Toshkentlik Kraken Express Studio tomonidan ishlab chiqilgan qaroqchilar mavzusidagi survival o’yini «Windrose» global gaming bozorida haqiqiy sensatsiyaga aylandi. Loyiha Early Access rejimida chiqarilganidan bor-yo’g’i 10 kun ichida 30 million dollar daromad keltirdi.
Premyera davomida 10 milliondan ortiq o’yinchini o’ziga jalb etgan o’yin Steam platformasidagi survival janrining butun tarixi davomida eng tezkor o’sish sur’atlaridan birini qayd etdi. Alinea Analytics tahlilchilarining ta’kidlashicha, bu natija jahon fenomeniga aylangan Palworld’dan beri kuzatilgan eng kuchli janr debyutidir. Faqat 60 nafar dasturchi jamoasidan iborat Toshkent studiyasi katta byudjet har doim ham ulkan hit yaratishning kafolati emasligini isbotlab berdi.
«Windrose»ning tijorat muvaffaqiyati texnik va marketing ko’rsatkichlarida ham yaqqol namoyon bo’lmoqda. Anons ma’lumotlariga ko’ra, o’yin bir vaqtning o’zida 200 000 dan ortiq faol o’yinchiga ega bo’ldi. Sotuvlar sur’ati jihatidan esa loyiha Dune: Awakening, RuneScape: Dragonwilds va Grounded 2 kabi sanoatning yirik titles’laridan ikki baravar tezroq sotilmoqda.
Aprel oyining o’rtasiga kelib Steam’da 1 500 dan ortiq ijobiy sharh to’plangan bo’lib, o’yinchilar o’ziga xos suv fizikasini va murakkab «Souls-like» jangovar tizimini alohida ta’kidlamoqda. Bunday yuqori qiziqish uchun zamin esa Steam Next Fest davomida tayyorlangan edi: demo versiyasi chiqarilishi bilan 474 000 foydalanuvchi o’yinni o’zining «wishlist»iga qo’shdi.
Auditoriya tahlili shuni ko’rsatmoqdaki, «Windrose» turli janrlarni organik tarzda sintez qila olgan. O’yinchilaring taxminan 60 foizi avval Valheim, 56 foizi The Forest, 48 foizi esa Palworld o’ynagan. Bundan tashqari, qaroqchilar tematikasi Sea of Thieves muxlislari safining deyarli 40 foizini qamrab oldi. Ochiq dunyo, baza qurilishi va to’rt o’yinchi uchun mo’ljallangan kooperativ rejimning uyg’un kombinatsiyasi ushbu global muvaffaqiyatning bosh harakatlantiruvchi kuchi bo’ldi.
Ushbu natija O’zbekistondagi GameDev industriyasi yangi bosqichga ko’tarilganini yaqqol ko’rsatmoqda. Pivot.uz avval O’zbekistonlik Doomers Entertainment studiyasining Steam’da o’z o’yinini ishga tushirgani haqida yozgan edi.

















