«Investment Readiness Accelerator Tashkent 2.0» investitsion akseleratsiya dasturi ishtirokchisi — ORDO startapi Pre-Seed (ilk) raundi doirasida CS Angels Club’dan $100 000 miqdorida investitsiya jalb qildi. Kompaniyaning bozor qiymati $2 million dollarga baholandi.
ORDO maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun sunʼiy intellekt (AI) yordamchisiga ega boʻlgan Ordo.education universal ERP SaaS platformasini rivojlantirmoqda. Ushbu yechim bogʻchalardagi kundalik jarayonlarni avtomatlashtirish, qogʻozbozlik hajmini kamaytirish, ota-onalar bilan aloqani yaxshilash hamda bolalar rivojlanishini tizimli monitoring qilishga yordam beradi.
Markaziy Osiyodagi maktabgacha taʼlim muassasalari uchun raqamlashtirish masalasi hamon dolzarb boʻlib qolmoqda: koʻplab jarayonlar haligacha qoʻlda olib borilmoqda, bu esa ishchi guruhning yuklamasini oshiradi hamda rahbariyat, pedagoglar va ota-onalar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning shaffofligini kamaytiradi. ORDO taklif etayotgan yechim bogʻcha boshqaruvini yanada qulay, shaffof va samarali qiladi.
Bugungi kunda 4 ta davlatdagi 150 dan ortiq bolalar bogʻchasi ORDO platformasida ishlamoqda. Jalb qilingan investitsiyalar startapga mahsulotni kuchaytirish, jamoani kengaytirish va Markaziy Osiyo hamda undan tashqaridagi bozorlarda kengayishni (masshtablashni) tezlashtirishga yordam beradi.
ORDO’ning navbatdagi maqsadi — 10 000 ta bogʻchani platformaga ulash va mintaqadagi maktabgacha taʼlim tizimining asosiy raqamli infratuzilmasiga aylanishdir.
Investitsiya aynan «Investment Readiness Accelerator Tashkent 2.0» dasturidan oʻtish davrida jalb qilindi. ORDO’ning ushbu dasturdagi ishtiroki jamoaning investitsiya strategiyasi, mahsulotni qadoqlash (packaging) va oʻsishning yangi bosqichiga chiqish ustida olib borgan tizimli ishlarining muhim qismiga aylandi.
«Maktabgacha taʼlim — bolaning rivojlanish poydevoridir, biroq koʻplab bogʻchalar haligacha yuqori maʼmuriy yuklama va koʻp sonli qoʻlda bajariladigan jarayonlar sharoitida ishlamoqda. Biz ORDO’ni pedagoglar va administratorlarning kundalik ishini osonlashtirish, shuningdek, ota-onalarga farzandlarining rivojlanishi haqida koʻproq shaffoflik taqdim etish uchun yaratmoqdamiz. IRA Tashkent 2.0 dasturida ishtirok etish bizga investitsiya strategiyamizni tizimlashtirish, mahsulot taqdimotini kuchaytirish va kengayishning keyingi bosqichiga tayyorlanishda yordam berdi. C-Angels Club tomonidan kiritilgan investitsiyalar biz uchun bozor maktabgacha taʼlimning raqamli transformatsiyasiga tayyor ekanligining muhim tasdigʻidir», — deb taʼkidladi ORDO asoschisi Aida Azamatqizi.

















