O‘zbekistonda startaplarni moliyalashtirish va xususiy investorlarni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi. Bu bo‘yicha chora-tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqoti yakunlari asosida imzolangan farmonda belgilangan.
Yangi chora-tadbirlar mamlakat startap ekotizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu ekotizimda IT Park Uzbekistan texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, venchur bozorini rivojlantirish hamda startaplar va investorlar o‘rtasidagi hamkorlik uchun zarur infratuzilmani shakllantirishga ko‘maklashadi.
Hujjatga ko‘ra, 2027–2030-yillarda “Kelajak tadbirkori” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida UzVC milliy venchur fondi 8 ta ustuvor yo‘nalishda ochiq tanlov asosida jami 30 tagacha startapni moliyalashtiradi.
Har bir loyiha 5 mlrd so‘mgacha investitsiya olishi mumkin. Moliyalashtirish 3 yil muddatga foizsiz va garovsiz konvertatsiyalanadigan qarz yoki SAFE shaklida amalga oshiriladi. Davlatning startapdagi ulushi 49 foizdan oshmaydi. Founderlar esa keyinchalik ushbu ulushni bozor qiymatida sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Dastur uchun 2027-yilda davlat budjetidan dastlabki bosqichda 150 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
8 ta ustuvor yo‘nalish
“Kelajak tadbirkori” dasturi quyidagi yo‘nalishlardagi startaplarni qamrab oladi:
- elektrotexnika;
- mashinasozlik va uskunasozlik;
- farmatsevtika;
- kimyo sanoati;
- qurilish materiallari;
- suv va energiya tejovchi texnologiyalar;
- qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar;
- aerokosmos.
Shuningdek, dastur ishtirokchilariga “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi tatbiq etiladi.
Tegishli davlat idoralari va tarmoq tashkilotlari startaplarga sohadagi korxonalar bilan tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish hamda buyurtma shartnomalarini tuzishda ko‘maklashadi.
Business Angel’lar uchun soliq imtiyozi
Farmonda startap ekotizimiga xususiy kapitalni jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi mexanizm ham nazarda tutilgan.
Startup Base yagona elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan startapga, jumladan, SAFE yoki konvertatsiyalanadigan qarz orqali sarmoya kiritgan jismoniy shaxs “Startap investori” (Business Angel) maqomini olishi mumkin.
Agar investor startapdagi ulushini kamida 3 yil davomida saqlab, shundan so‘ng uni sotsa, ulushni sotishdan olingan daromad jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.
Yangi mexanizmlar startaplar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, xususiy investorlarning ekotizimdagi ishtirokini oshirish va texnologik loyihalarni bozorga tezroq olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Farmon 2026-yil 28-avgustdan kuchga kirgan.

















