Amerikaning yirik venchur fondlaridan biri — «a16z.com» yangi tahliliy maqolasini e’lon qildi. Unda fond hamkori David George bugungi kunda late-stage venchur investitsiyalarining mohiyati kompaniyalarda emas, balki ularni boshqarayotgan asoschilarda ekanini ta’kidlaydi.
So‘nggi yillarda texnologik kompaniyalar IPO qilishdan oldin ancha uzoq vaqt xususiy maqomda qolmoqda. Natijada milliardlab dollar investitsiyalar aynan o‘sish bosqichidagi startaplarga yo‘naltirilmoqda. Biroq a16z fikricha, bu trend kompaniyalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan emas, asoschilarning uzoq muddatli qaror qabul qilish qobiliyati bilan bog‘liq.
David George’ning fikricha, texnologiyaning o‘zi raqobat ustunligini yaratmaydi. Asosiy qiymat asoschining bozordagi imkoniyatlarni boshqalardan oldin ko‘ra olishi, to‘g‘ri strategik qarorlar qabul qilishi va kompaniyani yangi yo‘nalishlarga olib kira olishida yotadi.
Maqolada misol sifatida Databricks asoschisi Ali Ghodsi hamda Stripe asoschilari Patrick va John Collison tilga olinadi. Ular kompaniyalari yiriklashganidan keyin ham innovatsiyalarni davom ettirib, yangi o‘sish nuqtalarini topishga muvaffaq bo‘lgan asoschilar sifatida ko‘rsatiladi.
a16z yana bir muhim tendensiyaga e’tibor qaratadi: Silikon vodiysida ilgari keng tarqalgan «professional CEO» bilan asoschini almashtirish amaliyoti tobora yo‘qolib bormoqda. Investorlar endi kompaniyaning eng katta ustunligi aynan asoschining o‘zi ekanini tan olmoqda.
Bu qarash bugungi AI davrida yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Sun’iy intellekt tufayli kichik jamoalar ham milliard dollarlik kompaniyalar bilan raqobatlasha olmoqda. Shunday sharoitda investorlar texnologiyadan ko‘ra uni qanday qo‘llashni biladigan liderlarni qidirmoqda.
Shu bilan birga, AI rivojining davom etishi late-stage venchur fondlariga rekord darajada kapital oqimini olib kelmoqda. 2026-yil boshidan buyon AQShdagi growth va late-stage fondlar o‘nlab milliard dollar jalb qilgan. Investorlar ayniqsa tez o‘sayotgan va riski nisbatan past bo‘lgan AI kompaniyalariga e’tibor qaratmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, kelgusi yillarda venchur kapital bozori tobora ko‘proq «kompaniyaga investitsiya qilish» modelidan «asoschiga investitsiya qilish» modeliga o‘tadi. Bu esa nafaqat mahsulot, balki kuchli liderlik ham startap muvaffaqiyatining asosiy omiliga aylanayotganini ko‘rsatadi.

















