So‘nggi yillarda moda e-tijorat sanoati sezilarli o‘sishga erishdi. Ammo mijozlarni jalb qilish narxining oshishi va foydaning pasayishi ushbu sohada innovatsion texnologik yechimlarga ehtiyojni ko‘rsatdi. TTLK bu muammolarni hal qilishga qaratilgan startap bo‘lib, sun’iy intellekt yordamida mijozlarga o‘ziga xos uslubni kashf etish, chakana sotuvchilarga esa reklama xarajatlarini optimallashtirish imkonini beradi.
TTLK nima va u qanday ishlaydi?
TTLK – bu sun’iy intellektga asoslangan bepul platforma bo’lib, foydalanuvchilarga o’z xohishlariga ko’ra shaxsiy kiyim tavsiya qiladi. Pinterest, Instagram va Tinder xususiyatlarini birlashtirgan TTLK foydalanuvchilarga quyidagi imkoniyatlar beradi:
- Sevimli kiyim-kechaklarni tanlash va ularga ovoz berish.
- Shaxsiy kolleksiyalar yaratish.
- Chakana sotuvchilar bilan tezda bog‘lanib, tanlangan mahsulotlarni xarid qilish.
Bu qulay platforma foydalanuvchilar uchun mutlaqo bepul.
TTLK g‘oyasi
Moda e-tijorat sohasida o‘tkazilgan tadqiqotlar quyidagilarni ko‘rsatdi:
- 2019-yilda mijoz jalb qilish narxi $0.5 bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam $2.5 ga yetdi.
- Chakana foyda marjasi 44% ga kamaydi.
- Mahsulotlar narxi 21,4 foizga oshdi.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining 70% mahsulotlarni ko‘rib chiqsa-da, sotib ololmasdan qoladi, bu esa $45 milliard potensial daromad yo‘qotilishiga olib keladi. TTLK ushbu muammolarni hal qilish va iste’molchilar bilan chakana sotuvchilar o‘rtasidagi to’siqni yo‘qotish uchun yaratilgan.
Dastlabki qadamlar va qiyinchiliklar
TTLK tizimini yaratishda dastlab ma’lumotlar yetishmasligi asosiy muammo bo‘ldi. Mashina o‘qitish (ML) tizimini o‘rgatish uchun ma’lumot kerak edi, bu esa sotuvchilarni platformaga jalb qilishni talab qilardi. Shu bilan birga, sotuvchilarni jalb qilish uchun tizimning funksional va ishlashga tayyor bo‘lishi lozim edi. Shunga qaramay, jamoa hozirga kelib 20 dan ortiq sotuvchilar bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
TTLK qanday daromad oladi?
Foydalanuvchilar uchun bepul bo‘lsa-da, TTLK daromadni hamkor chakana sotuvchilardan oladi. Do‘konlar platforma orqali amalga oshirilgan har bir savdo uchun to‘lov yoki oylik obuna orqali to‘lov qiladi. Bugungi kunda Selfi va Nursace kabi taniqli brendlar TTLKning asosiy hamkorlari qatoriga kiradi.
Asosiy ko‘rsatkichlar: TTLKning hozirgi natijalari
- Kunlik faol foydalanuvchilar: 3000+
- O‘rtacha foydalanish vaqti: 37 daqiqa.
- Yalpi foyda marjasi: 68%.
TTLKning raqobatchilardan ustunligi
TTLK o‘zini ijtimoiy tarmoqlar (Google, Instagram, TikTok) va marketpleyslar (brend vebsaytlari, Ozon, Wildberries) o‘rtasidagi ko‘prik sifatida ko’rsatadi. Ijtimoiy tarmoqlar mahsulotlarni namoyish qilsa, bozorlar sotuvga e’tibor qaratadi. TTLK ikkala funksiyani birlashtirib, foydalanuvchilar uchun qulay xarid jarayonini ta’minlaydi va sotuvchilar uchun reklama xarajatlarini qisqartiradi.
TTLKning kelajak rejalari
TTLK quyidagi strategiyalarni amalga oshirishni rejalashtirgan:
- Influenserlar bilan hamkorlik: Blogerlar orqali mahsulotlarni ommalashtirish.
- Kunlik ulashuvni rag‘batlantirish: Foydalanuvchilarning platformada faol bo‘lishini ta’minlash.
- Individual tavsiyalar berish: Har bir foydalanuvchining ehtiyojlariga moslashtirilgan tavsiyalar berish.
TTLK jamoasi
TTLK jamoasi ko‘plab muvaffaqiyatli startaplarni ishga tushirgan tajribali mutaxassislardan iborat:
- Akbarov Asilbek (CEO): Biznes operatsiyalarini nazorat qiladi.
- Maxkamjonxojizoda Nurislombek (CPO): Mahsulot ishlab chiqishga e’tibor qaratadi.
- Qosimov Temur (CTO): Texnologik rivojlanishni boshqaradi.
Startup qilmoqchi bo’lganlarga tavsiyalar
TTLK asoschisi Asilbekning ta’kidlashicha, har qanday startapni ishga tushirishdan oldin bozorni puxta o‘rganish muhim. Talab bo‘lmagan bozorda hatto eng yaxshi mahsulot ham muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin.
TTLK: Moda texnologiyasining kelajagi
TTLK – moda sanoatini zamonaviy texnologiyalar yordamida tubdan o‘zgartirayotgan startap. Bu mijozlar uchun qulay xarid jarayonini ta’minlab, sotuvchilarga marketing strategiyasini optimallashtirishda ko‘mak beradi va moda e-tijoratida yuqori standartlarni belgilaydi. Ushbu innovatsion startap President Tech Award tanlovida birinchi o’rinni qo’lga kiritib, 100 000 AQSh dollari miqdoridagi mukofotga ega bo’ldi va moda texnologiyalarining yetakchi startapiga aylandi.
Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish