Press ESC to close

O‘zbekistonda venchur fondlari uchun cheklangan sheriklik joriy etilishi rejalashtirilmoqda

Belgilangan vazifalarga ko‘ra, 2025-yil fevral oyiga qadar “Muqobil investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarur. Ushbu loyiha mamlakatda startaplar va venchur investitsiyalarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 14-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev startaplar va venchur investitsiyalar ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tasdiqladi. Qabul qilingan qarorda 2026-yilgacha mo‘ljallangan qonunchilik va tashkiliy tadbirlarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” belgilangan.

Ushbu dastur doirasida amalga oshiriladigan asosiy ishlar:

  • Startap ekotizimiga oid platformani ishga tushirish. 2025-yil yanvar oyidayoq startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan maxsus onlayn platforma ishga tushiriladi.
  • Startaplarga davlat investitsiyalari. 2025-yil boshiga qadar xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash tartibi ishlab chiqiladi. Bunga akseleratsiya xarajatlari, patent olish va xorijiy mentorlarni jalb qilish xarajatlarini qoplash tartibi kiradi.
  • Muqobil investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish. Ushbu qonun loyihasi 2025-yil fevral oyida Oliy Majlisga kiritilishi kutilmoqda. Hujjat muqobil investitsiyalar, jumladan, venchur fondlari va cheklangan sheriklik (Limited Partnership) faoliyatini tartibga solish uchun huquqiy asos yaratadi.
  • Venchur investitsiyalari uchun namunaviy hujjatlar tayyorlash. 2025-yil yoziga qadar venchur shartnomalarini tuzish uchun zarur bo‘lgan namunaviy hujjatlar bazasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, 2025-yilda amalga oshiriladigan boshqa tashabbuslar:

  • Davlat-xususiy sheriklik asosida startap studiyalarini tashkil etish. Ushbu studiyalar innovatsion g‘oyalarni ilk bosqichda qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
  • Oliy o‘quv yurtlari qoshida inkubatsiya markazlarini yaratish. Universitetlar bazasida startaplarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus markazlar tashkil etiladi.
  • Akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish. 2025-yil bahorida IT-kompaniyalar, universitetlar va nodavlat tashkilotlar ishtirokida akseleratsiya dasturlari ish boshlaydi. IT Park esa istiqbolli startaplarni xalqaro akseleratorlarda qatnashishga yo‘naltiradi.

Bundan tashqari, IT Park xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikni davom ettiradi. Masalan, Astana Hub bilan startaplarni global bozorlarda ilgari surishga qaratilgan umumiy brend yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Ushbu barcha chora-tadbirlar O‘zbekistonda barqaror startap ekotizimini shakllantirish, innovatsion faollik darajasini oshirish va xalqaro investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan