Startaplar dunyosidagi eng katta afsonalardan biri shuki, «yaxshi g’oya o’z-o’zidan muvaffaqiyatga erishadi.» Har kuni dunyoning turli burchaklarida yuzlab, balki minglab yangi g’oyalar tug’iladi. Ularning aksariyati «bozorni o’zgartiradigan», «inqilob qiladigan» yoki «keyingi unicorn» bo’lishga da’vogarlik qiladi. Biroq amaliyot shuni ko’rsatadiki, startaplarning qariyb 90 foizi bozorga chiqqanidan keyin muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
Bu raqamni ko’rgan ko’pchilik sababni texnologiyaning murakkabligi, tajribaning yetishmasligi yoki investitsiya topa olmaslik bilan izohlaydi. Albatta, bu omillar ham muhim. Ammo dunyoning eng mashhur startap ekspertlari — Steve Blank, Eric Ries, Paul Graham va Ash Maurya tadqiqotlari mutlaqo boshqa xulosaga keladi.
Eric Ries o’zining mashhur The Lean Startup kitobida shunday deydi: «Aksariyat startaplar muvaffaqiyatsiz mahsulot yaratgani uchun emas, balki hech kimga kerak bo’lmagan mahsulotni yaratgani uchun muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.»
Asl muammo shundaki, ko’plab asoschilar bozorni tushunishdan oldin mahsulot yaratishga kirishadi. Ular mijozlarning haqiqiy muammolarini o’rganish o’rniga, o’zlari muammo deb hisoblagan narsaga yechim ishlab chiqadi. Natijada esa oylar, ba’zan yillar davomida yaratilgan mahsulot bozorga chiqqanida unga talab deyarli bo’lmaydi.
Startapni an’anaviy biznesdan ajratib turadigan eng muhim jihat ham aynan shu. An’anaviy biznes odatda mavjud va sinovdan o’tgan biznes model asosida ishlaydi. Startap esa hali hech kim isbotlamagan biznes modelni izlaydi. Shu sababli startapning eng katta vazifasi mukammal mahsulot yaratish emas, balki bozor haqidagi gipotezalarni imkon qadar tezroq tekshirish hisoblanadi.
Agar siz jamoangiz bilan ofisda o’tirib, kod yozayotgan, dizayn ustida ishlayotgan yoki yangi funksiyalar qo’shayotgan bo’lsangiz-u, hali birorta potensial mijoz bilan gaplashmagan bo’lsangiz, ehtimol siz mahsulot emas, balki o’z taxminlaringizni yaratayotgandirsiz. Steve Blank buni bejizga «Get out of the building» («Binodan tashqariga chiqing») tamoyili bilan izohlamaydi. Chunki haqiqiy javoblar kompyuter ekranida emas, balki mijozlar bilan o’tkazilgan suhbatlarda topiladi.
Bugungi kunda muvaffaqiyatli startaplar aynan ilmiy yondashuv asosida ishlaydi. Ular avval gipoteza yaratadi, uni bozorda sinab ko’radi, natijalarni tahlil qiladi va shundan keyingina keyingi qarorni qabul qiladi. Bu jarayon klassik ilm-fandagi gipoteza → eksperiment → tahlil → xulosa ketma-ketligidan deyarli farq qilmaydi.
Shu sababli zamonaviy startap ekotizimida Customer Development, MVP (Minimum Viable Product) va Unit Economics kabi tushunchalar shunchaki biznes terminlari emas. Ular mahsulotga talab bor yoki yo’qligini, mijoz haqiqatan ham pul to’lashga tayyormi va biznes modeli uzoq muddat ishlaydimi, degan eng muhim savollarga javob beradigan amaliy vositalardir.
Muallif: Usmon Rakhimjonov
















