Press ESC to close

Yuriy Milner – Kremniy vodiysiga yo’l ochgan aqlli investitsiya

Ta’lim va yoshlik davri

Yuriy Milner 1961-yil 11-noyabrda Moskva shahrida tug’ilgan. Uning otasi – iqtisodchi Bentsion Zaxarovich Milner, onasi esa sanitariya-epidemiologiya laboratoriyasi xodimi Betti Iosifovna Milner edi. 1985-yilda Milner Moskva Davlat Universitetining fizika fakultetini “nazariy fizika” mutaxassisligi bo’yicha tamomlagan.

Shundan so’ng, u Fanlar akademiyasining Fizika institutida ishlay boshladi va nazariy fizika bo’limida kelajakdagi Nobel mukofoti sovrindori Vitaliy Ginzburg rahbarligida ilmiy faoliyat olib bordi. Milner o’zining tadbirkorlik faoliyatini kompyuter savdosi bilan boshlagan.

2025-yil 18-yanvar holatiga ko‘ra, Yuriy Milnerning sof boyligi 5,9 milliard AQSh dollariga baholanmoqda. Ushbu ko‘rsatkich global texnologik sarmoyalar, jumladan, Facebook, Twitter, Spotify va boshqa yirik kompaniyalardagi ulushlari natijasida shakllangan. Milnerning investitsiya strategiyasi va texnologik sektorni chuqur tahlil qilish qobiliyati uni dunyoning yetakchi investorlaridan biriga aylantirgan.

FACEBOOK

2009-yil boshida Facebookning moliyaviy ishlari bo’yicha rahbari Gideon Yu Moskvadan kelgan telefon qo’ng’irog’ini qabul qildi. Rus tilida muloyim, biroq talabchan ohangda so’zlagan notanish shaxs kompaniyaga sarmoya kiritmoqchi ekanligini bildirdi. Facebook avvalgi bosqichlarda Piter Til, Accel va Microsoft kabi yirik investorlardan mablag’ jalb qilgan bo’lsa-da, kompaniya har qanday notanish shaxslardan taklifni qabul qilishga tayyor emas edi. Yu suhbatdoshga vaqtni behuda sarflamaslikni tavsiya qilib, taklifning jiddiyligini qanday tasdiqlash mumkinligini so’radi.

Qo’ng’iroq qiluvchi qat’iyat bilan yuzma-yuz uchrashuv taklif qildi. Yu uzoq masofadan kelishning hojati yo’qligini bildirgan bo’lsa-da, suhbatdoshning qat’iyati o’zgarmadi. Qo’ng’iroq qilgan odam ilgari kremniy vodiysida biror marta bo’lmagan Yuriy Milner edi. Ammo bu holat uzoq davom etmadi u darhol San-Fransiskoga chipta oldi va yetib kelgan zahoti yana Yu bilan bog’landi.

Rusning kutilmagan taklifi

Milner Kaliforniyaga yetib kelgach, Yu Palo-Alto shahridagi Starbucks kafesida uchrashuv uyushtirdi. Facebook uchun sajalb qilish Yu uchun ustuvor vazifa edi, ayniqsa, Lehman Brothers bankrotligi ortidan yuzaga kelgan moliyaviy inqiroz sharoitida har qanday imkoniyat muhim sanalardi. Uchrashuv davomida Milner 5 milliard AQSh dollari miqdorida dastlabki investitsiya taklifini ilgari surdi.

Milnerning innovatsion yondashuvi

Milnerning taklifi chuqur tahlillarga asoslangan edi. Uning tadqiqot guruhi turli mamlakatlarda internet foydalanuvchilarining soni, saytga sarflangan vaqt va boshqa statistik ma’lumotlarni yig’ib, Facebook rivojlanish salohiyati hali to’liq ochilmagan degan xulosaga kelgan edi.

Milner Facebook foydalanuvchilarining monetizatsiya jarayonida xorijiy ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan ortda qolayotganligini ta’kidladi. Kremniy vodiysi tadbirkorlari mijozlardan daromad olish borasida bosimni kamroq his qilgan bo’lsa, xorijdagi ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Rossiyadagi VKontakte, bu borada ancha tajribaga ega edi. Milner o’zining xalqaro tajribasi va ma’lumotlarga asoslangan yondashuvi bilan Facebook uchun mavjud global imkoniyatlarni taqdim etishga tayyor edi.

Muzokaralarning rivoji va strategik kelishuvlar

Milner Facebook asoschisi Mark Sukerberg bilan uchrashuv chog’ida kompaniyaning global salohiyatini tasdiqlovchi dalillarni keltirdi. Uning strategiyasi kompaniya ustidan nazoratni cheklamasdan aksiyalarni sotib olishga qaratilgan edi. Bundan tashqari, u Facebook xodimlarining aksiyalarini imtiyozli tarzda sotib olish va kompaniyaning kelajakdagi moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo’yicha aniq reja taqdim etdi. Ammo Mark Tsukerbergda ikkilanish bor edi…

Super taklif

Yuriy Milner muzokaralari davomida, Mark Sukerbergning ikkita asosiy tashvishini samarali hal qildi. Birinchidan, u Sukerbergning kompaniya ustidan nazoratni saqlab qolishga bo’lgan intilishini chuqur tushunib, boshqaruv kengashida hech qanday vakillik talab qilmasligini hamda o’z aksiyalarini Sukerbergning to’liq nazorati ostida qoldirishini ma’lum qildi. Ushbu strategik qaror Facebook rahbariyatiga tashqi bosimlardan xoli ravishda kompaniyani boshqarish imkoniyatini yaratdi.

Ikkinchidan, Milner kompaniya xodimlarining aksiyalarini likvid qilish masalasiga puxta yechim taklif qildi. U kompaniya tomonidan chiqarilgan birlamchi aksiyalar uchun yuqori narx belgilash, xodimlarga tegishli ikkilamchi aksiyalar uchun esa nisbatan pastroq narx taklif qilish orqali kompaniya manfaatlarini optimallashtirishga erishdi. Bu ikki darajali narxlash strategiyasi Facebook uchun moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bilan birga, xodimlarga o’z aksiyalarini realizatsiya qilish imkoniyatini ham yaratdi.

Yakuniy kelishuv va uning ta’siri

2009-yil may oyida DST kompaniyasi Facebook aksiyalarining 1,96 foiz ulushini 200 million AQSh dollariga sotib olish bo’yicha kelishuvga erishdi. Ushbu bitim Tsukerberg uchun kompaniyaning 10 milliard dollarlik bahosini kafolatlab, rivojlanish uchun qo’shimcha sarmoya yaratdi. Shu bilan birga, xodimlarning aksiyalarini pastroq narxda sotib olish orqali kompaniyaning moliyaviy manfaatdorligi oshirildi.

Milnerning chuqur tahlillarga asoslangan yondashuvi, uning Facebook foydalanuvchilari o’sish sur’ati va global bozordagi salohiyatini aniq baholay olish qobiliyati, kompaniyaning kelajakdagi qiymatini oshirishga xizmat qildi. AQShdagi investorlarning 5-8 milliard AQSh dollari atrofidagi baholariga qarshi, Milner Facebook’ni 10 milliard AQSh dollarga baholash taklifi bilan chiqdi. Mahalliy investorlar bunday strategiyani haddan tashqari xatarli deb qabul qilgan bo’lsa-da, Milnerning global tajribasi va ma’lumotlarga asoslangan qarorlari ushbu investitsiyaning mantiqiy va istiqbolli ekanligini isbotladi.

2009-yilning dastlabki oylarida bozor tiklanishi ortidan kuchaygan raqobat sharoitida, Milnerning ilgari surgan yondashuvi Facebook rahbariyatining e’tiborini qozondi va kompaniya uchun uzoq muddatli strategik ahamiyat kasb etdi. Natijada, Facebook tez orada o’z qiymatini sezilarli darajada oshirdi, bu esa Milnerning investitsion strategiyasining muvaffaqiyatini yana bir bor tasdiqladi.

Milnerning Facebookka kiritgan sarmoyasi kompaniyaning keyingi yillardagi jadal o’sishiga turtki berdi. 2010-yilga kelib, kompaniya qiymati 50 milliard AQSh dollariga yetdi. Milnerning innovatsion yondashuvi va global strategiyasi Facebook’ning IPO jarayonini kechiktirishga imkon yaratdi va xususiy investorlarga ulkan boyliklar orttirish imkoniyatini berdi.

Xulosa

Yuriy Milnerning Facebookka kiritgan investitsiyasi texnologik investitsiyalar sohasida yangi davrni boshlab berdi. Uning kapital jalb qilish va investorlar bilan ishlash bo’yicha strategik yondashuvi Kremniy vodiysida sarmoya qilishning yangi modelini shakllantirdi. Ushbu yondashuv kompaniyalarga IPO jarayonini kechiktirish orqali uzoq muddatli o’sishni ta’minlash imkoniyatini berdi va texnologik startaplar uchun investitsiya jalb qilishning yangi qoidalarini yaratdi.

Tayyorlagan : Laylo Xondamirovna

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan