Venchur kapitali olamining eng nufuzli institutlaridan biri — Andreessen Horowitz (a16z) asoschisi Ben Xorovits texnologiyalar, startaplar va global iqtisodiyotning bugungi holati bo’yicha o’zining chuqur tahlillari bilan o’rtoqlashdi. Uning fikricha, sun’iy intellekt (AI) davriga kelib, o’n yilliklar davomida o’zgarmas tuyulgan «startap fizikasi qonunlari» butunlay qayta yozilmoqda.
Ilgari dasturiy ta’minot olamida yozilmagan bir qonun bor edi: strategik muammolarni shunchaki ulkan moliyaviy resurslar va ortiqcha ishchi kuchi bilan tezda hal qilib bo’lmasdi. Kichik, moslanuvchan va iqtidorli jamoa uzoq yillar davomida ishlab mukammal mahsulot yaratsa, an’anaviy texnologik gigantlar qanchalik ko’p mablag’ sarflamasin, ularning texnologik ustunligiga yetib olishi qiyin edi. Google yoki IBM kabi korporatsiyalar startaplar tezligidan ortda qolishining sababi ham shu edi.
Bugun esa bu qonun o’zgardi. Agar sizda yetarli ma’lumotlar bazasi va eng zamonaviy hisoblash quvvati (GPU) bo’lsa, sun’iy intellekt yordamida deyarli har qanday texnologik cheklovni qisqa muddatda bartaraf etish mumkin. Buning eng yaqqol misoli — Ilon Mask. U juda qisqa vaqt ichida ulkan kapital va to’g’ri loyihalashtirilgan ma’lumotlar markazi yordamida dunyodagi eng yetakchi AI modellarining darajasiga ko’tarilishga muvaffaq bo’ldi. Ilgari bunday texnologik sakrash mutlaqo imkonsiz deb hisoblanardi.
AI kompaniyalarining daromad o’sishi va bozor miqyosi tarixdagi har qanday texnologiyadan tezroq shakllanmoqda. Masalan, dasturchilar uchun AI vositasi hisoblangan Cursor kabi loyihalar an’anaviy dasturlarga qaraganda o’n barobar qisqa vaqt ichida milliard dollarlik daromad darajasiga yetdi.
Bozor miqyosi endi 50 milliard dollar emas, balki 5 trillion dollargacha kengayishi mumkinligi kompaniyalarning kapitallashuv qiymatini ham tubdan o’zgartirdi. Shu sababli hozirgi kunda venchur bozorida mutlaqo yangi va o’ziga xos tendensiya kuzatilmoqda: kompaniyalar atigi bitta AI researcher uchun 100 milliondan 1 milliard dollargacha mablag’ sarflashga tayyor.
«Chunki dunyoda Google, Meta yoki OpenAI kabi platformalarda yirik modellarni haqiqatda qanday qurishni amalda ko’rgan va buni uddalay oladigan atigi 40 tacha mutaxassis bor. Ularni maktab yoki universitetda tayyorlab bo’lmaydi — bu jarayon ko’proq alkimyoga o’xshash bir san’at. Agar siz 4 trillion dollarlik kompaniya bo’lsangiz, o’sha 40 kishidan biriga milliard dollar to’lash mutlaqo mantiqiy matematikaga aylanadi.»
Kompaniya madaniyati — quruq shiorlar emas, aniq harakatlar yig’indisidir
Kompaniya miqyosi o’sgani sayyin eng katta xavf — bu ichki madaniyatning yo’qolishidir. Horovits o’zining «Biznes madaniyati» falsafasida yapon samuraylarining Busido (Jangchi yo’li) tamoyillariga tayanadi.
Madaniyat — bu g’oyalar emas, harakatlardir. Devorga «halollik», «o’zaro hurmat» yoki «mijozga yo’naltirilganlik» deb yozib qo’yish shunchaki quruq gap.
Aniq qoidalar o’rnating. Masalan, a16z jamg’armasida «tadbirkorni hurmat qilish» oliy qadriyat hisoblanadi. Amalda esa bu shunday ifodalanadi: investor startap asoschisi bilan uchrashuvga biror daqiqa ham kechikishga haqli emas. Jamg’arma ilk tashkil etilgan yillarda kechikkan investorlar har bir daqiqa uchun 10 dollar jarima to’lagan.
Madaniyat — hamkasbingiz yuborgan xatga qanchalik tez javob berishingiz, uchrashuvlarga o’z vaqtida kelishingiz va ortiqcha siyosiy o’yinlarsiz ish tutishingizda namoyon bo’ladi.
Ko’pchilik AI millionlab ish o’rinlarini yo’q qilishi va jamiyatda keskin tengsizlikni keltirib chiqarishidan xavotirda. Biroq Xorovits buni rad etadi. Tarixga nazar tashlasak, avtomatlashtirish texnologiyalari (masalan, qishloq xo’jaligining mexanizatsiyalashishi) eski ishlarni yo’qotgan bo’lsa-da, o’rniga biz tasavvur ham qilmagan yangi sohalarni, yuqori intellektual salohiyat talab qiluvchi va yangi turdagi kasbiy faoliyat turlarini yaratgan.
Eng muhimi, AI — bu teng imkoniyatlar yaratuvchi eng buyuk equalizer. Bugun qo’lida smartfoni bor har qanday bola dunyodagi eng rivojlangan va aqlli ustozga bepul ega bo’lishi mumkin. Bu ta’lim sifatini va bilim olish imkoniyatini butun insoniyat uchun tenglashtiradi.
Bugungi dunyoda texnologik yechimlar siyosiy yechimlardan ko’ra samaraliroq ishlamoqda. Muammolarni qonunlar bilan cheklash yoki taqiqlash (masalan, AI rivojlanishini to’xtatishga urinishlar) mamlakatlarni global poygadan chiqarib yuboradi. Kelajakni o’zgartirish, global muammolarga yechim topish va dunyoda o’z izini qoldirish uchun hozirgidek qulay va imkoniyatlarga boy davr startaplar tarixida hech qachon bo’lmagan.

















