Press ESC to close

Qozog‘istonda sun’iy intellekt asosida 24/7 ishlaydigan onlayn klinika ishga tushdi

Qozog‘istonlik tadbirkor Nurali Ismagulov mamlakatdagi birinchi onlayn klinika – Metaclinic.kz platformasini ishga tushirish uchun 60 million tenge sarmoya kiritdi. Bu loyiha orqali bemorlar istalgan vaqtda – 24/7 rejimida shifokor bilan bog‘lanib, onlayn maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

G‘oya qanday paydo bo‘ldi?

Nurali Ismagulovning aytishicha, loyiha oddiy bir muammodan tug‘ilgan. “Bir kuni shifokordan WhatsApp orqali maslahat olish mumkinmi, deb so‘raganimda, “mumkin, lekin bu haqida ma’muriyatga aytmang”, degan javob oldim. Shu payt qonuniy va qulay onlayn maslahat platformasini yaratish g‘oyasi tug‘ildi”, – deydi u.

2018-yilda telemeditsina uchun qonuniy imkoniyatlar bo‘lmagan. Ammo 2021-yilda onlayn tibbiy maslahatlar rasmiy ravishda qonuniylashtirilgach, Metaclinic.kz uchun yo‘l ochildi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Qozog‘istonda shifokorlarning 40% allaqachon onlayn konsultatsiyalar berayotgan bo‘lsa-da, bunday xizmatlarni markazlashtirilgan tarzda taklif qiluvchi platforma mavjud emas edi.

Metaclinic.kz qanday ishlaydi?

Metaclinic.kz platformasi bemor va shifokorlar uchun bir qancha qulayliklarni taklif etadi:

  • Yagona platforma: Bemorlar maslahat olish, to‘lov qilish va videoaloqa orqali shifokor bilan bog‘lanishni bir joyda amalga oshirishlari mumkin.
  • Sun’iy intellekt yordamida tahlil: Platforma shikoyatlardan kelib chiqib, dastlabki tashxis qo‘yadi. Masalan, tomoq og‘rig‘i va isitma kabi shikoyatlar bo‘lsa, tizim 95% ehtimollik bilan tonzillit tashxisini taklif qiladi.
  • Shifokorlar uchun qulaylik: Shifokorlar o‘z ish jadvalini mustaqil belgilab, konsultatsiyalarni samarali boshqarishlari mumkin.
  • Xavfsizlik va maxfiylik: Video maslahat yozilmaydi, faqat maslahatlar tarixigina saqlanadi. Shaxsiy ma’lumotlar xalqaro HIPAA standartlariga mos ravishda himoyalangan.
Metaclinic.kz xizmatining o‘ziga xosligi nimada?

Hozirda platformada 70 dan ortiq shifokor ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 40 nafari faol qabul qilmoqda. Maslahatlar narxi atigi 1000 tenge bo‘lib, davomiyligi 15 daqiqa. Ushbu xizmat:

  • Tezkor maslahatlar;
  • Test natijalarini sharhlash;
  • Qayta konsultatsiyalar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Kelajakdagi rejalar qanday?

Metaclinic.kz asoschisi Nurali Ismagulov 2025-yilga kelib foydalanuvchilar sonini 10 ming kishiga yetkazishni maqsad qilgan. Shuningdek, loyiha kelajakda gibrid xizmatlar – onlayn va oflayn tibbiy xizmatlarni birlashtirishni rejalashtirmoqda.

Metaclinic.kz – Qozog‘istonda onlayn tibbiyotning yangi bosqichini boshlab berdi. Tezkor, xavfsiz va qulay xizmatlari tufayli bemorlar tibbiy maslahat olish uchun vaqt yo‘qotmaydi, shifokorlar esa o‘z vaqtini samarali boshqaradi. Bunday innovatsiyalar nafaqat Qozog‘iston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun o‘z vaqtida va dolzarb yechim bo‘lishi mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan