San-Fransiskodagi tajriba asosida yaratilgan, mahalliy asoschilarga global imkoniyatlar eshigini ochuvchi founder infrastrukturasi – Founders Hub
San-Fransiskodagi tajriba asosida yaratilgan, mahalliy asoschilarga global imkoniyatlar eshigini ochuvchi Founders Hub asoschisi Omon Sultonov bilan loyihaning maqsadlari va startap ekotizimidagi o‘zgarishlar haqida suhbatlashdik.
G‘oya qanday paydo bo‘ldi?
Founders Hub kontseptsiyasi AQShning Silikon vodiysi — San-Fransisko va Palo-Altodagi WeWork ofislarida tug‘ilgan. U yerda startap ekotizimining ichida bo‘lish bitta muhim haqiqatni ko‘rsatdi: kuchli founderlar hech qachon yolg‘iz ishlamaydi.
Silikon vodiysida asoschilar doimiy muloqotda: kovorkinglarda, kafelarda yoki tadbirlarda. Aynan mana shu muhitda hamkorlar topiladi, investorlar bilan tanishiladi va birinchi xodimlar ishga yollanadi. To‘g‘ri joyda, to‘g‘ri odamlar orasida bo‘lish rivojlanishni tezlashtiradi. O‘zbekistonda esa ko‘plab founderlar uyda yoki kafelarda yolg‘iz ishlaydi. Founders Hub ana shu muammoni hal qilish uchun tashkil etildi.





Founders Hub qanday loyiha?
Bu shunchaki ofis yoki navbatdagi inkubator emas. Bu asoschilarning dardi va ehtiyojini tushunadigan, ular uchun maxsus qurilgan infratuzilmadir.
Loyihaning yondashuvi juda oddiy:
«Startap qurish — bu doimiy o’zgarish, xatolar va tinimsiz izlanish degani. Founderlar ba’zan yo’nalishni o’zgartiradi, ba’zan yiqiladi, lekin doim harakatda bo’ladi. Biz ularni qat’iy reja yoki qoliplar bilan bo’g’ib qo’ymaymiz. Aksincha, founder qayerda oqsayotgan bo’lsa, aynan o’sha joyda unga yelkadosh bo’lamiz».
Shu sababli Founders Hub’dagi tadbirlar va vorkshoplar ixtiyoriy va moslashuvchan. Founderga aynan nima kerak bo’lsa — jamoa yig’ishmi, investitsiya jalb qilishmi yoki AQSh bozoriga chiqishmi — faqat o’sha mavzuda amaliy yordam beriladi.
12 haftalik bepul rezidentura
Dasturga saralash bosqichida mahsulotning holatidan ko‘ra, ko‘proq asoschining salohiyatiga e’tibor beriladi. Intizomli, maqsadli va tez harakat qiladigan jamoalar mahsuloti hali MVP (minimal ishchi varianti) bosqichida bo‘lsa ham qabul qilinishi mumkin. Turli bosqichdagi startaplarning bir joyda bo‘lishi yangi boshlaganlar uchun tajribaliroq founderlardan o‘rganish imkonini beradi.
Amaliy yordam va talablar
Loyiha asosiy e’tiborni founderning vaqtini tejashga qaratadi. Buning uchun quyidagi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatiladi:
- Marketing va xalqaro mentorlik;
- Buxgalteriya va yuridik maslahatlar;
- Investorlar bilan aloqalar.
Buning evaziga founderlardan qat’iy mehnat talab qilinadi: har kuni mahsulotni yaxshilash, mijozlar bilan gaplashish va har hafta natijalar bo‘yicha hisobot topshirish.
Asoschilarning eng ko‘p yo‘l qo‘yadigan xatolari
Omon Sultonovning kuzatuvlariga ko‘ra, mahalliy founderlar o‘rtasida o‘sishni to‘xtatib qo‘yadigan uchta xato ko‘p uchraydi:Kuzatmaslik– ko‘pincha asoschilar muammoni chuqur o‘rganmasdan turib, darrov mahsulot qurishga kirishib ketishadi. Aslida «nima qura olamiz?» degan savoldan emas, «odamlarni qiynayotgan qaysi og‘riqli nuqtani hal qilyapmiz?» degan savoldan boshlash kerak.
Mijoz bilan gaplashmasdan, bozor ehtiyojini o‘rganmay, faqat o‘z taxminlari bilan mahsulot yaratish eng katta xatodir. Founderlar xayoliy foydalanuvchi uchun emas, balki real insonlar bilan gaplashib, ularning xohishiga qarab mahsulotni shakllantirishlari kerak.
Avval mahsulotni mukammal qilaylik, keyin sotamiz» deb o‘ylash vaqtni boy berishdir. Sotuv va biznes model haqida birinchi kundan boshlab o‘ylash, bozorda talab borligini tekshirib ko‘rish kerak.
«Founderlarga eng muhim maslahat: mahsulotga emas, muammoga diqqat qarating. Mijoz bilan imkon qadar erta gaplashing va sotuvni birinchi kundan boshlang.»
Global bozorga chiqish: AQShga yo‘l
Founders Hub’ning asosiy missiyasi — O‘zbekistonlik founderlar uchun AQSh bozoriga ko‘prik bo‘lish. Birinchi manzil — San-Fransisko. Keyinchalik akademik markaz hisoblangan Boston, biznes infratuzilmasi rivojlangan Chikago va kapital markazi bo‘lgan Nyu-York yo‘nalishlarini ochish rejalashtirilgan.
Maqsad — Founders Hub’ni mamlakatdagi startaplar sifatini oshiradigan eng muhim platformaga aylantirish. Avval O‘zbekistonda mustahkam model yaratilib, so‘ngra xalqaro miqyosda kengayish ko‘zda tutilgan.
Aloqa: https://foundershub.uz/

















