AQSh fond bozorining qariyb bir asrlik tarixi kutilmagan natijani ko’rsatdi: bozorda yaratilgan aksiyadorlik qiymatining deyarli barchasi juda oz sonli kompaniyalar hissasiga to’g’ri keladi.
1926–2025 yillar oralig’ida AQSh fond birjasida ro’yxatdan o’tgan 29 754 ta kompaniya faoliyatini tahlil qilgan tadqiqotga ko’ra, aksiyadorlar uchun jami 90,96 trillion dollarlik qiymat yaratilgan. Biroq bu qiymatning deyarli barchasi atigi 1 082 ta kompaniya, ya’ni bozorning 4 foizi tomonidan yaratilgan. Qolgan 96 foiz kompaniya esa umumiy hisobda deyarli hech qanday sof qiymat yaratmagan.
Tadqiqot yana bir muhim tendensiyani ham ochib berdi. O’rtacha hisobda bitta aksiya investorlarga 6,87% zarar keltirgan. Kompaniyalarning 59 foizi aksiyadorlar uchun qiymatni kamaytirgan bo’lsa, atigi 41 foizi AQSh davlat g’aznachilik obligatsiyalaridan (Treasury bills) yuqori daromad taqdim eta olgan. So’nggi yuz yil davomida eng katta qiymat yaratgan kompaniyalar esa texnologiya gigantlari bo’ldi:
- Apple — 5,02 trillion dollar
- Nvidia — 4,58 trillion dollar
- Microsoft — 4,03 trillion dollar
- Alphabet — 3,57 trillion dollar
- Amazon — 2,27 trillion dollar
E’tiborlisi, faqat Apple va Nvidia kompaniyalarining o’zi 1926-yildan buyon yaratilgan jami aksiyadorlik qiymatining 10,6 foizini ta’minlagan.
Tadqiqot bozor konsentratsiyasi tobora kuchayib borayotganini ham ko’rsatmoqda. 2016-yilda AQSh fond bozoridagi umumiy qiymatning yarmiga erishish uchun 89 ta kompaniya yetarli bo’lgan bo’lsa, bugungi kunga kelib shu natijani ta’minlash uchun atigi 46 ta kompaniya kifoya qilmoqda. Bu investorlar kapitali va bozor qiymati tobora kamroq kompaniyalarda jamlanayotganini anglatadi.
Mazkur tadqiqot uzoq muddatli investitsiyalar uchun muhim xulosani beradi: fond bozori natijalarini minglab kompaniyalar emas, balki sanoatni o’zgartira oladigan sanoqli global liderlar belgilaydi. Bugungi kunda sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va yarimo’tkazgichlar sohasidagi yetakchi kompaniyalar bozor o’sishining asosiy drayveriga aylanmoqda. Natijada AQSh fond bozorida yaratilayotgan qiymat tobora kam sonli kompaniyalar qo’lida jamlanib bormoqda.

















