Bir necha yil oldin AI startup qurishning eng katta muammosi model yaratish edi. Kuchli algoritmlar, qimmat serverlar va katta hajmdagi ma’lumotlar bozorning asosiy kirish to‘siqlari hisoblanardi. Bugun esa vaziyat o‘zgardi. OpenAI, Anthropic, Google va boshqa kompaniyalar tomonidan taqdim etilgan tayyor modellardan foydalanish imkoniyati AI mahsulot yaratishni ancha arzonlashtirdi. Endi bir necha kishilik jamoa ham qisqa vaqt ichida AI mahsulotni ishga tushira oladi. Lekin yangi muammo paydo bo‘ldi: foydalanuvchini ushlab qolish.
AI mahsulotlar tez o‘smoqda, ammo tez tark etilmoqda
2026-yilda RevenueCat tomonidan e’lon qilingan hisobot AI ilovalari uchun muhim signal berdi. Tahlilga ko‘ra, AI ilovalari foydalanuvchilarni obunaga jalb qilishda yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, uzoq muddatli retention ko‘rsatkichlari bo‘yicha boshqa ilovalardan ortda qolmoqda.
Hisobotda AI ilovalarning yillik retention darajasi 21,1 foizni tashkil etgani qayd etilgan. AI bo‘lmagan ilovalarda esa bu ko‘rsatkich 30,7 foizga yetgan. Bundan tashqari, AI ilovalar foydalanuvchilari obunani o‘rtacha 30 foiz tezroq bekor qilmoqda. Bu esa bir narsani ko‘rsatadi: AI mahsulotga foydalanuvchini olib kelish qiyin emas, uni qaytarib kelish qiyin.
AI mahsulotlarning aksariyati bir xil texnologik bazaga tayangan holda qurilmoqda.
-Bir startup matn yozadi.
-Boshqasi kod yozadi.
-Yana biri prezentatsiya tayyorlaydi.
Ammo foydalanuvchi uchun bu mahsulotlar orasidagi farq ko‘pincha katta emas. Natijada foydalanuvchi yangi xizmatni sinab ko‘radi, bir necha kun foydalanadi va keyin boshqa alternativaga o‘tadi. Bozorda AI vositalar soni ortgani sari mahsulotlar o‘rtasidagi raqobat ham kuchaymoqda.
Bir necha yil oldin investorlar uchun eng muhim savol: «Bu mahsulot AI ishlatadimi?» edi. Bugun esa savol boshqacha: «Foydalanuvchilar bir oy, uch oy yoki olti oydan keyin ham qaytyaptimi?» Aynan shu sababli retention investorlar uchun asosiy metrikalardan biriga aylanmoqda.
A16z tomonidan taqdim etilgan ayrim AI mahsulotlarining retention grafiklari hatto tajribali investorlarni ham hayratda qoldirdi. Yaxshi retention ko‘rsatkichlari AI bozorida haqiqiy ustunlikka aylanmoqda. AI davrida texnologiyaning o‘zi ustunlik emas. Modelni deyarli hamma ishlata oladi. Promptlarni deyarli hamma yozadi. Agentlarni deyarli hamma quradi.
Ammo foydalanuvchini har hafta mahsulotga qaytarish hamma ham uddalay olmaydigan vazifa.Shuning uchun bugungi AI startup uchun eng muhim savol: «Bizning mahsulotimiz foydalanuvchining kundalik ish jarayonining bir qismiga aylanyaptimi?» Agar javob «ha» bo‘lsa, retention ortadi. Agar javob «yo‘q» bo‘lsa, hatto eng kuchli model ham mahsulotni saqlab qola olmaydi.
AI bozori tobora to‘yinib borayotgan bir paytda g‘oliblar eng aqlli modelga ega kompaniyalar emas, balki foydalanuvchilar qayta-qayta foydalanadigan mahsulotlarni yarata olgan startaplar bo‘lishi mumkin.
















