Palantir Technologies — 2003-yilda Peter Thiel (PayPal asoschilaridan biri) va boshqa hamkorlar tomonidan tashkil etilgan ma’lumot tahlili va sun’iy intellekt kompaniyasi. Dastlab CIA va Pentagon uchun razvedka software yaratgan — terrorizmga qarshi kurashda ma’lumotlarni tahlil qilish uchun. Bugun AQShning eng qimmat 20 ta kompaniyasidan biri: $320 milliard bozor kapitallashuvi. Lekin endi faqat harbiy kompaniya emas — oxirgi yili daromadining 46 foizi tijoriy mijozlardan keldi, eng katta segment — ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlari.
Forbes’ga bergan intervyusida kompaniyaning deployment strategi Danny Lutkus «SaaS o’ldi»,— deb aytmoqda. Nega?
Standart yechimlar nega inqirozga uchramoqda?
Lutkusning argumenti oddiy. Ko’p yillar davomida kompaniyalar SAP, Oracle, Salesforce kabi standart yechimlarni sotib oldi — avval litsenziya modeli, keyin SaaS. Bu yechimlar bitta mahsulotni minglab mijozga sotish uchun qurilgan.
Muammo: standart yechim kompaniyalar haqiqatda ishlayotgan tarzga to’g’ri kelmaydi. Lutkus buni aniq aytdi — ko’pchilik foydalanuvchilar oxir-oqibat Excel ga qaytadi va o’z workflowlarini quradi. Bu degani standart tizim ishlamayapti. ERP va SCM tizimlar «juda qattiq.»
Ikkinchi muammo — strategik farq yo’qoladi. Agar raqibingiz bilan bir xil software ishlatsangiz, undan qanday ajralisiz? Har safar vendoringizdan yangi funksiya so’rasangiz, o’sha funksiya raqiblaringizga ham beriladi.
Palantir qanday yo‘l tutadi?
Palantir tayyor software sotmaydi. Forward-deployed engineer lar — kompaniya muhandislari — har bir mijozga borib, maxsus yechim quradi. SAP yoki Oracle o’rnatilgan bo’lsa, Palantir uning ustiga ishlaydi. Mavjud tizimlarni almashtirmaydi — bo’shliqlarni to’ldiradi.
Platforma toolkitga o’xshaydi: avval Palantir muhandislari quradi, keyin mijozning o’z jamoasi ham foydalanishi mumkin. Mavjud software ni yangilamasdan yoki almashtimasdan yangi imkoniyatlar qo’shiladi.
Butun tizimning asosi — Palantir Ontologiyasi. Bu tashkilotning raqamli egizagi: zavodlar, uskunalar, mahsulotlar, mijoz buyurtmalari, moliyaviy tranzaksiyalar — barchasi bitta operatsion qatlamda birlashtirilgan. Bu Palantirni boshqa yechimlardan eng ko’p ajratib turuvchi xususiyat.
AI o‘yin qoidalarini qanday o‘zgartirdi?
Lutkus AI ni biz odatda tushunadigan ma’noda — mashinali o’rganish yoki optimizatsiya — emas, boshqa ma’noda ishlatdi.
AI — software yaratish vositasi. Avval yangi yechim qurish uchun konsultantlar oylab tadqiqot o’tkazardi. Endi Palantir muhandislari Claude yoki Codex yordamida tezda model quradi, mijozdan fikr (feedback) oladi va yechim tayyor bo‘lguncha uni bir necha kunda qayta-qayta yangilaydi.
«Dasturiy ta’minot qurish tezligi keskin oshdi va uning narxi pasaydi. Shuning uchun ham SaaS o‘ldi,» — deydi Lutkus.
Yana bir yo‘nalish — AI agentlar. Murakkab ta’minot zanjirida (supply chain) buyurtmani tahlil qilish, ombordagi zaxirani tekshirish va ishlab chiqarish jadvalini hisoblash kabi vazifalarni zanjir bo‘lib ishlovchi agentlar tizimi to‘liq o‘z zimmasiga olmoqda.
AI hammasiga qodirmi?
Ko‘p yillardan beri logistika dasturlari bozorini kuzatib kelayotgan Forbes jurnalisti Stiv Banker bu iddaolarga biroz shubha bilan qaraydi: AI kod yozishi mumkin, lekin millionlab murakkab ombor tranzaksiyalarini xatosiz boshqaradigan darajada kengayuvchan (scalable) kod yarata oladimi? Banker bu nuqtada shubha bildirdi. Ba’zi ilovalar uchun AI hali yetarli emas.
Ba’zi rejalashtirish kompaniyalari o’nlab yillar davomida murakkab matematik algoritmlar ishlab chiqqan. Katta hajmdagi optimizatsiya muammolarini yechish uchun juda kuchli va kengaytirilishi mumkin bo’lgan hisoblash tizimlari kerak. AI agenti buni bajara oladimi — hali aniq javob yo’q.
Agentni hukumat saytlarini kuzatishga yo’naltirsa bo’ladi. Lekin dunyoning turli mamlakatlarida qonunlar doimo o’zgarib turadi — barchasini kuzatib borish juda katta vazifa.
Banker yakunida muhim narsani ta’kidladi: odatda u har qanday software kompaniyasi haqida yozishdan oldin ularning mijozlari bilan gaplashadi. Palantir haqida buni qilmagan — lekin Palantir saytida Wendy’s, Tyson’s, General Mills kabi kompaniyalarning ijobiy izohlari mavjud. Banker uchun bu hech bo’lmaganda qisman isbot.
«SaaS o’ldi» — provokatsion gap. Lekin uning ortidagi fikr jiddiy: AI software yaratish narxini va tezligini shunchalik o’zgartirdiki, har bir kompaniya uchun maxsus yechim qurish standart SaaS’dan arzon tushishi mumkin bo’lib qoldi.
Bu SAP, Oracle yoki Salesforce ertaga yo’qoladi degani emas — Palantirning o’zi ularning ustiga qurilgan. Lekin «bitta yechim — hamma uchun» modeli endi yagona variant bo’lmay qoldi. AI o’yinni o’zgartirmoqda, Palantir esa buni birinchi bo’lib baland aytgan kompaniyalardan biri.
















