Har qanday iqtisodiyotda kapital – bu qon. Qon bo‘lmasa odam yashay olmagani kabi, kapitalsiz ham iqtisodiyot rivojlanmaydi. Ammo muhim savol shunda: kapital qayerdan keladi va uni qanday oqilona yo‘naltirish mumkin. Bugungi global tajriba uchta asosiy mexanizmni ko‘rsatadi: venture capital, private equity va sovereign wealth funds. Ularning har biri o‘z vazifasiga ega va o‘z vaqtida to‘g‘ri ishlatilsa, iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi.
Venture Capital (VC) – eng xavfli, biroq eng zarur kapital turi. VC yosh asoschilar, startaplar va innovatsiyalar uchun hayot manbai hisoblanadi. Har bir unicorn, har bir global texnologik gigant – Apple, Google, Facebook, Alibaba – venture kapital orqali yo‘lga chiqqan.
Agar biz O‘zbekistonda 100 ming asoschini yetishtirmoqchi bo‘lsak, ularni kapital bilan ta’minlashning yagona yo‘li venture fondlardir. Bank krediti startap uchun mos kelmaydi. Unda garov ham, kafolat ham, aniq daromad ham bo‘lishi shart emas. Startapni qutqaradigan narsa – tezkor sarmoya va ishonch. Venture – bu o‘sha ishonchdir.
Private Equity (PE) – kengaygan bizneslar uchun mo‘ljallangan. Agar VC “start” bo‘lsa, PE – bu “scale”. Chet elda PE fondlari zavodlarni modernizatsiya qiladi, infratuzilma quradi, yangi bozorlarni ochadi. Masalan, Turkiyadagi aeroportlar, Qozog‘istondagi telekom kompaniyalar, Afrikadagi energetika loyihalari – barchasi PE fondlari orqali moliyalashtirilgan.
O‘zbekiston uchun PE fondlari yirik sanoat, agrobiznes, transport va logistika loyihalarini rivojlantirishda juda zarur. Bank krediti bilan siz faqat bitta zavod qurishingiz mumkin, ammo PE orqali butun bir sohani o‘zgartirish mumkin.
Sovereign Wealth Funds (SWF) – milliy resurslarni kelajakka aylantiruvchi kapitaldir. Eng yaxshi misol – Norvegiya. Bu davlat neftdan tushgan daromadni budjetga sarflab yubormadi, balki fondga yo‘naltirdi. Bugun ularning SWFi dunyodagi eng yirik fondlardan biridir.
Saudiya Arabistoni ham Public Investment Fund (PIF) orqali neft pullarini texnologiya, sport va turizmga yo‘naltirmoqda. Bu ularga iqtisodiy diversifikatsiya beradi. O‘zbekiston uchun ham SWF zarur, chunki bizning gaz, oltin va boshqa resurslarimizni kelajakka aylantirishimiz kerak.
Nega kapitalni mobillashtirish muhim?
Chunki kapital oqilona yo‘naltirilmasa, u “o‘lik pul”ga aylanadi. Bugun ko‘p odamlar mablag‘ini ko‘chmas mulkka yoki oddiy savdoga tikmoqda. Bu qisqa muddatli foyda beradi, ammo milliy transformatsiya yaratmaydi. Kapitalni innovatsiya, sanoat va kelajak texnologiyalariga yo‘naltirishgina trillion dollarlik yo‘lni tezlashtiradi.
O‘zbekiston uchun kapitalni mobillashtirish strategiyasi qanday bo‘lishi kerak?
- Venture Capital – keyingi 10–15 yil ichida minglab startaplarni moliyalashtirish uchun mahalliy va xalqaro VC fondlarini jalb qilish.
- Private Equity – sanoat, agrobiznes va infratuzilma loyihalari uchun yirik fondlarni tashkil etish.
- Sovereign Wealth Fund – resurslardan tushadigan daromadni kelajak uchun jamg‘arish va global bozorlarga investitsiya qilish.
Kapital – bu qon. Lekin uni oqilona yo‘naltira olmasak, rivojlanish turg‘unlikka aylanadi.
Venture kapital startaplarni uchiradi, private equity sanoatni yuksaltiradi, sovereign wealth fond esa kelajakni kafolatlaydi.
Asosiy saboqlar
- Venture Capital – innovatsiya uchun kislorod. Startaplar bank krediti bilan emas, sarmoya va ishonch bilan o‘sadi.
- Private Equity – ulg‘aygan bizneslarni tezlashtiradi. PE fondlari butun sanoat va infratuzilmani o‘zgartirish kuchiga ega.
- Sovereign Wealth Fund – kelajak kafolati. Resurslardan tushgan daromadni bugunga emas, ertaga yo‘naltirish milliy boylikni ko‘paytiradi.
- Kapital oqilona yo‘naltirilmasa, u o‘lik pulga aylanadi. Innovatsiya va texnologiyaga sarmoya qilinmagan mablag‘ milliy transformatsiyani tezlashtira olmaydi.
Kapital – bu qon. Uni VC, PE va SWF orqali oqilona yo‘naltirish O‘zbekistonning trillion dollarlik iqtisodiyot sari yo‘lini tezlashtiradi.
Muhammad Xalil












