O‘zbekiston va Qatar kompaniyasi MBK Holding o‘rtasida raqamli investitsiyalar, startaplar hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Muzokaralar O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotiga xalqaro investorlar qiziqishi ortib borayotgan bir paytda bo‘lib o‘tdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va MBK Holding asoschisi hamda raisi Shayx Mansur bin Xalifa Al Soniy uchrashuvi davomida O‘zbekistonning IT-ekotizimi, IT Park faoliyati va texnologik sohadagi islohotlar taqdim etildi. Tomonlar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va IT xizmatlar eksportini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar markazlari (data center), bulutli texnologiyalar va raqamli infratuzilma kabi yo‘nalishlar hamkorlikning asosiy nuqtalari sifatida qayd etildi. Shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va texnologik investitsiyalarni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
So‘nggi haftalarda O‘zbekiston texnologiya sektoriga xalqaro qiziqish sezilarli darajada kuchaymoqda. TIIF 2026 doirasida mamlakat AI, data center va innovatsion infratuzilma loyihalarini investitsiyalarning yangi yo‘nalishi sifatida faol targ‘ib qilmoqda. Shu fon’da Qatar investorlari bilan muzokaralar ham O‘zbekistonning mintaqaviy texnologik markazga aylanish strategiyasining navbatdagi bosqichi sifatida ko‘rilishi mumkin.
1969-yilda Dohada tashkil etilgan MBK Holding turli sohalarda faoliyat yuritadi va dunyoning bir qator mamlakatlarida 100 dan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirgan. Kompaniyaning O‘zbekiston bilan muloqoti yaqin yillarda mamlakat startap va AI ekotizimiga yangi xalqaro kapital oqimini olib kirishi mumkin.















