18-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterida farmatsevtika sohasidagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot o‘tkazdi.
Iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu sohada davlat tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda. So‘nggi yetti yilda farmatsevtika ishlab chiqarishi 2 barobar oshdi, eksport 11 martaga ko‘paydi va 750 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi. Shuningdek, korxonalar soni 3 martaga ko‘paydi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 3,500 turdagi dori vositalari va tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Biroq, bu ichki talabni to‘liq qondirmaydi.
Shu sababli, Prezident ko‘p turdagi dorilarni mahalliylashtirish va eksportni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Asaka banki va Farmatsevtika agentligiga yirik mahalliy korxonalar bilan hamkorlikda 2025-yilgacha keng iste’mol qilinadigan 200 turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda ishlab chiqarishni ikki baravar oshirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Bu loyihalar uchun chet eldan 400 million dollar qulay shartlarda jalb qilinadi.
Farmatsevtika sohasida biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlarda loyihalarga ulush kiritish va ularni rag‘batlantirish maqsadida Ilg‘or loyihalar investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Asaka bankiga sohani rivojlantirish uchun 100 million dollar kredit liniyasi ajratildi. Endi bu mablag‘lar lizing uchun ham yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Asaka banki farmatsevtikada yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va startaplarni moliyalashtirish uchun 10 million dollarlik venchur kompaniya tuzadi. Startap qancha mablag‘ jalb qilsa, mazkur kompaniya shuncha mablag‘ni qo‘shimcha ekspertizasisiz taqdim etadi.
Innovatsiya jamg‘armasidan 20 milliard so‘m grant yangi ishlanmalar uchun ajratiladi. Bu grant olimlarning yangi mahalliy dori ishlanmalarini tijorat loyihasiga aylantirish va startaplar uchun yo‘naltiriladi.
Mahalliy farmatsevtika korxonalariga 2025-yilning 1-yanvargacha berilgan bojxona imtiyozlari muddati yana 3 yilga uzaytiriladi.
Yurtimiz korxonalari yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari texnologiyasi va retsepti asosida dori vositalari ishlab chiqarishga tayyor. Biroq, bunday hamkorlik uchun huquqiy asoslar mavjud emasligi sababli, har bir dorini yangi mahsulot sifatida klinik tadqiqotdan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinadi. Bu esa ko‘p vaqt talab qiladi. Shu sababli, ushbu jarayonni soddalashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Eksport bozorlarini kengaytirish uchun tadbirkorlar AQShning Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) hamda Yevropa Tibbiyot Agentligi sertifikatlarini olish xarajatlarini davlat budjetidan qoplashlari mumkin bo‘ladi.
O‘simliklarni sanoat usulida yetishtirish va qayta ishlash orqali substansiya va kosmetik komponentlar ishlab chiqarish ishlari rivojlanmoqda. Asaka banki ishtirokida kelgusi yilda har biri 5 gektar bo‘lgan dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etilib, ularni qayta ishlash bo‘yicha 5 ta namunaviy loyiha amalga oshiriladi.
Umuman olganda, farmatsevtika sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar ishlab chiqiladi. Ushbu loyihalar bozorda yuqori sifatli mahsulot yaratib, raqobat muhitini shakllantirish va narxlarni arzonlashtirishga qaratilgan.
Muloqot davomida soha vakillari ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulot sifati va eksportini oshirish, ilm-fan va ta’limni rag‘batlantirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Fikr bildirish