Press ESC to close

YouTube telefondan ko‘proq televizorlarda tomosha qilinmoqda

YouTube tobora televizor ekranlariga ko‘chib bormoqda. Platforma bosh direktori Nil Moxanning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda foydalanuvchilar kuniga 1 milliard soatdan ortiq vaqt davomida YouTube’ni televizor orqali tomosha qilmoqda. Bu esa platformaning mobil qurilmalar o‘rniga katta ekranlarga moslashayotganidan dalolat.

So‘nggi ikki yillikda YouTube AQShda eng ko‘p tomosha qilinadigan striming xizmati bo‘lib qolmoqda. Nielsen ma’lumotlariga ko‘ra, bunda platformaning televizor ilovasida amalga oshirilgan yangilanishlari hissasi katta. Endi foydalanuvchilar video tomosha qilish jarayonida chap tomonda kontentni ko‘rishi, o‘ng tomonda esa sharh, tavsiflarni o‘qishi mumkin. Shuningdek, qismlarni yanada qulay ko‘rish uchun “mavsumlar” funksiyasi qo‘shilgan. “Watch With” funksiyasi esa kontent yaratuvchilariga jonli efir va sport tadbirlariga izoh berish imkoniyatini taqdim etadi.

O‘zbekistonda YouTube’ning o‘rni va televizor bozoridagi tendensiyalar

YouTube O‘zbekistonda ham keng auditoriyaga ega bo‘lib, 2025-yil yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatdagi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining 8,58 foizi platformadan foydalanadi. Har oy YouTube’ga 100 milliondan ortiq kirishlar qayd etiladi, har bir foydalanuvchi kuniga o‘rtacha beshta video tomosha qiladi.

Platformaning asosiy auditoriyasi erkaklar, ular umumiy foydalanuvchilarning 70 foizini tashkil etadi. O‘zbekistonliklar YouTube’ga asosan mobil qurilmalar (72 foiz) orqali kiradi, kompyuter foydalanuvchilari esa 24 foizni tashkil qiladi. Bundan tashqari, YouTube mamlakatdagi eng ommabop 10 ta veb-sayt qatoridan joy olgan.

O‘zbekistonda televizor bozori ham rivojlanishda davom etmoqda. 2025-yilda ushbu bozor hajmi 114,9 million AQSh dollariga yetishi kutilmoqda, biroq 2025-2029-yillar oralig‘ida har yili -1.67 foiz pasayish kuzatilishi mumkin. Mamlakatda aholi jon boshiga televizor bozoridan tushadigan daromad 3,23 AQSh dollarini tashkil etadi. 2029-yilga kelib O‘zbekistonda 0,7 million dona televizor sotilishi kutilayotgan bo‘lsa-da, 2026-yilda ushbu ko‘rsatkich -0.3 foizga pasayishi mumkin.

Bu ma’lumotlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning aksariyati hali ham YouTube’ni mobil qurilmalar orqali tomosha qilmoqda (72 foiz), ammo televizorlarning, ayniqsa smart TV larining mashhurligi oshyapti.

YouTube TV va Premium obunachilarining o‘sishi

YouTube TV xizmatida ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Hozirda 8 milliondan ortiq foydalanuvchi bu xizmat foydalanuvchisi. Bundan tashqari, YouTube Premium va Music obunachilarining umumiy soni 100 milliondan oshdi. YouTube TV foydalanuvchilari uchun “Key Plays” va “Multiview” funksiyalari yanada takomillashtirilishi, shuningdek, premium obunachilar uchun yangi afzalliklar joriy etilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda smart TV’larga bo‘lgan talab oshgani va YouTube’ning TV orqali ko‘rish imkoniyatlari rivojlanayotgani platformaning kelajakdagi o‘sishiga turtki bo‘lishi mumkin. Hozircha mamlakat bo‘yicha YouTube tomoshabinlarining aksariyati mobil foydalanuvchilar bo‘lib qolmoqda, televizorlar uchun mo‘ljallangan xizmatlar kengayishi bilan tendensiya o‘zgarishi mumkin.

Mixailovna Gulnoza

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan