Xitoyning Moonshot AI kompaniyasi ishlab chiqqan Kimi K3 modeli Frontend Code Arena reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Model 1679 Arena ball to‘plab, shu paytgacha yetakchilik qilib kelgan Claude Fable 5 va GPT-5.6 Sol (xHigh) modellarini ortda qoldirdi.
Frontend Code Arena — AI modellarining HTML, CSS, JavaScript, React va boshqa front-end texnologiyalar bo‘yicha real vazifalarni qanday bajara olishini foydalanuvchilar baholaydigan mustaqil reyting hisoblanadi. Reyting Elo tizimiga o‘xshash usulda shakllantiriladi: foydalanuvchilar bir xil topshiriqqa javob bergan ikki model natijasini taqqoslab, yaxshirog‘ini tanlaydi.
Yangi natijalarga ko‘ra, Kimi K3 1679 ball bilan reytingni boshqarmoqda. Ikkinchi o‘rinda Claude Fable 5 (1631 ball), uchinchi o‘rinda esa GPT-5.6 Sol (xHigh) (1618 ball) joylashgan. Shuningdek, GLM-5.2 (Max) to‘rtinchi, Grok-4.5 esa oltinchi pog‘onani egallagan.
Kimi K3 uchun bu juda katta sakrash bo‘ldi. Uning avvalgi avlodi — Kimi K2.6 — reytingda atigi 18-o‘rinda edi. Demak, yangi model bir yangilanishning o‘zida 17 pog‘onaga ko‘tarildi.
Model faqat umumiy reytingda emas, balki alohida yo‘nalishlarda ham yetakchilik qilmoqda. Arena AI ma’lumotlariga ko‘ra, Kimi K3 7 ta kategoriyaning 6 tasida eng yuqori natijani qayd etdi. U interfeys yaratish, dizayn, marketing, analitika, consumer products, simulyatsiyalar va kontent yaratish vositalari bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Faqat Gaming yo‘nalishida yetakchilik Claude Fable 5 qo‘lida qoldi.
Yana bir e’tiborga molik ko‘rsatkich — 76% win rate. Bu foydalanuvchilar ikki model javobini yonma-yon solishtirganda, Kimi K3 javobi 76% hollarda afzal deb topilganini anglatadi. Taqqoslash uchun, Claude Fable 5 63%, GPT-5.6 Sol esa 58% natija qayd etgan.
Bu natijalar Moonshot AI’ning global AI poygasidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlaydi. So‘nggi oylarda OpenAI, Anthropic, Google va xAI o‘rtasidagi raqobat kuchayib borayotgan bir paytda, Xitoy kompaniyasi ishlab chiqqan modelning front-end dasturlash bo‘yicha yetakchiga aylanishi AI bozoridagi kuchlar muvozanati tobora o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda. Front-end kod yozish, interfeys yaratish va vizual prototiplash kabi vazifalarda Kimi K3 endi bozordagi eng kuchli modellar qatoridan joy oldi.















