O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-sonli strategik qarori ijrosini ta’minlash doirasida, Markaziy bank tashabbusi bilan moliya texnologiyalari (FinTech) yo‘nalishidagi startaplarni dastlabki bosqichlarda (Seed va Series A) to‘g‘ridan-to‘g‘ri venchur moliyalashtirish (equity investment) bilan ta’minlovchi “Silk Road Venture” venchur fondi rasman tashkil etildi. Jamg‘armaning maqsadli kapitallashuvi 50 million AQSh dollarigacha yetkazilishi belgilangan bo‘lib, dastlabki bosqichda ustav kapitali 70 milliard so‘m bilan shakllantirilmoqda. Ushbu ekosistema strategiyasini ishlab chiqish hamda mahalliy loyihalarning xalqaro miqyosga skayling qilinishini ta’minlash maqsadida, global FinTech olamining eng nufuzli top-menejeri va maslahatchisi Sopnendu Mohanti jalb etildi.


Prezident tomonidan imzolangan PQ-359-sonli qaror mamlakatning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan raqamli moliya infratuzilmasini va venchur ekosistemasini institutsional darajaga olib chiqishni ko‘zda tutadi. Hujjat doirasida O‘zbekiston FinTech va startap sektoriga 1 milliard AQSh dollari miqdorida venchur kapitali hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, ekosistema ishtirokchilari (startaplar, inkubatorlar va akseleratorlar) sonini kamida 200 taga yetkazish, shuningdek, bozorga Open Banking hamda barqaror tokenlar kabi ilg‘or texnologik yechimlarni integratsiya qilish vazifalari qo‘yilgan.
«Silk Road Venture» — FinTech startaplari uchun institutsional investor
Markaziy bank huzurida MChJ shaklida tashkil etilgan “Silk Road Venture” klassik venchur fondi modelida faoliyat yuritadi. Bu shunchaki davlat subsidiyasi yoki qaytariladigan kredit emas, balki istiqbolli startaplarning ustav kapitaliga investitsiya kiritish va ularni keyingi investitsiya raundlariga tayyorlashga yo‘naltirilgan institutsional vositadir. Fond asosan yuqori o‘sish potensialiga ega bo‘lgan FinTech, to‘lov tizimlari, B2B dasturiy ta’minotlar (SaaS) va blokcheyn loyihalariga investitsiya bilan birga tajriba va xalqaro aloqalarni olib kiradi.
Ekosistemaning shakllantirish maqsadida fond bilan bir vaqtda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Innovation Hub ham tashkil etilmoqda. Mazkur xab founderlar uchun texnologik akselerator vazifasini bajaradi. Eng muhimi, startap jamoalarining xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlar olish va malaka oshirish xarajatlarining 50 foizigacha (20 ming AQSh dollarigacha) bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab berilishi tizimli kadrlar yaratishga xizmat qiladi.

















