Press ESC to close

Chiptachilikdan dunyoga mashhur brend asosigacha — KFC qanday yaralgan?

“Boshlash uchun hech qachon kech emas!”, “Tadbirkorlik va muvaffaqiyat yosh tanlamaydi”, “Har qanday muvaffaqiyat tavakkalchilikni talab etadi”… Bularni Siz motivatsiya berish maqsadida aytsangiz ham, ikkinchi tomon uchun zerikarli oddiy gap boʻlib eshitiladi. Haqiqiy motiv esa hayotiy misollar bilan koʻrsatilgani maʼqul.

Mazkur fikrlarga loyiq namuna sifatida murakkab bolalik davrini boshidan kechirib, oʻzini fermer yordamchisi, jamoat transportida chiptachi va boshqa oʻnlab kasblarda sinab koʻrgan, 60 yoshiga kelibgina dunyo tanigan KFC asoschisining biznes tarixi haqida gaplashamiz.

Avvallari Kentucky Fried Chicken (Kentukki qovurilgan tovuqlari) deb nomlangan KFC biznesi 20 asrning 50-yillaridayoq toʻlaqonli restoranlar tarmogʻiga aylangan. Korxona koʻp miqdorda ziravorlardan foydalanib, original retseptlar asosida tovuqli yeguliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yeguliklar tarkibi esa kompaniyaning tijorat siri hisoblangan. Tovuq asosida tayyorlangan mahsulotlar mashhurlik jihatidan tez tayyorlanadigan ovqatlar (Fast food) segmentida gamburgerlar bilan oson va muvaffaqiyatli raqobatlashgan.

Amerikaning Kentukki shtati Luisvill shahridagi KFCʼning eng birinchi ochilgan bosh ofisi bugunga qadar xizmat koʻrsatadi.

Mashhur restoranlar tarmogʻining asoschisi kim?

KFC restoranlar tarmogʻining asoschisi – Garland Devid Sanders.

1890-yil AQSHning Indiana shtatida tugʻilgan Sandersning bolaligi ogʻir oʻtadi. 5 yoshida uning otasi vafot etadi, onasi esa yetim qolgan farzandlarining qornini toʻydirish va eginini butlash uchun kechgacha konserva zavodida ishlashiga toʻgʻri keladi. Kichik Garland uka-singillariga qarab, ularni ovqatlantirishga masʼul edi. Keyinchalik Sandersning original taom retseptlarini oʻylab topish va taom borasidagi eksperimentlarga boʻlgan qiziqishiga ham aynan shu vazifa-koʻnikmalari sabab boʻladi.

1900-yildan to 1924-yilga qadar Garland Sanders fermer yordamchisi, oʻt oʻchiruvchi, jamoat transportida chiptachi, tramvay haydovchisi sifatida ishlab, yana oʻnlab sohalarda ham oʻzini sinab koʻradi. Baʼzi manbalarga koʻra, u restoran borasidagi muvaffaqiyatiga qadar ishlagan ishlaridan shu qadar muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan joniga qasd qilish haqida ham oʻylab koʻrgan.

Birinchi kafe

1930-yilda 40 yoshga toʻlgan Garland Devid Sanders, Shell kompaniyasidan avtoyoqilgʻi quyish shoxobchasini sotib oladi. Keyinchalik uning omborxonasini qayta taʼmirlab, oʻzining ilk Sanders Court and Cafe “Sandersning hovli va kafesi” nomli yemakxonasini ochadi. Kichik yemakxona menyusi steyk, dudlangan choʻchqa goʻshti va ichimliklardan iborat boʻlib, originallik boʻlmagan.

1934-yilda esa Sanders avtomobil yoʻlining qarama-qarshi tomonida joylashgan ikkinchi yoqilgʻi quyish shoxobchasini sotib oladi. Bu joy avvalgisidan koʻra kattaroq boʻlib, u yerga 6 ta ovqatlanish stolini joylashtiradi. Garland restoran biznesida muvaffaqiyatga erishish uchun Kornella universitetining 8 haftalik restoran biznesida boshqaruv kursini oʻtaydi.

Shundan keyin u menyuga ilk bor oʻt va ziravorlardan original retsept asosida qovurilgan tovuqlarni kiritadi. Bu tovuqlar AYoQSHga tashrif buyuruvchilar orasida juda mashhur boʻladi. Keyinchalik odamlar u yerga faqat tamaddi qilish uchun ham kela boshlaydi. Shu tariqa, oshxona shuhrati ortib borardi.

Mashhurlik keltirgan “11 oʻt va ziravorlar” taom tayyorlash texnologiyasi

1935-yil yoʻl boʻyida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi faol ishtiroki uchun Sanders “Kentukki polkovniklari ordeni” bilan taqdirlanadi.

1937-yilda muallif “Sanders Court and Cafe”ni kengaytirib, jiddiy muammoga duch keladi: Tovuqlarni tovada yarim soatlik pishirish vaqti avtomobilda keladigan xoʻrandalar uchun juda koʻplik qiladi. Taomlarning oldinroq tayyorlab qoʻyilgan qismlari esa taʼmini yoʻqotadi. Bu tabiiyki, mijozlarning noroziligiga sabab boʻladi.

Garland Sanders taʼm sifatlarini saqlab qolgan holda taom tayyorlash vaqtini qisqartirish yoʻllarini qidira boshlaydi.

1939-yilga kelib, AQSHda innovatsion oshxona jihozi – dastlab faqat sabzavotlarga moʻljallangan tezkor pishirgichlar paydo boʻldi. Sanders boʻlsa, bu elektr moslamadan tovuq goʻshtini pishirishda foydalana boshladi. Ushbu qaror yegulik tayyorlash vaqtini ikki barobarga qisqartirib, korxona daromadini sezilarli oshishiga turtki boʻldi.

1940-yilda Garland Devid Sanders “11 oʻt va ziravorlar” nomli original retsepti bilan tovuq goʻshti tayyorlash texnologiyasini mukammallashtirdi. Retsept tarkibiga kirgan mahsulotlardan faqat tuz va murchgina maʼlum, qolganlari esa sir tutilgan. Keyinchalik Sanders yoʻl boʻyidan motel sotib oladi. Bu boʻlsa, mijozlar sonining yanada ortishiga va biznes rivojiga sabab boʻladi.

“Polkovnik” Sanders: biznes belgisining yaratilishi

1950-yilda Garland Devid Sanders Kentukkida taniqli shaxsga aylanib, “Kentukki Polkovniki” unvoniga sazovor boʻladi. Bu Sanders yaratmoqchi boʻlgan yangi obrazning boshlanishi edi: u ispancha soqol qoʻyadi, syurtuk, keyin esa oq kostyum kiyishni, bolo boʻyinbogʻini taqib, oʻzini Polkovnik deb atay boshlaydi.

Biz hozirgacha sevib isteʼmol qiladigan KFC mahsulotlari belgisiga aylangan surat – aynan oʻsha davrlarda foto-tasmalarga muhrlangan.

Kafening mazali mahsulotlarga toʻlgan menyusi, egasining ortib borayotgan obroʻsi ortidan tobora xoʻrandalar safini kengaytirsa-da, “Sanders Court and Cafe”ning asosiy tashrif buyuruvchilari yoʻldan oʻtayotgan avtomobil haydovchilari boʻlishda davom etdi.

1955-yil yangi I-75 avtomagistral qurilishi maʼlum boʻlishi bilanoq, Sanders aylanma yoʻl uning yemakxonasini chetda qoldirishini, bu boʻlsa yaqin kelajakda mijozlar sonini keskin kamayishiga sabab boʻlishini angladi.

Shundan keyin Sander AYOQSH, kafe va motellarini sotib, AQSHdagi qoʻshni shtatga ketadi. Ajoyib taʼmga ega tovuqlar muallifi borgan joyidagi restoratorlarga original taomlar retseptidan foydalanish huquqini sotib olishni taklif qiladi. Oʻshanda u ilk bor franshiza ochish haqida oʻylaydi. Dastlab Polkovnik Sandersning oʻzi bu uchun sherik izlab, uning retsepti asosida tayyorlab sotilgan har bir tovuq evaziga 5 sentdan hisoblash boʻyicha shartnoma imzolaydi.

Pit Xarman – birinchi franchayz

KFCʼning dunyo miqyosida kuchli savdo markasiga aylanishi uning birinchi muvaffaqiyatli hamkori bilan bogʻliq.

Pit Xarman bilan tuzilgan birinchi franchayz hamkorlik shartnomasi 1952-yil tugatiladi. Shartnoma hamkorga shaxsiy oshxonasida Sandersning mualliflik retseptlari, Kentucky Fried Chicken savdo belgisi va imidjidan foydalanish imkonini beradi.

50-yillarning eng muvaffaqiyatli franchayzi Deyv Tomas boʻladi. U kafe yonida aylanib turadigan chelakcha belgisini birinchi boʻlib oʻrnatadi. “Sanders tovuqlari”ning menyuga kiritilishi Deyv restorani menyusiga kiritilishi dastlabki kunlardanoq shov-shuvga aylanadi. Mijozlar uning “tez ovqatlanish” shaxobchasida tamaddi qilish uchun katta navbatni yuzaga keltiradi.

KFC tovuqlarini shoxobchalardan oʻzingiz bilan olib ketishni yoqtirasizmi? Ushbu xizmatni ilk bor yoʻlga qoʻygan ham Deyv Tomas boʻladi. Ushbu xizmat turini unga Pit Xarman bu usulni taklif qiladi.

Kompaniyaning sotilishi

1964-yili 74 yoshini qarshilagan Polkovnik Sanders AQSHdagi 600 ta restoranga egalik qiluvchi Djon Yang Braun va Djek Messiga 2 million dollar evaziga sotadi. Bundan tashqari, shartnomada kompaniya taʼsischisiga yillik toʻlanadigan nafaqa ham nazarda tutilgan edi.

Shu bilan birga, Polkovnik Sanders kanadfranshiz sifatida qolib, biznesini uzoq davom ettirdi.

1976-yilda dunyodagi eng taniqli 2-reklama qahramoni sifatida tan olingan Sandersning hayoti 1980-yil, 90 yoshida yakuniga yetadi. Uning mazali va qarsildoq tovuqlari esa bugunga qadar dunyoni zabt etib, mijozlarning sevimli taomi sifatida eʼtirof etilishda davom etmoqda.

Xalqaro bozorga chiqish

Kentucky Fried Chickenʼning xalqaro bozorga chiqishi 1965-yilga toʻgʻri keladi. Angliyaning Fishergeyt shahrida brendning birinchi xorijiy ochilishi boʻladi. Keyin esa franchayz restoranlari Meksika va Yamaykada ochiladi.

70-80-yillarda Kentucky Fried Chicken Amerika chegarasidan tashqarida – yapon va Avstraliya bozorida oʻz filiallarini ochib, faol kengaytirib bordi.

1987-yilda esa Xitoyda gʻarb restoranlarining eng birinchisi ochildi va bu ham Kentucky Fried Chicken edi.

Maʼlumot uchun, Kentucky Fried Chickenʼning xitoydagi boʻlinmasi brendning eng katta seksiyasi sanaladi.

1993-yilga kelib, kompaniya umumiy daromadining 50 foizini KFCʼning xorijiy kompaniyalaridan boʻlgan aylanma daromadi tashkil etgan. Oʻsha vaqtlarda qayta nomlangan brend Osiyo mamlakatlari bozoridagi eng kuchli oʻyinchiga aylangan. Qayta nomlash qanday roʻy bergandi?

Rebrending

1991-yil savdo markasining nomi KFC shakliga qisqaradi. “Shunchaki mazaliki, barmoqlaringizni yalaysiz!” shiori esa “Hech kim tovuqlarni KFC kabi tayyorlolmaydi” va “Juda ajoyib!”ga oʻzgartirishadi.

Menyuga burger, sendvich, salat, kartoshka fri hamda gazlangan ichimliklar qoʻshiladi. Keyinchalik brend yana bir qancha yangi mahsulotlar – achchiq qanotchalar, tovuqdan tayyorlangan pop-korn, shuningdek, tonggi menyu ham ishlab chiqadi.

1993-yilga kelib KFCʼning 9,5 ming nuqtasi boʻlib, uning yarimi AQSHda faoliyat yuritgan. Oʻsha yildayoq brend katta raqobatga duch keladi: McDonaldʼs ning nisbatan hamyonbop menyusidan farqli oʻlaroq, KFC tashrif buyuruvchilariga 1,5 dollar narxida taklif qilmasdi.

Bugungi kunda KFC dunyo miqyosida savdosi boʻyicha McDonaldʼs dan keyingi – ikkinchi oʻrinda turadigan tez ovqatlanish restoranlar tarmogʻi sanaladi. Restoranlar soni boʻyicha esa birinchi oʻrinda turadi: 150 ta mamlakatda 30 mingdan ortiq restoranlari mavjud boʻlib, eng tez rivojlanayotgan chakana savdo brendlaridan sanaladi. Ozarbayjon poytaxti Baku shahridagi KFC esa hudud jihatidan eng kattasi hisoblanadi.

KFC Markaziy Osiyoda

KFC xalqaro manbasiga ko’ra, har 3,5 soatda dunyoning maʼlum nuqtalarida tarmoqqa tegishli yangi restoran ochiladi.

Markaziy Osiyodagi ilk restoran 2007-yil Qozogʻistonda ochilgan boʻlib, hozir turli hududlarda 85 ta filiali bor. 2016-yil Qirgʻizistonda, 2018-yil Oʻzbekistonda, 2021-yilga kelib Tojikistonda ham tarmoq restoranlari oʻz faoliyatini boshlagan.

Oʻzbekistondagi ilk 97 kishiga moʻljallangan restoran taʼkidlanganidek, 2018-yilda ochildi. Bugungi kunda respublika poytaxtida 18 ta, Samarqandda 2 ta, vodiyda 3 ta, jami 23 ta filiali mahalliy va xorijiy xoʻrandalarga xizmat koʻrsatadi.

Restoranning tabiatni asrashga qaratilgan, 2025-yilga qadar oldiga qoʻygan asosiy maqsad va majburiyatlaridan biri – bir martalik plastiklardan voz kechish sanaladi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *