O‘zbekistonlik kiberxavfsizlik startapi Cerberus Road to TechCrunch Startup Battlefield 2026 tanlovining Markaziy Yevroosiyo mintaqaviy finalida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, San-Fransiskodagi global bosqichga yo‘llanma oldi.
12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan mintaqaviy finalda Markaziy Yevroosiyoning istiqbolli startaplari o‘z loyihalarini taqdim etdi. Yakunda Cerberus birinchi o‘rinni, Qozog‘istonning WeGlobal AI startapi ikkinchi o‘rinni, Yaponiyaning LOOQ loyihasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Bu yilgi mintaqaviy bosqichga 39 mamlakatdan 726 ta ariza kelib tushgan. Saralash natijasida 22 ta startap final bosqichiga yo‘l oldi. O‘zbekistonni esa Cerberus bilan birga MoliyAI, Sino AI, Deepen, Fermopolis va Oqim App loyihalari namoyish etdi.
Cerberus — C7 Cybersecurity tomonidan ishlab chiqilayotgan kiberxavfsizlik startapi. Kompaniya sun’iy intellektdan foydalangan holda korporativ IT-tizimlaridagi zaifliklarni avtomatik aniqlash, xavfsizlik testlarini avtomatlashtirish hamda AI tizimlarining harakatlarini belgilangan chegaralarda nazorat qilish texnologiyasini yaratmoqda.
Bugun kompaniyalar biznes jarayonlariga AI yechimlarini tobora ko‘proq integratsiya qilayotgan bir paytda, yangi turdagi kiberxavfsizlik xatarlari ham paydo bo‘lmoqda. Cerberus aynan shu muammoni avtomatlashtirilgan xavfsizlik vositalari orqali hal qilishni maqsad qilgan.
Startap xalqaro investorlar e’tiborini ham jalb qilgan. 2026-yil iyun oyida Cerberus global venchur kapital fondi 500 Globaldan investitsiya olgan.
Mintaqaviy tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi $100 mingni tashkil etadi. Birinchi o‘rin sohibi sifatida Cerberus $50 ming, WeGlobal AI $30 ming, LOOQ esa $20 ming mukofot oladi.
Mukofot jamg‘armasi IT Park Ventures, Astana Hub Ventures va Silkroad Innovation Hub ko‘magida shakllantirilgan.
Bundan tashqari, OpenAI $100 minglik API kreditlarini ham taqdim etadi. Kreditlar g‘oliblar o‘rtasida xuddi shu nisbatda taqsimlanadi.
G‘oliblar o‘z mahsulotlarini TechCrunch Disrupt 2026 tadbirida namoyish etish va Startup Battlefield 200 sahnasida investorlar oldida pitch qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Keyingi manzil — San-Fransisko
Cerberus 2026-yil 13–15-oktabr kunlari San-Fransiskoda o‘tkaziladigan TechCrunch Startup Battlefield 200 global bosqichida Markaziy Yevroosiyo nomidan ishtirok etadi.
Cerberus uchun San-Fransiskodagi ishtirok nafaqat tanlovda qatnashish, balki O‘zbekistonda ishlab chiqilgan kiberxavfsizlik texnologiyasini xalqaro investorlar va texnologik kompaniyalarga namoyish etish imkoniyatini beradi.
Bu natija O‘zbekiston startap ekotizimining xalqaro maydondagi ko‘rinishi tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatuvchi navbatdagi muhim qadamdir.

















