Venchur bozorining rivojlanishi nafaqat kiritilgan investitsiyalar hajmi, balki investorlarning o‘zaro hamkorlik darajasi bilan ham o‘lchanadi. 2026-yilning I va II chorak yakunlari O‘zbekiston ekotizimida yangi bosqich — co-investment (birgalikda investitsiya qilish) madaniyati jadal o‘sayotganini ko‘rsatdi. Bugungi kunda mahalliy fondlar va angel investorlar raqobatdan ko‘ra kapital hamda tajribani birlashtirishni afzal ko‘rmoqda.

1. Q1 2026: Yirik raundlar va o‘sish bosqichidagi hamkorlik
Birinchi chorakda birgalikda investitsiya qilish asosan o‘sish bosqichidagi (Growth Stage va Series A) yirik loyihalar uchun xizmat qildi. Asosiy maqsad — yirik sarmoyalarni jamlash va yuqori risklarni bo‘lishish bo‘ldi.
- Datatruck (Series A — $13.2M): Avenue Growth, AloqaVentures va IT Park Ventures hamkorligida.
- OX Group (Growth Stage — $900K): IT Park Ventures va United Ventures.
- Smartcast (Growth Stage — $200K): IT Park Ventures va United Ventures.
- Moomkin (Seed — $140K): AloqaVentures, Yoshlar Ventures va angel investor.
Q1 davrida Pre-Seed (erta) bosqichidagi 7 ta bitimda ($355K) birgalikda investitsiya qilish kuzatilmadi. Hamkorlik faqat o‘sish bosqichidagi yirik loyihalar uchun xos edi.
2. Q2 2026: Erta bosqichga ko‘chgan sinergiya
Ikkinchi chorakda vaziyat tubdan o‘zgardi. Birgalikda investitsiya kiritish madaniyati Pre-Seed va Seed qatlamiga ham kirib bordi:
- Alipos (SaaS — $200,000): Imkon Ventures ($110K) va Nexus Club ($90K) teng ulushda. Bu professional due diligencedan so‘ng xususiy investorlar jarayonga xavfsiz qo‘shilayotganini ko‘rsatadi.
- Makon AI (EdTech — $300K): Yoshlar Ventures ($125K), AloqaVentures ($100K) va IT Park Ventures ($75K).
- Joymee (PropTech — $150K): AloqaVentures ($20K), IT Park Ventures ($50K) va Nexus Club ($80K).
- The Cargo (FreightTech — $125K): Yoshlar Ventures ($80K) va ikkita angel investor ($30K va $15K).
- Lumi (EdTech — $80K): Yoshlar Ventures ($40K) va angel investor ($40K).
- Onless (EdTech — $35K): AloqaVentures ($10K) va Yoshlar Ventures ($25K).
O‘zbekiston kabi endi rivojlanayotgan va kapital hajmi hali unchalik yuqori bo‘lmagan yosh bozorlar uchun birgalikda investitsiya qilish eng optimal yechimdir:
- Riskni kamaytirish: Hech bir mahalliy fond erta bosqichdagi bitta startapga butun mablag‘ini tikib, tavakkal qilishni istamaydi. Riskni 2-3 ta investor o‘rtasida bo‘lishish barqarorlikni taʼminlaydi.
- Yirikroq va sifatliroq cheklar: Startaplar endi kichik $10k-$20k lik yakka cheklar bilan cheklanmasdan, bir vaqtning o‘zida yirik va tizimli investitsiyalarni qoʻlga kiritishmoqda.
- Aqlli Pul (Smart Money): Startap bitta fondning qobig‘idan chiqib, bir vaqtning o‘zida bir nechta tajribali investorlarning resurslari va imkoniyatlaridan foydalanadi.
Faqat bitta investorga suyanish strategiyasidan voz keching. Pitch deckingizni sindikat bitimlariga (bir nechta investor birgalikda kirishiga) moslashtiring. Agar bitta fondning elagidan (due diligence) muvaffaqiyatli o‘tsangiz, u boshqa hamkor fondlarni ham raundingizga jalb qila oladi.

















