Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Qonun davlat rahbarining 2025-yil noyabrdagi farmoni bilan tashkil etilgan markaz faoliyatini tartibga soladi. Prezident 18-avgust kuni Xivada biznes vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda markaz 2027-yilda ishga tushishini e’lon qilgan edi. Hujjat 2100-yilgacha Angliya va Uels huquqi asosidagi maxsus huquqiy rejimni joriy etadi.
Enterprise Uzbekistan’ning global biznesni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Bahodir Ayupov qonun imzolanishini markaz uchun «hal qiluvchi bosqich» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali global texnologiya kompaniyalari va investorlar uchun tushunarli bo‘lgan huquqiy poydevor yaratildi.
«Biz xalqaro biznes tomonidan katta qiziqishni ko‘rib turibmiz. Qabul qilingan Qonun O‘zbekiston bozoriga kirishdagi asosiy g‘ovlardan birini olib tashlaydi va jahon darajasidagi raqobatbardosh texnologik ekotizimni shakllantirish uchun zamin yaratadi», — deya ta’kidladi Ayupov.
Hujjat iyun oyi boshida Qonunchilik palatasida yakuniy o‘qishdan o‘tgan edi. Senat dastlab investorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish hamda markaz organlari vakolatlariga aniqlik kiritish zarurligini qayd etib, uni qayta ko‘rib chiqishga yuborgan edi. Qonun kelishuv komissiyasi tomonidan qayta ishlangach, 8-avgust kuni yuqori palata tomonidan ma’qullandi.
Huquqiy muhit
Qonun Enterprise Uzbekistan uchun 2100-yilgacha amal qiladigan alohida huquqiy tartibga solish tizimini shakllantiradi. U quyidagi sohalarni qamrab oladi:
- Korporativ va tijorat munosabatlari;
- Investitsion faoliyat;
- Mehnat munosabatlari;
- Ma’lumotlar va intellektual mulkni himoya qilish;
- Davlat xizmatlari;
- Sun’iy intellekt;
- Ta’lim va innovatsiyalarni regulyator sinovidan o‘tkazish;
- Soliq va bojxona tartibga solish.
Markaz qarorlarida Angliya va Uels umumiy huquqi (Common Law) elementlari hamda yetakchi xalqaro moliya markazlarining standartlaridan foydalanilishi mumkin.
Maxsus huquqiy rejim doirasida berilgan imtiyoz va preferensiyalar ularni oluvchilarning ahvolini yomonlashtirish tomonga o‘zgartirilishi yoki muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin emas. Texnopark vakillarining ta’kidlashicha, bu barqaror va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan huquqiy muhitni yaratadi.
Biznes yuritish va investitsiyalar
Tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar Enterprise Uzbekistan rezidentiga aylanishi mumkin. Markaz doirasida yangi kompaniyalar tashkil etish, boshqa yurisdiksiyalardagi yuridik shaxslarning ishtirok etishi, shuningdek, xorijiy tashkilotlarning filial va vakolatxonalari faoliyat yuritishiga ruxsat beriladi.
Markaz organlariga jismoniy va yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish va akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolatlari beriladi. Shuningdek, ular markaz ichida ruxsat berish jarayonlarini amalga oshirishi, konsalting va axborot xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin.
Qonun muqobil va venchur investitsiyalar ekotizimi uchun huquqiy asos yaratadi va investorlarning to‘rtta toifasini belgilaydi:
- Institutsional investorlar;
- Startap-investorlar;
- Rezident-investorlar;
- Infratuzilmaviy investorlar.
Investorlar investitsiyalar hajmi, turi va yo‘nalishlarini mustaqil ravishda belgilash hamda olingan daromadlarni erkin tasarruf etish huquqiga ega. Ularning aktivlari va mol-mulki natsionalizatsiya, konfiskatsiya, muzlatib qo‘yish va boshqa cheklovlardan (qonunda belgilangan holatlar va sud qarorlaridan tashqari) himoya qilinadi.
Markaz ishtirokchilari akkreditatsiyadan o‘tgan hamkorlar orqali bank, investitsiya, venchur, sug‘urta va boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Markaziy bank bilan kelishilgan holda xorijiy banklar bu yerda o‘z filiallarini ochishi mumkin.
Enterprise Uzbekistan shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va himoya qilishda xalqaro standartlarga yo‘naltirilgan maxsus qoidalarni qo‘llaydi. Ma’lumotlar xavfsizligi, yaxlitligi va ishonchliligi talablariga rioya qilingan holda ularni «bulut»da saqlash va qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Shuningdek, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni xalqaro me’yorlarga muvofiq himoya qilish ko‘zda tutilgan. Qonun ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va himoya qilishning qo‘shimcha mexanizmlarini, xususan, raqamli xizmatlar orqali ariza topshirish imkoniyatini o‘z ichiga oladi. Inson huquqlari, jamoat xavfsizligi va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini inobatga olgan holda sun’iy intellekt texnologiyalarini tadqiq qilish, ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va joriy etish erkinligi kafolatlanadi.
Ta’lim sohasida yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarining dasturlari va standartlaridan foydalanishga ruxsat beriladi. Markaz administratsiyasi uning hududida akademiyalar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va o‘quv markazlarini ochish uchun litsenziyalar berishi mumkin.
Rezidentlar uchun sharoitlar
Enterprise Uzbekistan hududidagi kompaniyalar ro‘yxatdan o‘tish, korporativ boshqaruv, shartnoma munosabatlari, investitsiyalar, ishga joylashtirish, bank operatsiyalari va ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha alohida qoidalar asosida ishlaydi. Tartibga solish Angliya umumiy huquqi elementlariga va xalqaro amaliyotga asoslanadi.
Markaz doirasida maxsus soliq modeli amal qiladi. Soliqlardan faqat uchtasi saqlab qolinadi:
- Foyda solig‘i;
- Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS);
- Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JShODSh).
Investorlar dividentlar va kiritilgan sarmoyalardan olinadigan boshqa daromadlar bo‘yicha soliqdan ozod qilinadi.
Eksport va markaz ichidagi faoliyat uchun:
- 0% — Foyda solig‘i;
- 0% — QQS;
- 0% — Xorijiy xodimlar uchun JShODSh.
Enterprise Uzbekistan’da ishlaydigan xorijiy mutaxassislar 3 yilgacha bo‘lgan muddatga viza olishlari mumkin. Ularning mehnat rejimi shartnomaviy tartibga solish, kamsitmaslik, mehnat xavfsizligi va adolatli haq to‘lash tamoyillariga asoslanadi. Masofaviy ish, moslashuvchan grafik hamda muqobil ish haqi tizimlariga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, rezidentlar tartibga solish «qumtuprog‘i» (regulatory sandbox) doirasida innovatsion texnologiyalar, mahsulot va xizmatlarni bozorning cheklangan segmentida sinovdan o‘tkazishlari mumkin. Ular:
- Qonunchilikning alohida talablaridan vaqtincha ozod qilinishi;
- Soddalashtirilgan tartibda litsenziya va ruxsatnomalar olishi;
- Ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va markazning boshqa infratuzilmasidan foydalanishi mumkin.
Sinov muddati 12 oygacha davom etadi. Agar yechim samarali va xavfsiz ekanligini ko‘rsatsa, uni markazda doimiy asosda joriy etish yoki mamlakat ichida bosqichma-bosqich masshtablash mumkin.
Maxsus huquqiy rejim doirasidagi fuqarolik, iqtisodiy, korporativ, mehnat va boshqa nizolar Toshkent Xalqaro Tijorat Sudi yurisdiksiyasiga kiritilgan. U Toshkent Xalqaro Moliya Markazi huzurida tashkil etilgan edi.
Boshqaruv va rivojlanish bosqichlari
Enterprise Uzbekistan’ning oliy organi Prezident boshchiligidagi Boshqaruv kengashi hisoblanadi. Ijro etuvchi funksiyalar markaz administratsiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Administratsiya qoidalarni ishlab chiqish, ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, loyihalarni monitoring qilish faoliyatini boshqarish uchun javobgardir.
Birinchi bosqichda markaz organlari tartibga soluvchi qarorlar majmuasi qabul qilinishini ta’minlaydi. Ular quyidagi amaliy jarayonlarni belgilab beradi:
- Ro‘yxatdan o‘tkazish va litsenziyalash;
- Investitsiya kiritish;
- Soliq va bojxona administratsiyasi;
- Mehnat munosabatlari;
- Ma’lumotlarni himoya qilish va maxsus rejimning boshqa unsurlari.
Keyingi bosqichda markaz me’yoriy bazani shakllantirish, raqamli xizmatlarni ishga tushirish va infratuzilmani rivojlantirishga e’tibor qaratadi. Shuningdek, u global texnologiya kompaniyalari, startaplar, investorlar va xalqaro hamkorlarni jalb qiladi.

















