Men biznes va investitsiya olamiga qadam qo‘ygan ilk yillarda O‘zbekistonda startap tushunchasini deyarli hech kim jiddiy qabul qilmasdi. Texnologik loyiha deganda ko‘pchilik shunchaki oddiy bir mobil ilovani ko‘z oldiga keltirar, .investor deganda esa asosan tayyor biznesga kapital tikadigan odamlar tushunilardi. Bugun esa bozorimiz butunlay boshqacha muvozanatga o‘tmoqda — yoshlarimiz sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar va murakkab dasturiy yechimlar haqida gapiryapti. Biroq, tan olish kerak, biz hali yo‘lning juda boshidamiz va global miqyosdagi kompaniyalarni qurish tajribasi endigina shakllanyapti.
Aslida hammasi Andijonning Asaka tumanidagi Niyozbotir qishlog‘idan boshlangan. Oddiy qishloq maktabidan keyin aniq fanlarga bo‘lgan ishtiyoqim meni ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga yetakladi. U yerdagi 7 yillik muhit, shaxmat taxtasi ortidagi tahlillar va matematika musobaqalari dunyoqarashimni butunlay o‘zgartirib yubordi. 16 yoshimda ingliz tili bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etib, xorijiy ta’lim imkoniyatlarini izlay boshladim. Yakunda 20 dan ortiq xalqaro universitetlarga hujjat topshirib, ularning aksariyatidan yirik grantlar yutib oldim. Eng katta burilish esa nufuzli Carnegie Mellon University’dan qiymati qariyb $370 ming dollarlik 100 foizlik taklifni olganim bo‘ldi. Shu tariqa Qatarga yo‘l oldim.
O‘qishni bitirgach, Yaqin Sharqning qaynab turgan investitsiya muhitiga sho‘ng‘idim. Qatar Islamic Bank va keyinchalik Doha Tech Angels tarkibida professional faoliyat yuritdim. Biz u yerda umumiy kapitali $400 million dollarni tashkil etuvchi to‘rtta yirik fondni boshqaradigan jamoaga aylandik. Ushbu tizim doirasida men 60 dan ortiq yirik investitsion bitimlarda bevosita ishtirok etib,va $60 milliondan ziyod investitsiyalar bilan ishlash bo‘yicha xalqaro tajribaga ega bo‘ldim.
Qatarda ishlab yurgan paytlarimda ham har doim O‘zbekiston bozorini kuzatib borardim. LinkedIn orqali bizdagi startap asoschilarining postlarini o‘qib borardim, keyinchalik Pivot chiqdi va u yerdagi yangiliklar orqali ko‘p narsalardan boxabar bo‘ldim. O‘shanda menda bitta oddiy savol paydo bo‘lgan: nega O‘zbekistonda ham katta texnologik kompaniyalar chiqmasligi kerak? Chunki bozorda potensial borligini, yoshlar texnologiyaga qiziqayotganini ko‘rib turardim. Faqat bizda loyihalarni xalqaro darajaga olib chiqadigan professional venchur kapital ekotizimi hali shakllanmagan edi.
Keyinchalik Muhammad Xalil aka bilan yo‘limiz kesishdi. Men uni Startup Garage’ni qurishidan ancha oldin, Mohirdevni endi boshlashgan paytlaridan beri tanirdim. Ular MENA bozoriga kirish uchun Qatarda ham Garage loyihasini ochishganda, sohamiz bir bo‘lgani uchun bir yilcha u yerdagi faoliyatga qarab turdim. Shu jarayonda menda xalqaro investitsiya tajribasi, Muhammad Xalil akada esa mahalliy startaplarning juda yaxshi bazasi bor edi. Mana shu ikki omil birlashib, Imkon Ventures fondini ochishimizga sabab bo‘ldi.
Bugungi kunda fondimizning asosiy maqsadi — $5 million dollarlik kapital bilan 25–30 ta startapga investitsiya qilish. Har bir loyiha uchun $50 ming dollardan $150 ming dollargacha investitsiya ajratamiz. Ko‘pchilik nega bitta loyihaga katta kapital tikmasligimiz bilan qiziqadi. Sababi oddiy — erta bosqichda qaysi startap kelajakda yirik kompaniyaga aylanishini oldindan aniqlash deyarli imkonsiz. Shu model orqali biz fondning umumiy riskini kamaytiramiz va erta bosqichdagi istiqbolli jamoalarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz asosan fintech, sun’iy intellekt, B2B SaaS va deep tech yo‘nalishlariga e’tibor qaratmoqdamiz, chunki O‘zbekistonda aynan shu segmentlar hali to‘liq shakllanmagan va bozorda bo‘shliq mavjud.

Albatta, ushbu murakkab yo‘lda milliy davlat fondi — UzVC bizga birinchilardan bo‘lib ishonch bildirdi va anchor investor sifatida jamoamizga qo‘shildi. Bu hamkorlik bizga davlat darajasidagi loyihalarda ishtirok etishimiz orqali yangi hamkorlar topishimizda doimiy ravishda ko‘mak beryapti.
Lekin yuzlab founderlar bilan uchrashuvlardan keyin bir narsani aniq tushunib yetdim: bugun bizning bozordagi eng katta muammo pul yoki kapital yetishmasligi emas. Bizdagi eng katta muammo — dunyoqarashi keng, global o‘ylaydigan va matonatli founderlarning kamligidir. Dunyodagi eng yirik texnologik imperiyalar mahsulotning chiroyliligiga emas, o‘sha muammoni hammadan oldin ko‘rib, tizimli qaror qabul qila olgan shaxslarning xarakteriga qurilgan. Shuning uchun bizga mahsuloti zo‘r, ammo jamoasi zaif loyihalar kelganda ko‘pincha rad javobini beramiz. Biz uchun birinchi o‘rinda jamoaning intellekti, qiyinchiliklardan qanday o‘tgani va eng og‘ir bosim ostida ham sovuqqonlik bilan qaror qabul qila olish qobiliyati turadi. Investitsiya kiritgandan keyingi eng katta xavf ham aynan mana shu founderlarning keyingi boshqaruvi bilan bog‘liq. Shu sababli biz shunchaki pul berib chetga o‘tib turmaymiz, portfolio management tizimi orqali ularni doimiy qo‘llab-quvvatlaymiz va yaqin kunlarda o‘zimizning xususiy akseleratsiya dasturimizni ishga tushiramiz.
Bundan tashqari, ekotizimni yanada jonlantirish uchun 2026-yil boshida Imkon VC crowdfunding (xalqaro ommaviy sarmoya) platformasini ham yo‘lga qo‘ydik. Bu orqali biz nafaqat yirik tashkilotlar, balki oddiy, kichik investorlarni ham venchur bozoriga olib kirib, mamlakatda mikrosarmoyadorlik madaniyatini yuksaltirmoqchimiz.

Global investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini oshirishda esa IT Park Uzbekistan va Enterprise Uzbekistan kabi maxsus iqtisodiy hududlarning o‘rni katta. Ayniqsa, Britaniya huquq tizimi mexanizmlarining joriy etilishi xorijlik sheriklarimizga o‘z kapitallarining xavfsizligini kafolatlashda eng muhim huquqiy qalqon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Biz Imkon Ventures’ni shunchaki bir mahalliy fond deb hisoblamaymiz. Biz o‘zimizni Yaqin Sharq (MENA) va Markaziy Osiyo startap bozorlarini bir-biri bilan bog‘laydigan strategik oltin ko‘prik sifatida ko‘ramiz. Yaqin Sharqda startap muhiti ancha ilgarilab ketgan. Masalan, bizda endigina boshlanayotgan startap yuz minglab dollarga baholansa, u yerda xuddi shu bosqichdagi loyihaga bir necha million dollar qiymat berishadi. Ushbu tafovut va aloqalar biz uchun yangi imkoniyatlar maydonidir.
Oldimizga qo‘ygan eng katta maqsadimiz — 2030-yilga qadar portfelimizdan O‘zbekiston tarixidagi ilk yunikorn kompaniyani, ya’ni qiymati 1 milliard dollardan oshadigan global texnologik brendni chiqarish. Shuningdek, uning xalqaro bozordagi muvaffaqiyatli exit jarayonini ko‘rishni niyat qilganmiz. Hozircha bu kimlar uchundir juda katta maqsaddek ko‘rinishi mumkin. Lekin O‘zbekiston startap bozori aynan mana shu o‘tish va burilish davrida turibdi, biz esa ushbu jarayonning bir qismi bo‘lishga tayyormiz.

















