
Bugungi iqtisodiyotda bir nechta kompaniyalar ulkan kuchga ega bo‘lib, sanoatni shakllantiradi va bozor tendensiyalarini belgilaydi. Google, Amazon va Apple kabi texnologiya gigantlari oddiy muvaffaqiyatli bizneslar emas: ular bozorda deyarli to‘liq nazoratni o‘rnatib, raqobat uchun juda oz imkoniyat qoldirgan. Bu kompaniyalar o‘z sohalarida shunchaki ishtirokchi emas, balki qoidalarni belgilovchi hakamlar bo‘lib, kim muvaffaqiyat qozonishi yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashini hal qiladi.
Bu darajadagi hukmronlik monopoliya deb nomlanadi, ya’ni bitta kompaniya bozor ustidan haddan tashqari nazorat o‘rnatib, raqobatni kamaytiradi va narxlardan tortib innovatsiyalargacha bo‘lgan hamma narsaga ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zi monopoliyalar tabiiy ravishda, ilg‘or texnologiya yoki iqtisodiy o‘lchamdagi ustunlik sababli shakllanadi, boshqalari esa tajovuzkor biznes taktikalari orqali raqiblarni yo‘q qilish natijasida yuzaga keladi. Monopoliyalar qanday shakllanishi va qanday ishlashini tushunish zamonaviy biznes dunyosidagi kuch taqsimotini anglash uchun juda muhim.
Monopoliyalarning o‘sishi
Monopoliyalar bir kunda paydo bo‘lmaydi, asta-sekin innovatsiya, strategik investitsiyalar va kompaniyalarga bozorni egallash imkonini beruvchi qonunlardagi bo‘shliqlar orqali quriladi. Bugungi monopollarning aksariyati dastlab raqobatchilaridan yaxshiroq xizmat ko‘rsatish orqali bozorda inqilob yaratgan. Google qidiruv tizimlarini o‘zgartirdi, Amazon chakana savdoni yangiladi, Apple smartfonlar dunyosini qayta yaratdi. Biroq, ular o‘sib borgani sari raqobatchilarni bozordan chiqarib tashlash va o‘z hukmronligini mustahkamlash mexanizmlarini ishlab chiqdi.
Monopollarning asosiy omillaridan biri iqtisodiy o‘lcham effekti bo‘lib, yirik kompaniyalar xarajatlarini pasaytirish orqali kichik firmalarga raqobat uchun imkon qoldirmaydi. Masalan, Walmart o‘zining ulkan xarid imkoniyatidan foydalanib, mahsulotlarni arzonroq narxlarda sotish orqali kichik chakana savdo do‘konlarini bozordan siqib chiqardi. Xuddi shunday, Amazon’ning keng logistika tarmog‘i unga an’anaviy chakana savdogarlarga qaraganda tezroq yetkazib berish va pastroq narxlarda xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Yana bir omil tarmoq effekti bo‘lib, kompaniyaning mahsuloti undan foydalanuvchilar soni ortgani sari yanada qimmatli bo‘lib boradi. Facebook va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar shu sababli hukmronlik qiladi, chunki ularning foydalanuvchilar bazasi yangi raqobatchilarning o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtiradi. Hatto yangi platformalar yaxshiroq xususiyatlarni taklif qilsa ham, foydalanuvchilar barcha do‘stlari va biznes aloqalari mavjud bo‘lgan tarmoqlardan voz kechmaydi.
Ba’zi monopollar muhim resurslarni nazorat qilish orqali yuzaga keladi. Masalan, Nvidia sun’iy intellekt chiplar bozorida hukmronlik qiladi va dunyodagi yuqori unumdor GPU’larning 80 foizdan ortig‘ini yetkazib beradi. Bunday darajadagi nazorat hatto Microsoft va Google kabi texnologiya gigantlarini ham Nvidia texnologiyasidan foydalanishga majbur qiladi, bu esa raqobatni deyarli imkonsiz holga keltiradi.
Hukumatlar ham monopollarning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi: patentlar, mualliflik huquqlari va davlat shartnomalari kabi huquqiy himoya vositalari orqali. Masalan, farmatsevtika kompaniyalari patentlardan foydalanib dori vositalarini eksklyuziv ravishda ishlab chiqarish huquqini saqlab qoladi, bu esa ularga raqobatdan qo‘rqmasdan haddan tashqari yuqori narxlarni belgilash imkonini beradi.
Yirik kompaniyalar bozorni qanday egallaydi?
Monopollar deyarli har bir sohada mavjud va bugungi eng yirik kompaniyalardan ba’zilari global bozorlar ustidan ulkan nazoratga ega.
Google internet qidiruv tizimlarida deyarli monopol mavqega ega bo‘lib, global qidiruv trafigining 90 foizdan ortig‘ini nazorat qiladi. AQSh federal sudyasi Google’ni raqobatga zid harakatlarda ayblab, kompaniyaning o‘z xizmatlarini ustun qo‘yishi va raqobatchilar imkoniyatlarini cheklashini noqonuniy deb topdi.
Amazon onlayn chakana savdo va bulutli hisoblash xizmatlarida hukmronlik qiladi. Amazon Web Services (AWS) esa butun internet infratuzilmasining deyarli uchdan bir qismini boshqaradi. Ko‘plab startaplar va yirik korporatsiyalar AWS’ga bog‘liq bo‘lib, bu Amazon’ga raqamli iqtisodiyot ustidan ulkan nazoratni ta’minlaydi.
Apple mobil ekotizim ustidan qattiq nazorat o‘rnatgan bo‘lib, App Store orqali barcha ilova daromadlarining 30 foizgacha qismini oladi. Dastur ishlab chiquvchilari Apple’ning qoidalariga rioya qilishga majbur, chunki kompaniya bir milliarddan ortiq iPhone foydalanuvchilariga kirish imkoniyatini nazorat qiladi.
Nvidia’ning sun’iy intellekt hisoblash sohasidagi hukmronligi AQSh hukumatining kompaniya ustidan tergov olib borishiga sabab bo‘ldi, chunki uning AI chiplar bozorini nazorat qilishi raqobatni bo‘g‘ayotgan bo‘lishi mumkin. Hatto o‘z AI chiplarini ishlab chiqish imkoniyatiga ega kompaniyalar ham Nvidia texnologik ustunligidan kelib chiqib unga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Luxottica – dunyodagi eng yirik ko‘zoynak ishlab chiqaruvchi kompaniya, global ko‘zoynak bozorining katta qismini nazorat qiladi. U nafaqat yirik brendlarga egalik qiladi, balki ko‘zoynak savdosi bilan shug‘ullanuvchi chakana savdo tarmoqlarini ham boshqaradi, bu sharoitda esa raqobat deyarli imkonsiz.
Monopollarning iste’molchilar va biznesga ta’siri
Monopollar ba’zan innovatsiyalar va samaradorlikni oshirishi mumkin, ammo ko‘pincha ular salbiy oqibatlarga olib keladi. Eng katta xavflardan biri narxlarning o‘sishi. Raqobat bo‘lmaganda, hukmron kompaniyalar mijozlarni yo‘qotishdan qo‘rqmasdan narxlarni oshirishi mumkin. Farmatsevtika monopoliyalari shu jihatdan mashhur bo‘lib, iste’molchilarning tanlovi yo‘qligi sababli hayot uchun muhim bo‘lgan dorilarni haddan tashqari yuqori narxlarda sotadi.
Monopollar innovatsiyalarni ham bo‘g‘ishi mumkin. Kompaniya bozorni to‘liq egallab olganidan keyin, u o‘z mahsulotlarini yaxshilashga unchalik qiziqmaydi. Masalan, Microsoft’ning Internet Explorer dasturi yillar davomida raqobatchilari bo‘lmagani sababli yangilanmay qoldi, natijada foydalanuvchilarda yomon tajriba va texnologik taraqqiyotning sustlashishi yuz berdi.
Bozor manipulyatsiyasi ham jiddiy muammo hisoblanadi. Amazon uchinchi tomon sotuvchilari tomonidan ommalashgan mahsulotlarni nusxalash, so‘ng ularning arzonroq versiyalarini targ‘ib qilish orqali kichik bizneslarni bozorga kira olmasligiga sababchi bo‘lishda ayblangan.
Hukumatlar monopollarni parchalashi mumkinmi?
Kompaniyalar haddan tashqari kuchayib ketganda hukumatlar ularni tartibga solish yoki parchalash orqali aralashadi. AQSh tarixida monopollarga qarshi eng mashhur choralardan biri 1911-yilda Standard Oil kompaniyasining bo‘linishi bo‘ldi. Hukumat ushbu kompaniyani raqobatni tiklash maqsadida bir nechta kichik kompaniyalarga ajratishga majbur qildi.
Yaqinda Yevropa Ittifoqi Google’ni Android operatsion tizimidan foydalangan holda o‘z xizmatlarini majburan targ‘ib qilishda ayblab, milliardlab yevro jarima solgan. Shuningdek, YI Amazon’ning uchinchi tomon sotuvchilarga nisbatan muomalasini o‘rganmoqda, bu esa kichik chakana savdo korxonalari uchun sharoitni tenglashtirishga qaratilgan.
Texnologik monopollarga qarshi kurash o‘tgan asrga qaraganda ancha murakkab bo‘lib qoldi. Masalan, agar Google o‘zining turli bo‘limlarini ajratishga majbur bo‘lsa ham, foydalanuvchilar tarmoq effektlari tufayli baribir Google xizmatlaridan foydalanishda davom etishlari ehtimoli yuqori. Bu esa zamonaviy monopollarning tartibga solinishini yanada murakkablashtiradi.
Kelajak
Monopollar yaqin kelajakda yo‘qolib ketmaydi. Aksincha, raqamli iqtisodiyot ularni yanada kuchaytirmoqda. Sun’iy intellekt va avtomatlashtirishdan samarali foydalangan kompaniyalar misli ko‘rilmagan tezlikda o‘z kuchini mustahkamlamoqda.
Hukumatlar va tartibga soluvchi organlar ushbu o‘zgarishlarga moslashishga harakat qilayotgan bir paytda, eng katta muammo yirik kompaniyalar o‘z hukmronliklaridan suiiste’mol qilmasligini ta’minlashdir. Bizneslarning muvaffaqiyat qozonishiga imkon yaratish bilan birga, ular raqobatni butkul yo‘q qilmasligini ta’minlash kelajakda adolatli va raqobatbardosh iqtisodiyotni saqlab qolish uchun muhim bo‘ladi.
Monopollar bizning yashash tarzimiz, ish faoliyatimiz va texnologiyadan foydalanish usullarimizni shakllantirmoqda. Ularning kuchi va oqibatlarini tushunish esa zamonaviy iqtisodiyotni to‘g‘ri boshqarishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish