Avvaliga smartfoningizdagi yangi taksi agregatori shaharning istalgan nuqtasiga deyarli tekinga olib boradi, haydovchilarga esa saxovat bilan bonuslar ulashadi. Keyin sevimli messenjeringiz mutlaqo reklamasiz, toza va qulay interfeys bilan hayotingizning ajralmas qismiga aylanadi. Ammo yillar o’tib, o’sha taksi xizmati narxi o’n baravar qimmatlashadi, haydovchilar foizi qisqaradi, messenjer esa har qadamda pullik obunalar va bannerlarni ko’rsata boshlaydi.
Bugun global texnologiya bozori xuddi shu ssenariyning eng yirik va eng qimmat takrorlanishiga guvoh bo’lmoqda. Faqat bu safar gap oddiy ilovalar emas, balki insoniyat kelajagini o’zgartirishi aytilayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari haqida bormoqda. Biz hozirgina yakunlanayotgan «bepul va arzon AI» davrining so’nggi kunlarini yashayotgan bo’lishimiz mumkin.
Uch bosqichli degradatsiya
Taniqli yozuvchi va texno-tanqidchi Kori Doktorov raqamli platformalarning rivojlanish va tanazzul davrini tushuntirish uchun «enshittifikatsiya» (enshittification) atamasini fanga kiritgan. Termin shu qadar aniq nishonga tegdiki, American Dialect Society uni 2023-yilning so’zi deb tanladi, Avstraliyaning Macquarie lug’ati esa 2024-yilda xuddi shunday qildi, 2025-yilda esa Doktorov’ning shu nomdagi kitobi Financial Times’ning yil biznes-kitobi uzun ro’yxatiga kirdi.
Ushbu uch bosqichli model har qanday yirik texnologik platformaning transformatsiyasini aniq tasvirlab beradi. Birinchi bosqichda platformalar o’z xizmatlarini zarariga bo’lsa-da juda arzon yoki mutlaqo bepul taqdim etadi — maqsad maksimal darajada auditoriya yig’ish va odamlarda ko’nikma hosil qilish. Ikkinchi bosqichda auditoriya tayyor bo’lgach, platformaga uchinchi tomon biznes subyektlari — reklama beruvchilar, kontent ijodkorlari va do’konlar — jalb qilinadi, foydalanuvchi tajribasi endi mahsulot emas, xomashyoga aylanadi. Uchinchi bosqichda esa platforma har ikki tomonni ham o’ziga bog’lab bo’lgach, bor e’tibor foydalanuvchidan ham, biznesdan ham maksimal daromadni siqib chiqarib, investorlarga foyda keltirishga qaratiladi.
Doktorov’ning muhim izohi: bu kapitalizmning «temir qonuni» emas. Bu — jazosizlik natijasi. Platformalarni intizomda ushlab turgan to’rt kuch — raqobat, davlat regulyatsiyasi, tizimlararo moslik va xodimlar qarshiligi — so’nggi o’n yilliklarda birma-bir zaiflashdi. Facebook, Amazon va Google aynan shu bo’shliqda degradatsiyaga uchradi. Endi asosiy savol: bugungi sun’iy intellekt gigantlari — OpenAI, Microsoft, Google va Anthropic — shu modelning qaysi bosqichida turibdi?
So’nggi yillarda biz dunyoning eng ilg’or neyrotarmoqlaridan deyarli tekinga yoki past narxlardagi obuna evaziga foydalana oldik. Bu davr sun’iy intellekt kompaniyalarining real daromadlari hisobiga emas, balki venchur kapitali va yirik korporatsiyalarning milliardlab dollarlik investitsiyalari hisobiga yashadi.
Bozor yetakchisi OpenAI 2025-yilda 13,1 milliard dollar daromad ko’rdi — oldingi yilga nisbatan 250 foiz o’sish. Lekin ayni shu yilda kompaniyaning operatsion zarari 20,9 milliard dollarga yetdi, sof zarar esa 38,5 milliard dollarni tashkil etdi. Hozirgi kunda ChatGPT’dan 1,1 milliard kishi oyiga kamida bir marta foydalanadi, lekin ulardan atigi 5 foizga yaqini obunaga pul to’laydi. Shu bilan birga kompaniya 2030-yillar boshigacha data-markazlarga qariyb 1,4 trillion dollarlik infratuzilma majburiyati olgan. Har bir generatsiya qilingan matn, rasm yoki kod ortida ulkan serverlar quvvati, suv bilan sovutiladigan ma’lumotlar markazlari va astronomik elektr energiyasi xarajatlari yotadi.
Texnologiya sohasini kuzatib boradigan ekspert Ed Zitron hali 2024-yildayoq bu holatni «sun’iy intellektning soxta inqirozi» deb atagan edi. U buni 2007-yildagi jahon bank tizimining qulashiga o‘xshatadi.
Uning fikri juda oddiy: bugungi kunda minglab kompaniyalar sun’iy intellektni o’z dasturlariga qo’shib olishdi, lekin buning uchun haqiqatda qancha xarajat ketayotganini yashirishmoqda. Ular texnologiyani sun’iy ravishda arzon qilib ko’rsatishga majbur.
Ed Zitronning hisob-kitoblariga ko’ra, agar OpenAI va Anthropic kabi kompaniyalar o’z xizmatlarini tekinga yoki arzon obuna evaziga emas, balki haqiqiy tannarxida (serverlar, elektr va suv xarajatlarini to’liq qoplagan holda) sotishni boshlasa, biz to’laydigan narxlar hozirgidan 10 barobardan 100 barobargacha qimmatlashishi kerak edi. (To‘g‘ri, ba’zi mutaxassislar Zitron bu raqamlarni bir oz oshirib yuborgan deb hisoblashadi. Ammo bir narsa aniq: kompaniyalarning bu texnologiyani ushlab turish uchun sarflayotgan pullari topayotgan daromadidan bir necha barobar ko’p va bu holatni hech kim inkor eta olmaydi). Boshqacha aytganda: hozirgi arzon tokenlar, saxiy bepul tariflar va 20 dollarlik ko’p funksiyali obunalar — bu bozor narxi emas. Bu sizni o’rgatish uchun to’lanayotgan narx. Va kimdir bu farqni ertami-kechmi yopishi kerak.
Bu faqat nazariy xavotir emas. 2025–2026 yillarda ikkinchi bosqichning belgilari ketma-ket paydo bo’ldi — va bularni taxmin emas, aniq sanalar va raqamlar bilan isbotlash mumkin.
2024-yil mayda OpenAI bosh direktori Sem Oltmen AI va reklama kombinatsiyasini «alohida bezovta qiluvchi» va «eng oxirgi chora» deb atagan edi. 2025-yil aprelda ChatGPT qidiruviga mahsulot tavsiyalari paydo bo’ldi. Noyabrda Android beta ilovasida reklama infratuzilmasi topildi — kompaniya rasman inkor qildi. Bir oydan keyin esa reklama rasman e’lon qilindi. 2026-yil 9-fevralda ChatGPT’da reklama AQShda ishga tushdi — Free va yangi 8 dollarlik Go tariflarida, javoblar ostidagi «sponsored» bloklar ko’rinishida. May oyiga kelib pilot Buyuk Britaniya, Yaponiya, Braziliya, Meksika va Janubiy Koreyaga kengaytirildi.
GPT-5 chiqishi bilan OpenAI bepul foydalanuvchilarni arzonroq modelga majburan o’tkazdi. 20–35 dollarlik tariflardan model tanlash imkoniyatini olib tashlab, bu tanlovni faqat 200 dollarlik Pro darajasiga qoldirdi. Oldingi tarifda oltita model mavjud edi — endi ikkita. Kompaniya buni «real-time router sizning o’rnigizga eng yaxshi modelni tanlaydi» deb taqdim etdi. AI-kod redaktori Cursor ham foydalanuvchilarga keskin tarif oshirdi — bir milliard dollarga yaqin investitsiya olganiga qaramay. Sabab oddiy: uning ustida turgan modellar qimmatlashdi, bu xarajat esa pastga, foydalanuvchiga o’tdi.
Eng yorqin misol — Microsoft. Kompaniya Microsoft 365 obunasiga Copilot AI yordamchisini majburan qo’shib, Personal tarifni yiliga 70 dollardan 100 dollarga oshirdi — eng past tarifda 42 foizlik sakrash. Buning evaziga foydalanuvchi oyiga bor-yo’g’i 60 ta «AI kredit» oladi, ular jamg’arilmaydi. Eng dahshatlisi — bu majburlash ishlamadi ham: uch yildan keyin Microsoft’ning korporativ foydalanuvchilaridan 4,5 foizdan kami Copilot uchun to’laydi. Bosim shu qadar kuchaydiki, 2026-yil martida Microsoft Copilot’ni Photos, Notepad va Widgets kabi asosiy ilovalardan olib tashlashga majbur bo’ldi — «AI hamma joyda» strategiyasidan birinchi rasmiy chekinish.
«Mahsulotning har bir burchagiga sun’iy intellektni tiqaverish uni yaxshilab qo’ymaydi» degan fikrni eng aniq isboti — Google qidiruv tizimidir. Pew Research tadqiqot markazi 900 nafar odamning internetda o’zini qanday tutishini kuzatib chiqdi. Natijalar quyidagicha: Google qidiruvining eng tepasida sun’iy intellekt tayyorlab beradigan qisqa javob (AI Overview) paydo bo’lganidan keyin, odamlar ma’lumot qidirib pastdagi saytlarga kirmay qo’ygan. Aniqlanishicha, bunday sahifalarda foydalanuvchilarning bor-yo’g’i 8 foizigina qaysidir saytning ustiga bosib, ichiga kirgan. Sun’iy intellekt aralashmagan, ya’ni eski uslubdagi oddiy qidiruv sahifalarida esa odamlar ikki barobar ko’proq (15 foiz) saytlarga o’tishgan.
Sodda qilib aytganda, Google qidiruvga sun’iy intellektni qo’shib, odamlarni tayyor saytlarga kirib ma’lumot o’qishdan to’sib qo’ymoqda. 2026-yilda chiqqan birinchi randomizatsiyalangan tajriba — 1065 foydalanuvchi ishtirokida — yanada aniqroq natija berdi: AI Overviews saytlarga o’tishni 39,8 foizga kamaytiradi, «zero-click» qidiruvlarni 34,5 foizga oshiradi. Va eng muhimi: foydalanuvchilarning qidiruv tajribasiga bergan bahosida hech qanday o’lchanadigan yaxshilanish kuzatilmadi. Ya’ni media trafik yo’qotdi, foydalanuvchi esa hech narsa yutmadi. Oqibatlar konkret: Business Insider organik qidiruv trafigi 55 foizga qulagach, xodimlari shtatining beshdan birini qisqartirdi, HuffPost qidiruv trafigining yarmini yo’qotdi. Bu media industriyasi uchun mavhum trend emas — bu mavjudlik masalasi.
Foydalanuvchilar nima deyapti: AI’ga emas, majburiy AI’ga qarshi
Kompaniyalar bu jarayonni «user experience» nomi bilan sotyapti. Lekin so’rovlar boshqa gapni aytmoqda. NBC milliy so’rovida AI’ning ijobiy-salbiy baho balansi minus 20 punktni tashkil qildi. 18–34 yoshlilar orasida esa minus 44. Lekin bu yerda muhim nuans bor. Odamlar AI’ga qarshi emas. Odamlar majburiy va foydasiz AI’ga qarshi. Amazon AI-xulosalarni sharhlar tepasiga shovqinsiz, «AI» deb baqirmasdan joylashtirdi — bugun bu sayt sahifalaridagi eng ommabop funksiyalardan biri. Apple esa Apple Intelligence’ni hamma joyda emas, faqat kerakli joylarda va foydalanuvchi xohishiga ko’ra qo’shdi. Xuddi shu texnologiya, ikki xil yondashuv, ikki xil natija.
Bozor raqamlari ham tasdiqlaydi. Sensor Tower’ning 2026-yil iyundagi hisobotiga ko’ra, ChatGPT’ning global bozor ulushi 2024-yil dekabridagi 65 foizdan 2026-yil maygacha 46 foizga tushdi — tarixda birinchi marta yarimdan pastga. Yo’qotilgan ulushni ikki raqib bo’lib oldi: Google Gemini 28 foizga o’sdi, Anthropic’ning Claude’i esa besh oyda oylik foydalanuvchilarini 60 milliondan 245 millionga oshirib, yillik 452 foiz o’sish bilan eng tez o’sayotgan platformaga aylandi. Foydalanuvchi noroziligini so’z bilan emas, oyoq bilan ko’rsatmoqda.
Oxiri nima bo’ladi?
AI infratuzilmasining qimmatlashishi va monetizatsiya bosqichiga o’tishi bozorni to’rtta yo’ldan biriga — yoki bir nechtasiga birdan — olib borishi mumkin.
- Chatbot yangi Google’ga aylanadi: Reklama agentic commerce bilan birlashadi. OpenAI allaqachon Walmart va Etsy bilan ChatGPT orqali to’g’ridan-to’g’ri xarid jarayonlarini quryapti. Reklamachi uchun bu ideal dunyo: klik emas, butun tranzaksiya kuzatiladi.
- AI iqtisodiyoti zanjir: foydali Nvidia → qarzga qurilgan data-markazlar → zarar ko’rayotgan model ishlab chiqaruvchilar → zarar ko’rayotgan startaplar. Bitta bo’g’in uzilsa, hammasi qulaydi. Lekin qulashdan keyin ham hamma narsa yo’qolmaydi. Arzonlashgan GPU’lar va ochiq modellar qoladi. Pufak o’ladi — texnologiya emas.
- AI-xotira — yillar davomida assistentga yuklangan shaxsiy kontekst, afzalliklar, ish tarixi — texnologiya tarixidagi eng kuchli lock-in mexanizmi bo’lishi mumkin. Hozirgi «yaxshi davr» aynan shu lock-in hali qurilmagani uchun.
- AI internet kontentini yeydi, keyin o’sha yeganini qaytarib chiqaradi, keyin yana yeydi — natija har bir siklda yomonlashadi. Buning ilmiy nomi — model collapse: sintetik ma’lumotda o’qigan modellar xilma-xillikni yo’qotib, toraygan va buzilgan reallikni qaytara boshlaydi.
Texnologik ekotizimning ushbu transformatsiyasi sharoitida har birimiz uzoq muddatli rejalarni qayta ko’rib chiqishimiz kerak.
To‘rtinchidan, internet arxitekturasi o‘zgaradi va kliklar inqirozi chuqurlashadi. Google o‘z qidiruv tizimiga AI integratsiyasini joriy qilgandan so‘ng, an’anaviy saytlarga o‘tuvchi kliklar soni deyarli 39.8 foizga kamaydi. Dotatsiyalarsiz yashashga majbur bo‘lgan AI qidiruv tizimlari foydalanuvchini o‘z platformasida ushlab qolish uchun hamma javobni tayyor holda beradi. Natijada original kontent yaratuvchi saytlar trafiksiz va daromadsiz qoladi, bu esa reklama modeliga asoslangan butun boshli internet iqtisodiyotining poydevorini silkitadi. Bunga javoban, bozor bulutli hisoblashlardan qochib, smartfon va noutbuklarning o‘zida, ya’ni mahalliy chiplarda ishlaydigan kichik, ammo optimallashgan modellarga (On-device AI) e’tibor qaratadi.
Ushbu o‘zgaruvchan o‘yin qoidalarida biznes va foydalanuvchilar hozirdan strategik bog‘liqlikni kamaytirishlari shart. Jarayonlarni faqatgina bitta AI provayderining joriy narxlariga tayanib qurishdan qochish, Llama yoki Mistral kabi ochiq kodli (open-source) muqobil variantlarni shaxsiy serverlarda ishga tushirishni o‘rganish va AI berayotgan real samaradorlik uning bo‘lajak pullik obuna narxini oqlash-oqlamasligini hozirdan hisob-kitob qilish lozim. Venchur kapitali hisobidan moliyalashtirilgan bayram yakuniga yetmoqda, oldinda bizni sun’iy intellektning real iqtisodiy qonunlar asosida ishlaydigan, ancha pragmatik va jiddiy xarajatlar talab qiladigan davri kutmoqda.

















