OpenAI ChatGPT foydalanuvchilari uchun yangi qidiruv funksiyasini ishga tushirdi. Endi platformadagi eski suhbatlar, loyihalar, yuklangan hujjatlar va rasmlarni bir necha soniya ichida topish mumkin.
Yangi qidiruv tizimi ChatGPT’ning veb-versiyasidagi yon panel (sidebar), shuningdek iOS va Android ilovalarida mavjud. Foydalanuvchilar kalit so’z orqali qidirish bilan birga kontent turiga qarab filtrlardan ham foydalanishi mumkin. Natija tanlanganda esa ChatGPT foydalanuvchini to’g’ridan-to’g’ri kerakli xabar, loyiha yoki fayl joylashgan qismga olib boradi.
Bu yangilanish ayniqsa ChatGPT’dan ish jarayonlari, tadqiqotlar yoki uzoq muddatli loyihalar uchun foydalanadigan foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratadi. Avvallari eski suhbat yoki yuklangan faylni topish uchun uzun tarixni qo’lda ko’zdan kechirish talab etilgan bo’lsa, endi buni oddiy qidiruv orqali amalga oshirish mumkin.
OpenAI so’nggi oylarda ChatGPT’ni shunchaki chatbot emas, balki to’liq ish muhitiga aylantirishga e’tibor qaratmoqda. Ichki qidiruv funksiyasining paydo bo’lishi ham aynan shu strategiyaning navbatdagi qadami bo’lib, platformada saqlanayotgan ma’lumotlar bilan ishlashni ancha tez va samarali qiladi. Ushbu funksiya bosqichma-bosqich barcha ChatGPT foydalanuvchilariga taqdim etilmoqda.















