Janubiy Koreyaning avtomobil giganti Hyundai Motor ketma-ket ikkinchi yil ishlab chiqarish korxonalarida ish tashlashlarga duch kelmoqda. Ammo bu galgi mojaro avvalgilardan bir jihati bilan keskin farq qiladi: xodimlar nafaqat yuqori maosh va bonuslarni, balki sun’iy intellekt hamda gumanoid robotlar sabab ish o’rinlari qisqarishidan ham xavotir bildirmoqda.
Kasaba uyushmasi a’zolari uch kun davomida smena yakunlanishidan ikki soat oldin ishni to’xtatishga qaror qildi. Bu esa ishlab chiqarish hajmiga sezilarli ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Hyundai bir necha yildan buyon ishlab chiqarishni avtomatlashtirishni jadallashtirmoqda. Kompaniya tarkibidagi Boston Dynamics ishlab chiqqan Atlas gumanoid robotlari dastlab AQShdagi zavodlarda 2028-yildan boshlab joriy etilishi rejalashtirilgan. Dastlab ular ehtiyot qismlarni saralash kabi takrorlanuvchi vazifalarni bajaradi, keyinchalik esa murakkabroq ishlab chiqarish jarayonlariga ham jalb qilinishi kutilmoqda.
Shu sababli kasaba uyushmasi muzokaralarda yangi talabni ilgari surdi: robotlar joriy etilishi xodimlarning ish o’rinlari va daromadiga salbiy ta’sir qilmasligi bo’yicha kafolatlar berilishi kerak.
Kasaba uyushmasi hatto shunday bayonot bilan chiqdi: «Mehnat va rahbariyat o’rtasida kelishuv bo’lmaguncha, yangi texnologiyalarga asoslangan birorta ham robot ish joyiga kiritilmaydi.» Kasaba uyushmasining asosiy talablari quyidagilar:
- oylik bazaviy ish haqini 149 600 von (taxminan 100 dollar) oshirish;
- o’tgan yilgi sof foydaning 30 foizini bonus sifatida taqsimlash;
- pensiya yoshini 60 yoshdan 65 yoshga ko’tarish;
- AI va robotlashtirish sharoitida ish o’rinlari xavfsizligini kafolatlash. (en.yna.co.kr)
Hyundai esa bunga javoban bazaviy maoshni 89 000 von oshirish, 350 foizlik bonus, qo’shimcha pul mukofoti hamda kompaniya aksiyalarini taklif qilgan. Biroq kasaba uyushmasi bu taklifni rad etdi va natijada ish tashlash boshlandi.
2025-yildagi ish tashlash Hyundai uchun jiddiy yo’qotishlarga sabab bo’lgan edi. Hisob-kitoblarga ko’ra, o’shanda qariyb 7 mingta avtomobil ishlab chiqarilmay qolgan va kompaniya 300 milliard vondan ortiq savdo yo’qotgan.
Shu bois mutaxassislar bu yilgi ish tashlash ham yangi avtomobillar ishlab chiqarilishi va yetkazib berish muddatlariga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Hyundai misoli shuni ko’rsatadiki, sun’iy intellekt va robotlar endi faqat texnologik innovatsiya emas, balki mehnat munosabatlarining ham muhim mavzusiga aylanmoqda. Avvallari kasaba uyushmalari asosan maosh va ish sharoitlari haqida muzokara olib borgan bo’lsa, endilikda ular avtomatlashtirishning inson mehnatiga ta’siri bo’yicha ham kafolat talab qilmoqda.
Bu esa yaqin yillarda AI va robotlar ommalashgani sari dunyoning boshqa yirik ishlab chiqaruvchilarida ham shunga o’xshash muzokaralar va bahslar ko’payishi mumkinligini anglatadi.















