Ko‘plab B2B va SaaS startaplarida sotuv jarayoni oddiy ko‘rinadi: mijoz bilan tanishish, demo ko‘rsatish, tijoriy taklif yuborish, shartnoma imzolash va bitimni yopish.
Ammo yirik kompaniyalar bilan ishlashda jarayon bundan ancha murakkab. Ayniqsa, qiymati $100 ming va undan yuqori bo‘lgan bitimlarda mahsulotning o‘zi qanchalik yaxshi ekani bilan birga, sotuv jarayoni qanday olib borilayotgani ham muhim rol o‘ynaydi.
Enterprise sales bo‘yicha mutaxassis Jen Abelning yondashuviga ko‘ra, yirik B2B bitimlar bir necha oddiy uchrashuvdan iborat emas. Bunday savdolarda mijoz bilan aloqa o‘rnatishdan tortib, qaror qabul qiluvchi shaxslarni jarayonga jalb qilishgacha bo‘lgan ko‘plab bosqichlar mavjud. Uning fikricha, $100 minglik va $1 millionlik bitimlar o‘rtasida hajm jihatidan katta farq bo‘lsa-da, ularni yopishning asosiy tamoyillari bir-biriga o‘xshash.
Enterprise sales nima?
Enterprise sales — yirik kompaniya va tashkilotlarga yuqori qiymatdagi mahsulot yoki xizmatlarni sotish jarayoni.
Oddiy B2B sotuvda qaror qabul qilish uchun bir yoki ikki kishi yetarli bo‘lishi mumkin. Enterprise segmentida esa qarorga ko‘pincha bir nechta bo‘limlar ta’sir qiladi: IT, yuridik bo‘lim, moliya, xaridlar bo‘limi, xavfsizlik xizmati va yuqori rahbariyat. Shu sababli bunday bitimlar uzoqroq davom etadi va sotuvchi mijoz tashkilotining ichki jarayonlarini ham yaxshi tushunishi kerak.
Win rate qancha bo‘lishi kerak?
Enterprise sales’da asosiy ko‘rsatkichlardan biri — win rate, ya’ni takliflarning nechta foizi bitim bilan yakunlanayotganini ko‘rsatuvchi ko‘rsatkich. Jen Abel sog‘lom enterprise sales jarayonida bu ko‘rsatkich taxminan 30–35% atrofida bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Uning fikricha, agar kompaniya deyarli har bir potensial mijoz bilan bitim tuzayotgan bo‘lsa, bu har doim ham yaxshi belgini anglatmaydi. Masalan, mahsulotning narxi bozordagi qiymatiga nisbatan juda past belgilangan bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun maqsad barcha mijozlarni ishontirish emas, mahsulot uchun haqiqiy qiymat mavjud bo‘lgan mijozlarni aniqlash va ular bilan ishlash bo‘lishi kerak.
1. Enterprise sotuvda mahsulot emas, biznes muammosi sotiladi
Yirik kompaniyaga mahsulot sotishda “bizning platformamiz arzonroq”, “bizda 20 ta funksiya bor” yoki “bizning texnologiyamiz zamonaviy” kabi argumentlar yetarli bo‘lmasligi mumkin. Enterprise xaridor uchun asosiy savol boshqacha: “Bu mahsulot kompaniyamga qanday biznes qiymati beradi?”
Masalan, mahsulot:
- operatsion xavfni kamaytirishi;
- kompaniyaning vaqtini tejashi;
- muhim jarayonlarni tezlashtirishi;
- xatolar sonini kamaytirishi;
- xavfsizlikni oshirishi;
- yangi bozorga tezroq chiqishga yordam berishi;
- yoki kompaniyaga raqobatchilardan ustunlik berishi mumkin.
Shuning uchun enterprise sales’da mahsulotning funksiyalaridan ko‘ra, uning biznes uchun qanday natija berishi muhimroq.
2. Sotuv jarayonini founderning o‘zi boshlashi muhim
Startapning dastlabki bosqichlarida enterprise mijozlar bilan ishlashni darhol professional sales jamoasiga topshirish har doim ham eng yaxshi strategiya emas. Jen Abelning yondashuvida Founder-Led Sales, ya’ni sotuv jarayonida ta’sischining shaxsan ishtirok etishi muhim o‘rin tutadi. Buning sababi oddiy: founder odatda mahsulotni, uning yaratilish sababini va mijoz muammosini eng yaxshi biladigan inson bo‘ladi.
Yirik kompaniya rahbari bilan suhbatda founder: “Bizning mahsulotimizda mana bunday funksiya bor” degan gapdan ko‘ra, “Sizda aynan mana shu muammo borligini ko‘ryapmiz va biz uni qanday hal qilish mumkinligini o‘rgandik” degan yondashuvni taklif qilishi mumkin. Bu esa suhbatni oddiy mahsulot taqdimotidan biznes muammosi muhokamasiga aylantiradi.
3. Birinchi uchrashuvda demo ko‘rsatishga shoshilmang
Enterprise sotuvdagi eng muhim bosqichlardan biri — birinchi uchrashuv. Bu bosqichda ko‘plab sotuvchilar qiladigan xato — uchrashuvni darhol mahsulot demosidan boshlash. Ammo birinchi uchrashuvning asosiy maqsadi mahsulotni ko‘rsatish emas.
Asosiy maqsad — mijozning biznesini tushunish.
Masalan, 30 daqiqalik birinchi uchrashuvni quyidagicha boshlash mumkin: “Bugungi uchrashuvni imkon qadar ochiq suhbat shaklida o‘tkazmoqchiman. Avval sizning hozirgi ustuvor vazifalaringiz va duch kelayotgan muammolaringizni yaxshiroq tushunib olsak, keyin mahsulotimiz sizga qanchalik mos kelishini ko‘rib chiqamiz.”
Shundan so‘ng sotuvchi ko‘proq savol berishi va mijozga gapirish imkoniyatini berishi kerak. Masalan:
- Kompaniyada keyingi 12–18 oyda nimalar o‘zgarishi kerak?
- Hozir qaysi jarayonlar eng ko‘p vaqt yoki resurs talab qilmoqda?
- Bu muammo kompaniyaning boshqa bo‘limlariga qanday ta’sir qilmoqda?
- Hozirgi yechimning asosiy kamchiligi nimada?
- Bu muammo hal qilinmasa, kompaniya qanday xavfga duch kelishi mumkin?
- Rahbariyat uchun bu masalada eng muhim natija nima?
Bu savollar sotuvchiga mijozning haqiqiy ehtiyojini tushunishga yordam beradi.
Nega mijozni ko‘proq gapirtirish kerak?
Chunki enterprise sales’da ma’lumotning o‘zi katta ustunlik beradi. Mijozning muammosini qanchalik yaxshi tushunsangiz, keyingi uchrashuvlarni shunchalik aniq rejalashtira olasiz. Aksincha, sotuvchi birinchi uchrashuvning 20 daqiqasini o‘z mahsuloti haqida gapirishga sarflasa, mijoz haqida juda kam ma’lumot oladi.
4. Har bir potensial mijoz bilan ishlash shart emas
Enterprise sales’da vaqt juda qimmat. Shuning uchun potensial mijozni imkon qadar erta baholash kerak. Agar kompaniyada muammo yetarlicha muhim bo‘lmasa, qaror qabul qiluvchi shaxs jarayonga jalb qilinmasa yoki mahsulot uchun real ehtiyoj bo‘lmasa, bitimni majburan davom ettirish sotuvchining vaqtini ham, kompaniyaning resurslarini ham sarflaydi.
Bu jarayon disqualification deb ataladi — ya’ni mos kelmaydigan potensial mijozni jarayonning dastlabki bosqichida ajratib olish. Bu “mijozni yo‘qotish” emas. Aksincha, to‘g‘ri mijozga ko‘proq vaqt ajratish imkonini beradi.
5. Demoni mijoz bilan birgalikda tayyorlang
Birinchi uchrashuv yaxshi o‘tdi. Keyingi qadam nima? Darhol katta guruh oldida standart demo o‘tkazish shart emas. Avval kompaniya ichidagi sizni qo‘llab-quvvatlayotgan xodim — masalan, VP yoki direktor bilan qisqa tayyorgarlik suhbatini o‘tkazish mumkin. Masalan:
“Keyingi uchrashuvda rahbariyatga mahsulotimizning qaysi jihatlarini ko‘rsatish eng foydali bo‘ladi? O‘tgan suhbatimizda bir nechta muhim muammolarni aniqlagandik. Ulardan qaysi ikkitasi rahbariyat uchun eng muhim?”
Bu yondashuvning asosiy afzalligi — demo mijozning real ehtiyojlariga moslashtiriladi. Bundan tashqari, kompaniya ichidagi sizning tarafdoringiz ham jarayonga faolroq qo‘shiladi.
Enterprise sales’da bunday insonni ko‘pincha champion deb atashadi. Champion — mahsulotingizni kompaniya ichida qo‘llab-quvvatlaydigan va boshqa qaror qabul qiluvchilarga uning qiymatini tushuntirishga yordam beradigan xodim.
6. Guruh demosida faqat kerakli narsani ko‘rsating
Enterprise mijozga mahsulotning barcha funksiyalarini ko‘rsatish yaxshi fikrdek tuyulishi mumkin. Ammo amalda buning aksi bo‘lishi mumkin. Agar platformada 50 ta funksiya bo‘lsa va mijozga ulardan faqat 5 tasi kerak bo‘lsa, qolgan 45 ta funksiyani ko‘rsatish xaridorni chalg‘itadi. Mijozning xayolida boshqa savol paydo bo‘lishi mumkin:
“Nega bizga kerak bo‘lmagan funksiyalar uchun ham pul to‘lashimiz kerak?”
Shuning uchun demo mijozning oldingi suhbatlarda aytgan muammolariga moslashtirilishi kerak. Bu yerda 20/80 tamoyili foydali: mahsulotning hammasini emas, mijoz uchun eng muhim bo‘lgan imkoniyatlarni ko‘rsatish. Demo quyidagi savolga javob berishi kerak:
“Siz aytgan muammoni biz qanday hal qilamiz?”
7. Qaror qabul qiluvchilarni jarayonga erta jalb qiling
Enterprise bitimlarda bitta xodim bilan yaxshi munosabat o‘rnatishning o‘zi yetarli emas. Masalan, siz IT bo‘limidagi mutaxassisni ishontirdingiz. Ammo yakuniy qarorni CEO, CIO, General Counsel yoki Procurement bo‘limi qabul qilishi mumkin.
Shu sababli sotuv jarayonida tegishli qaror qabul qiluvchilarni imkon qadar erta aniqlash kerak. Bu yerda Jen Abel tavsiya qiladigan yondashuvlardan biri — tashkilotning yuqori va o‘rta-yuqori boshqaruv darajalariga parallel ravishda chiqish.
Birinchi yo‘nalish — C-Level
Masalan:
- CEO;
- CIO;
- General Counsel;
- Chief Legal Officer;
- boshqa tegishli yuqori lavozimlar.
Ikkinchi yo‘nalish — ularga bevosita bo‘ysunuvchi rahbarlar
Masalan:
- VP;
- Director;
- funksional bo‘lim rahbari.
Bu yondashuvning maqsadi rahbariyatni chetlab o‘tish emas, balki kompaniyaning turli darajalarida bir vaqtning o‘zida biznes muammosini tushunadigan va uni ichkarida ilgari suradigan aloqalar yaratish.
8. Enterprise mijozga “arzonroq” deb sotish har doim ham ishlamaydi
Kichik va o‘rta biznes uchun xarajatni kamaytirish kuchli argument bo‘lishi mumkin. Ammo yirik kompaniyalarda qaror faqat narxga bog‘liq emas. Masalan, bank yoki yirik texnologik kompaniya uchun quyidagi omillar muhimroq bo‘lishi mumkin:
- xavfsizlik;
- ma’lumotlarni himoya qilish;
- operatsion risk;
- huquqiy xavflar;
- ish jarayonlarini tezlashtirish;
- yangi imkoniyatlarni raqobatchilardan oldin ishga tushirish.
Shuning uchun enterprise sotuvda: “Biz sizga arzonroq tushamiz” degan argumentdan ko‘ra,
“Biz sizga qanday xavfni kamaytiramiz yoki qanday biznes natijani yaxshilaymiz?”
degan savol kuchliroq bo‘lishi mumkin. Bu ayniqsa yirik banklar, telekom kompaniyalari, texnologik korporatsiyalar va davlat bilan ishlaydigan bizneslar uchun muhim.
9. $100 minglik va $1 millionlik bitimning asosiy mexanikasi bir xil
Bitim qiymati oshgani sari jarayon murakkablashadi: ko‘proq odam jalb qilinadi, tekshiruvlar ko‘payadi va shartnoma bo‘yicha muzokaralar uzoqroq davom etadi. Ammo asosiy tamoyillar o‘zgarmaydi:
muammoni aniqlash → qaror qabul qiluvchilarni topish → qiymatni ko‘rsatish → ichki tarafdor yaratish → qarorni asoslash → bitimni yopish.
Shu sababli enterprise sales’ni faqat “katta narxdagi mahsulot sotish” deb tushunish noto‘g‘ri. Bu, aslida, yirik tashkilot ichidagi murakkab qaror qabul qilish jarayonini boshqarishdir.
O‘zbekiston startaplari uchun bu nimani anglatadi?
Enterprise sales O‘zbekiston startup ekotizimi uchun ham tobora muhimlashib bormoqda. Mahalliy fintech, SaaS, AI, cybersecurity va boshqa B2B startaplar banklar, telekomlar, holdinglar va yirik korxonalar bilan ishlashni boshlagan sari yuqori qiymatdagi bitimlarni yopish ko‘nikmasi ham kerak bo‘ladi. Bu jarayondan bir nechta amaliy xulosa chiqarish mumkin.
1. “Biz arzonmiz” degan argument bilan cheklanmaslik kerak
Mahalliy startaplar ko‘pincha o‘z mahsulotining asosiy ustunligi sifatida narxni ko‘rsatadi. Ammo yirik kompaniya uchun arzonlikning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Startap o‘z mahsulotining:
- riskni qanday kamaytirishi;
- daromadni qanday oshirishi;
- vaqtni qanday tejashi;
- jarayonni qanday tezlashtirishi;
- yoki raqobat ustunligini qanday yaratishini
aniq ko‘rsatishi kerak.
2. Birgina xodim bilan cheklanib qolmaslik kerak
Agar siz kompaniyadagi bitta mutaxassis bilan bir necha oy ishlasangiz, lekin u yakuniy qaror qabul qiluvchi bo‘lmasa, bitim bir joyda to‘xtab qolishi mumkin. Shuning uchun boshidanoq: “Bu qarorni kompaniyada kim qabul qiladi?” degan savolga javob topish muhim.
3. Founder katta mijozlar bilan bevosita gaplashishi kerak Startapning ilk enterprise mijozlarini faqat sales manager zimmasiga yuklash shart emas. Ayniqsa, bitim qiymati o‘nlab yoki yuzlab ming dollar bo‘lsa, founderning o‘zi yirik kompaniya rahbari bilan suhbatlashishi katta ahamiyatga ega. Founder mahsulotning kelib chiqishi, kompaniyaning uzoq muddatli rejasi va mijoz muammosini eng yaxshi biladigan odam bo‘ladi.
4. Demo — sotuvning boshlanishi emas, natijasi
Eng muhim xulosa shuki, demo sotuv jarayonining markazi emas. Demo oldidan mijozning muammosi, ehtiyoji, qaror qabul qilish jarayoni va asosiy manfaatdor tomonlari aniqlangan bo‘lishi kerak. Shunda demo oddiy “mahsulot taqdimoti” emas, balki mijozning aniq muammosiga berilgan javobga aylanadi. Enterprise sales — bu bir uchrashuvda mahsulotni ko‘rsatib, tijoriy taklif yuborishdan iborat jarayon emas.
Yirik bitimlarda sotuvchi avvalo mijozning biznesini tushunishi, keyin qaror qabul qiluvchi shaxslarni aniqlashi, kompaniya ichida mahsulotni qo‘llab-quvvatlaydigan champion topishi va har bir keyingi uchrashuvni avvalgi suhbatdan olingan ma’lumotlar asosida qurishi kerak.
Eng muhimi esa — mahsulotni emas, mijoz uchun yaratiladigan qiymatni sotish. O‘zbekiston startaplari uchun ham bu yondashuv muhim. Chunki mahalliy bozor kengaygani sari B2B kompaniyalar faqat mahsulot yaratish emas, balki uni yirik korxonalarga qanday sotishni ham o‘rganishi kerak bo‘ladi.
















