O‘zbekistonlik tadbirkor Behzod Zufarov xalqaro yuk tashish bozoridagi yillar davomida shakllangan muammoni raqamlashtirishga urindi. Dastlab u yuk jo‘natuvchi va haydovchilarni vositachilarsiz bog‘laydigan marketplace yaratdi. Ammo pullik model ish bermadi: platformadagi faollik 70 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi.
Shundan so‘ng loyiha butunlay boshqa yo‘nalishga burildi. Bugun TIRGO xalqaro tashuvchilar uchun tranzit deklaratsiyalari, sug‘urta, elektron navbat, yo‘l to‘lovlari va boshqa hujjatlarni bir platformada rasmiylashtirishga yordam beradi. AI esa hujjatlardagi ma’lumotlarni avtomatik o‘qib, tekshiradi va tizimga kiritadi.
2026-yil avgustida TIRGO’ning oylik takroriy tushumi $78–80 mingga yetgan. Kompaniya oktyabrgacha operatsion foydaga chiqishni kutmoqda.
Hammasi $800 ortiqcha komissiyadan boshlangan
Behzod Zufarov TIRGO’ni boshlashdan oldin qariyb 15 yil xalqaro savdo va logistika sohasida ishlagan. U Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan, keyinchalik tashqi iqtisodiy faoliyat, logistika va bojxona rasmiylashtiruvi bilan shug‘ullangan.
TIRGO g‘oyasi esa 2018-yilda paydo bo‘lgan. Tadbirkorning kompaniyasi Erondan yuk olib kelish uchun transport xizmatidan foydalangan. Kelishilgan tashish narxi $4 800 bo‘lgan, biroq haydovchiga $4 000 berilgan. Qolgan $800 esa vositachida qolgan.
Shu holat Zufarovga oddiy savol tug‘dirgan: agar vositachi faqat haydovchini topib bergan bo‘lsa, nega buning uchun bunchalik katta komissiya to‘lanishi kerak?
Dastlab jamoa haydovchilarni Telegram kanallari, e’lonlar va tanishlar orqali topgan. Keyinchalik bu jarayonni platformaga aylantirish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Ammo 2018-yilda bozor hali bunday mahsulotga tayyor emas edi: haydovchilar mobil ilovalardan yetarlicha foydalanmasdi.
2022-yilda TIRGO ishga tushdi
Pandemiyadan keyin g‘oya qayta jonlandi. Birinchi ishlab chiquvchilar jamoasi yaratgan mahsulot kutilganidek ishlamadi. Keyingi jamoaning ishlanmasi ham talabga javob bermadi. Natijada loyiha kodi qayta yozildi va kompaniya ichki ishlab chiqish guruhini shakllantirdi.
2022-yil yozida TIRGO’ning MVP versiyasi tayyor bo‘ldi. Dastlab mahsulot oddiy marketplace edi: yuk egasi A nuqtadan B nuqtaga yuk tashish bo‘yicha buyurtma joylashtiradi, haydovchilar esa o‘z narxini taklif qiladi. Shu orqali vositachilarni jarayondan chiqarish ko‘zlangan. Jamoa foydalanuvchilarni jalb qilish uchun noodatiy usuldan foydalangan.
12 nafar xodim O‘zbekiston–Qozog‘iston chegarasidagi yuk mashinalari navbatlariga borib, haydovchilar bilan bevosita gaplashgan. Natijada bir oy ichida taxminan 4 ming haydovchi platformaga ro‘yxatdan o‘tgan. Umuman olganda, marketplace faol bo‘lgan davrda 5 mingdan ortiq haydovchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ammo katta foydalanuvchi bazasi hali biznes modeli ishlayotganini anglatmasdi.
TIRGO dastlab xizmatni bepul taqdim etdi. Maqsad — avval katta foydalanuvchi bazasini yig‘ish, keyin monetizatsiyani boshlash edi. Lekin pullik model ishga tushirilgach, platformadagi faollik 70 foizdan ko‘proqqa kamaydi. Shu paytda kompaniya oldida ikkita yo‘l qolgan: eski modelga yana pul tikish yoki mahsulotni o‘zgartirish.
TIRGO ikkinchi variantni tanladi. Marketplace vaqtincha o‘chirildi va kompaniya haydovchilarga xalqaro tashish paytida zarur bo‘ladigan xizmatlarni raqamlashtirishga o’tdi. Bugungi mahsulot aynan shu pivot natijasida shakllangan.
TIRGO aslida nima qiladi?
Bugungi TIRGO — xalqaro logistika uchun raqamli platforma.
Tizimda:
- O‘zbekiston va Qozog‘iston tranzit deklaratsiyalarini rasmiylashtirish;
- xalqaro sug‘urta;
- yuk va fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi;
- chegaralardagi elektron navbatlarni bron qilish;
- pullik yo‘llar uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
- elektron navigatsion plombalarni rasmiylashtirish kabi xizmatlar mavjud.
Platformada haydovchilar uchun TIRGO Driver, tashuvchilar va yuk egalari uchun esa alohida interfeyslar mavjud. Logistlar web-panel orqali transport harakatini kuzatishi, haydovchi esa hujjatlar va reys statuslarini ilovadan ko‘rishi mumkin.
Kompaniyaning hozirgi saytida esa mahsulot bundan ham kengroq ko‘rinishda taqdim etilgan: yuk joylashtirish, tashuvchi topish, takliflarni solishtirish, xavfsiz bitim, yukni kuzatish va hujjatlarni bitta raqamli jarayonda boshqarish imkoniyati ko‘rsatilgan. Platforma avtomobil tashuvlaridan tashqari temiryo‘l, dengiz, havo va multimodal tashuvlarni ham qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
TIRGO’dagi AI’ning vazifasi foydalanuvchi bilan suhbatlashishdan ko‘ra ancha amaliy. Haydovchi yoki operator hujjatlar paketining fotosurati yoki skanini tizimga yuklaydi. AI:
hujjatni o‘qiydi → kerakli ma’lumotlarni ajratib oladi → xatolar va nomuvofiqliklarni tekshiradi → operatorga tekshirish uchun tayyor ma’lumot beradi.
Keyin operator natijani tasdiqlaydi va deklaratsiyani avtomatlashtirilgan tizimda rasmiylashtiradi. Bir hujjatni tayyorlashga taxminan 3–5 daqiqa ketadi.
Kompaniyaning texnik tavsifiga ko‘ra, tizim CMR, invoice, packing list, bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlardan ma’lumotlarni OCR va multimodal AI yordamida ajratadi. Har bir maydon bo‘yicha ishonchlilik darajasi ko‘rsatiladi va yakuniy nazorat operator tomonidan amalga oshiriladi. Bu yondashuvning asosiy qiymati faqat tezlikda emas.
Bir xodim bir vaqtning o‘zida bitta ariza bilan ishlashi mumkin, AI esa bir nechta hujjatlarni parallel qayta ishlash imkonini beradi.
Ya’ni kompaniya xodimlar sonini proporsional oshirmasdan ko‘proq buyurtmani qayta ishlashi mumkin.

120–150 ta kompaniya va 7 500 foydalanuvchi
Bugungi kunda TIRGO bilan 120–150 ta transport kompaniyasi ishlaydi. Foydalanuvchilar soni esa 7 500 nafarga yetgan. Mijozlarning 95–99 foizini o‘z avtoparkiga ega transport kompaniyalari tashkil qiladi. Shu bilan birga, mustaqil yuk mashinasi egalari ham TIRGO Driver orqali xizmatlardan foydalanishi mumkin.
Kompaniya hozir avtomobil tashuvlari bilan bir qatorda temiryo‘l logistikasiga ham kirishni boshlagan. Bu yo‘nalishda yuk jo‘natuvchilar va ekspeditorlar uchun tariflarni hisoblash, yuk hujjatlari va invoice’larni tayyorlash hamda bojxona deklaratsiyasini amalga oshirishga yordam beradigan tizim ishlab chiqilmoqda.
$80 minglik tushumga qanday chiqdi?
TIRGO’ning eng e’tiborli ko‘rsatkichlaridan biri — uning hozirgi daromadi. 2026-yil avgustida kompaniyaning oylik takroriy tushumi $78–80 mingga yetgan. Startap oktyabr oyiga kelib bir necha ming dollarlik foydaga chiqishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, kompaniya yil oxirigacha $500 ming investitsiya jalb qilishni rejalashtirgan. Mablag‘lar yangi bozorlarga chiqish, savdo jamoasini kengaytirish va mahsulotni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Birinchi navbatda Qirg‘izistonga chiqish rejalashtirilgan — u yerda TIRGO allaqachon yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazgan. Keyingi yo‘nalish sifatida Rossiya ko‘rilmoqda.
TIRGO yangi logistika bozori yaratmayapti. U allaqachon mavjud bo‘lgan, ammo ko‘p jarayonlari hali ham operatorlar, hujjatlar va turli servislar o‘rtasida bo‘lingan bozorni bitta raqamli tizimga yig‘ishga harakat qilmoqda. Kompaniyaning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, platforma hozir 50 dan ortiq mamlakat va 500 dan ortiq shaharga xizmat ko‘rsatishni ko‘rsatmoqda.
Startap avval marketplace yaratdi. Foydalanuvchi yig‘di. Monetizatsiyani sinadi. Model ishlamadi. Faollik 70 foizdan ko‘proqqa tushdi. Shundan keyin mahsulotni butunlay o‘zgartirdi.
Natijada esa kompaniya aynan o‘sha logistika bozoridagi boshqa, ancha og‘riqli muammoga — xalqaro yuk tashishdagi hujjatbozlik va operatsion jarayonlarga e’tibor qaratdi.
Endi TIRGO o‘zini oddiy yuk tashish platformasi emas, balki yukni joylashtirishdan tortib hujjatlar, kuzatuv va turli transport turlarigacha bo‘lgan jarayonlarni bitta raqamli tizimga birlashtiradigan logistika ekotizimiga aylantirishni maqsad qilmoqda.

















