2024 yili O‘zbekistonda yangi dastur start oladi, unga ko‘ra har bir mahallada kamida ikkita dasturchi istiqomat qiladi. Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Raqamli texnologiyalar vazirligi oldiga mana shunday vazifa qo‘ydi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Dasturchilar mahalliy aholi orasidan saralab olinadi. Shuningdek, mutasaddilarga 30 ming nafar yoshni ingliz tiliga o‘qitib, IELTSdan kamida 7 ball, nemis va boshqa tillardan B2 sertifikati olishi uchun sharoit yaratish vazifasi yuklatildi.
Kelgusi yildan boshlab O‘zbekistonda xalqaro mehnat bozori uchun har yili 8 ming IT-mutaxassisni tanlash, o‘qitish va tayyorlash tizimi joriy etiladi. Umuman olganda, xalqaro IT-kompaniyalar standartlariga javob beradigan dasturlar asosida 300 ming kishini o‘qitish va ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan.
Prezident 2024 yilda hududlarda IT-xizmatlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilishini aytdi. Jumladan:
👉 IT kompaniyalari hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi;
👉 iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar beriladi;
👉 50 dan ortiq IT mutaxassisini ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatini 15 foizgacha qismi qoplab beriladi;
👉 eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Bu maqsadlarga kelgusi yilda 65 milliard so‘m ajratiladi.
2024 yil oxirigacha O‘zbekistonning har bir tumanida IT-shaharchalar barpo etilishi kerak.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga kelgusi yili O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, xususan, mamlakatni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash uchun xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi. Vazirlik IT parkni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun kelgusi yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida uning shoʻba korxonalarini ochadi.
AQSHlik hamkorlar bilan «Inklyuziv raqamlashtirish» loyihasi doirasida kamida 20 ming nafar yoshlar, ayollar va nogironligi bo‘lgan aholi bandligini taʼminlash rejalashtirilgan.
ℹ️ O‘zbekiston rasmiylari IT sohasini rivojlantirish zarurligi haqida bir necha yillardan beri gapirib keladi. 2019 yil mart oyida Shavkat Mirziyoyev respublikaning barcha shaharlarida, xususan, elektron tijorat va dasturlashga bag‘ishlangan bepul IT kurslarini tashkil etish to‘g‘risida buyruq bergan edi. O‘sha yilning noyabr oyida One Million Uzbek Coders loyihasi ishga tushirildi, uning doirasida million mahalliy dasturchilarni tayyorlash uchun bepul onlayn kurslar tashkil etildi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyiha doirasida 1 million 200 ming nafar o‘zbekistonlik yoshlar malaka oshirish sertifikatiga ega bo‘ldi.
Yaratilgan sharoit va imtiyozlar natijasida O‘zbekistonda IT-kompaniyalar soni 2017 yildagi 147 tadan 2023 yili 1600 taga yetdi. Ish o‘rinlari soni ham o‘n barobar ortib, 24 mingdan oshdi. Joriy yil oxirigacha 2017 yili 600 ming dollarni tashkil etgan mazkur soha eksporti 300 million dollardan oshishi, 2024 yili esa 800 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.