Press ESC to close

Qozog‘istonda startap $150,000 investitsiya jalb qildi

Qozog‘istonlik tadbirkor Ismoil Karankin Oli Robotics startapiga asos solgan bo‘lib, bu loyiha sun’iy intellekt asosida ishlaydigan barista robotini ishlab chiqadi. Ushbu robot murakkab retseptlar asosida, jumladan, mualliflik ichimliklarini tayyorlaydi, mijozlar bilan muloqot qiladi va tayyorlash jarayonidagi xatolarni to‘g‘rilashga qodir. Loyiha 150 000 AQSh dollar investitsiya jalb qildi va Silicon Valley Residency Program akseleratoriga tanlangan Markaziy Osiyodagi 30 ta startapdan biri bo‘ldi.

Murakkab qahva turlarini ham tayyorlay oladi

Oli Robotics barista roboti turli xil qahva turlarini, jumladan, banan suti bilan vanilli rafni tayyorlashga va latte-art ishlashga qodir. U professional baristalar yordamida o‘qitiladi, bu esa ichimliklarni tayyorlashda aniqlikni ta’minlaydi. Robot adaptiv o‘rganish texnologiyasidan foydalanadi, bu esa sozlash vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi.

Soatiga 50 stakan

Robot yuqori energiya samaradorligi va mahsuldorlikka ega. Hozirgi bosqichda u soatiga 50 finjongacha qahva tayyorlashi mumkin, kelgusi versiyasida esa bu ko‘rsatkichni 120 finjongacha oshirish rejalashtirilgan — bu esa tajribali barista darajasiga teng. Robot foydalanuvchilarning xohishlarini eslab qoladigan va individual retseptlar taklif qiladigan mobil ilova bilan jihozlangan.

Robot narxi

Bir dona barista robotining narxi 50 000 dollar bo‘lib, xizmat ko‘rsatish va qo’shimcha materiallar yetkazib berishni o‘z ichiga oladi. Startap, robot ishlatish barista yollashdan ko‘ra samaraliroq bo‘lgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari yoki kichik mehmonxonalar kabi bozorlarni mo‘ljallamoqda. Loyiha allaqachon potensial mijozlarning e’tiborini tortdi va AQSH bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu yerda qahva bozorining hajmi 2024-yilda 28,06 milliard dollarga baholanib, 2029-yilga kelib 33,64 milliard dollargacha o‘sishi kutilmoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan