Bugungi kunda biznes egalari sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish orqali ko‘plab sohalarda inqilob qilmoqda. Aynan shunday insonlardan biri – Baxriddin Inamov. Magicstore.ai, Humocommerce.com va MajicBot kabi loyihalari muallifi. Pivot.uz nashri tadbirkor bilan suhbatlashib, uning muvaffaqiyat yo‘li bilan qiziqdi.
Qirg‘iz yigitining ilk qadamlari
Baxriddin Inamovning texnologiya sohasidagi safarini dunyodagi taniqli inkubatorlar yoki MBA dasturlarida boshlamagan. Barchasi juda oddiy, “0” dan boshlangan. Uning asosiy vaqti ijaraga olingan kichik xonadagi eski noutbuk qarshisida kun-u tun kod yozib, e-commerce haqida o‘rganish bilan o‘tardi. Texnologiyaga qiziqish va kichik bizneslarga yordam berish istagi esa Magicstore.ai va Humocommerce.com kabi loyihalarni yaratishga undadi.
Magicstore.ai: Kichik bizneslar uchun sun’iy intellekt quroli
2023-yilda Baxriddin Magicstore.ai platformasini ishga tushirdi. Platforma kichik va o‘rta biznes egalari uchun sun’iy intellektdan foydalanib onlayn do‘konlarini boshqarish, inventarizatsiyani yuritish va ilg‘or texnologiyalarni qo‘llashni osonlashtirdi.
Magicstore.ai’ning o‘ziga xosligi shundaki, u nafaqat oson interfeys, balki Telegram va WhatsApp orqali foydalanish imkoniyatini ham taqdim etadi. Bu esa zamonaviy texnologiyalarni boshqarishda tajribasiz bo‘lgan foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratdi. Ishga tushgan dastlabki oylarida 70 dan ortiq mijozlarni jalb qilgan platforma $2,000 dan ortiq oylik takroriy daromad (MRR)ga erishdi va o‘sish sur’ati oyma-oy 30-40% ni tashkil qildi.
MajicBot: Telegram orqali biznesni boshqarish
Magicstore.ai muvaffaqiyatidan so‘ng Baxriddin kichik bizneslarga yana bir yechim taklif qildi – MajicBot. Ushbu Telegram-bot mijozlar bilan muloqotni avtomatlashtirish va real vaqt rejimida xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
MajicBot’ning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
- Mijozlar bazasini shakllantirish: mijozlar bilan oson aloqada bo‘lish imkoniyati.
- AI integratsiyasi: jarayonlarni soddalashtiruvchi va tezkor xizmatni ta’minlovchi sun’iy intellekt imkoniyatlari.
- Qulaylik va tezlik: bot real vaqt rejimida ishlaydi, bu esa kichik bizneslar uchun katta yutuqdir.
Dastlab $50,000 investitsiya bilan boshlangan MajicBot qisqa vaqt ichida $250,000 qiymatga yetib, bugungi kunda 70 dan ortiq biznesga xizmat ko‘rsatmoqda.
Humocommerce.com: Shopify bozoridagi muvaffaqiyat
Magicstore.ai kichik bizneslarga yordam bersa, Humocommerce.com Shopify platformasida ishlayotgan yoki ish boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan. Loyiha Shopify tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va mijozlarga quyidagilarni taqdim etadi:
- Do‘kon dizayni va sozlash;
- SEO optimizatsiyasi;
- Ma’lumotlar migratsiyasi va boshqa xizmatlar.
Humocommerce.com Shopify’ning murakkabliklarini osonlashtirish bilan birga, sifatli xizmatni arzon narxlarda taklif qilishi bilan ajralib turadi. Bu esa kompaniyaga tezkorlik bilan mijozlar bazasini kengaytirishga imkon berdi.
“Qil va o‘rganganingni oshir” falsafasi
Baxriddin o‘zining muvaffaqiyati haqida gapirar ekan oshkora shunday deydi: “Men hamma narsani bilmasdim, lekin bir narsa aniq – qat’iyat bilan davom etishim kerak edi”. Loyihalarning dastlabki bosqichlarida u ba’zi xizmatlarni o‘zlashtirish uchun loyihalarda arzimas haq evaziga bo‘lsa-da ishlar, jarayonni chuqur o‘rganar edi. Oxir-oqibat yig‘ilgan tajribalar o‘z mevasini berdi, yuqori natijalarga erishildi. Bu esa unga mijozlar ishonchini qozonish va ularni hayratda qoldirishga yordam berdi.
Katta orzular sari
Hozirda Baxriddin Inamov nafaqat muvaffaqiyatli tadbirkor, balki global texnologiya ekotizimida muhim rol o‘ynayotgan liderdir. U Magicstore.ai, Humocommerce.com va MajicBot loyihalarini Markaziy Osiyo bozoridan tashqariga, xalqaro miqyosga olib chiqishni rejalashtirmoqda.
Yoshlar uchun tavsiyalar
Baxriddinning yosh tadbirkorlarga maslahatlari:
- Imkoniyat kichik bo‘lsa ham orzuni katta qiling: “Ijara xonasida ishlayotgan bo‘lsangiz ham, milliard dollarlik muammolarni hal qilishni maqsad qiling.”
- Mijozlarni tushuning: “Foydalanuvchilaringizni tinglang. Ular sizni mahsulot bozori talablariga moslashga yordam beradi.”
- Amalda o‘rganing: “Har bir qiyinchilik yangi ko‘nikmani o‘rganish uchun imkoniyatdir.”
- G‘alabaga ega chiqing: “Mukammal boshlang‘ich sharoit emas, mukammal yakunga erishish muhim.”
Baxriddin Inamovning hikoyasi Markaziy Osiyodagi har bir texnologiya ishqiboziga ilhom bag‘ishlaydi. U o‘zining mehnati, qat’iyati va ijodiy yondashuvi bilan texnologiya sohasida o‘z o‘rnini topib, yangi avlod tadbirkorlariga yo‘l ko‘rsatmoqda. Uning hikoyasi endigina boshlandi va yakuniy marra qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
.
Gulnoza Mixailovna

















