punktida karta orqali.
Bundan tashqari, Yandex Split xizmati orqali 2, 4 yoki 6 oyga bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud. Xaridorlar dastlab mahsulot narxining bir qismini to‘lab, qolgan qismini bosqichma-bosqich belgilangan kartadan yechish shaklida to‘lashadi.
Fikr bildirish